Atrof - muhit muhofazasi – hammaning ishi
Yurtimizga bahor kirib keldi. Tumanimizning har bir qarich yerini obod etish, koʻkalamzor bogʻ-boʻstonga aylantirishdek xayrli ish bugun eng qizgʻin pallaga kirdi.
Xoʻsh, tumanimizdagi ovullar hududidagi suv yoʻllarini tozalash, ularning muhofaza hududlarini obodonlashtirish, tomorqa xoʻjaliklarida ertagi ekin turlarini ekish, dov-daraxtlarga shakl berish ishlari qanday olib borilmoqda? Tuproq ekologiyasini, atrof-muhit muhofazasini yaxshilashga eʼtibor qay darajada?
Quyida Doʻrman, Xolimbeg hamda Qilichboy ovullarida bu borada qanday ishlar olib borilayotganligi bilan tanishamiz. Demak, bizning suhbatdoshlarimiz OFY raislari.
Sh.Samanlarov, Qilichboy OFY raisi:
- Ovulimizda obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari fevral oyidanoq boshlab yuborildi. Suv yoʻllarining muhofaza hududini yanada boyitish maqsadida, toʻrongʻil, jiyda, jigildak kabi tabiiy ravishda oʻsib, koʻpayuvchi manzarali daraxtlarning kesilishiga yoʻl qoʻyilmayapti. Hududda tomorqa yerlardan samarali foydalanishga katta eʼtibor qaratilgan boʻlib, yoʻlaklarning tomorqa yerlariga qoʻshib yuborilishiga chek qoʻyildi. Obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish boʻyicha 2014-yilda 6000 dan ortiq manzarali, mevali daraxtlar hamda gul koʻchatlari ekilgan boʻlsa, 2015-yilda 6500 tup turli xil koʻchatlar ekish rejalashtirildi. Ayni kunda koʻchat ekish ishlari qizgʻin pallaga kirdi.
Hududda daydi itlarga qarshi kurashish va xonadonlardagi itlarni vaqtida emlash, hujjatlashtirish boʻyicha DSENM xodimlari bilan, obodonlashtirish boshqarmasi va OFY masʼullari hamkorlikda ish olib borishmoqda. Bundan tashqari, aholi tomorqa yerlaridan unumli foydalanishiga alohida ahamiyat beriladi. Tomorqa yerlaridan foydalanish imkoniyati boʻlmagan, oʻzgalar yordamiga muhtoj fuqarolarga homiylar biriktirilib, hududdagi taʼlim muassasalari oʻquvchilari yaqindan yordam koʻrsatmoqdalar. Ovulimizda ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼ-minlash maqsadida hududda joylashgan chegara qoʻshinlari harbiy qismi profilaktika nozirlari, "Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi rahbari, DSENM, QVP hamda korxona, tashkilot-muassasalar xodimlari bilan hamkorlikda ish olib bormoqdamiz. Yigʻin hududida 2 ta axlat tashlash joyi tashkil qilingan. Yigʻilgan axlatni aholi punktlaridan uzoqqa chiqarib tashlash uchun Qilichboy MMTP tomonidan transport vositasi ajratilganligi ovul hududining yanada shinam va toza boʻlishini taʼminlamoqda.
M.Xolmurodov, Xolimbeg OFY raisi:
- Bizning Xolimbeg ovulimiz qardosh Turkmaniston Respublikasi bilan chegara hududda joylashgan. Tumanimizdagi boshqa tashkilotlar bilan juda koʻp masalalarda ijtimoiy sheriklik tamoyillariga asosan hamkorlik qilamiz. Ayniqsa, hududimizni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, suv yoʻllarining muhofaza hududini toza saqlash, ovul koʻchalarini zamonaviy meʼmorchilik qoidalariga asoslangan holda tartibga keltirish borasidagi ishlarni amalga oshirishda hududimizdagi umumtaʼlim maktablari, QVP hamda tuman DSENM xodimlari bilan hamkorligimiz yaxshi natijalar bermoqda. Xususan, oʻtgan yil davomidagi ijtimoiy sheriklik asosida 7-marta turli xil yoʻnalishlar boʻyicha reydlar oʻtkazdik. Ana shu reydlar jarayonida hududda tuproq ekologiyasining buzilishi, suv yoʻllari muhofaza hududlarining ifloslanishiga, shuningdek, tabiiy ravishda oʻsib, koʻpayuvchi toʻrongʻil, jigildak, qoramon kabi daraxtlarning noqonuniy kesilishiga keskin chek qoʻyildi.
Xolimbegliklar nihoyatda mehnatkash, fidoyi, ishning koʻzini biladigan xalq. Shu bois, oʻz tomorqasi, ovul koʻchalarini koʻkalamzor hududga aylantirish maqsadida har yilgi koʻchat ekish mavsumini uyushqoqlik bilan oʻtkazishadi. Oʻtgan yil bahorda ekilgan 15 ming 200 dona daraxt qalamchalari, 5400 tup mevali, 10600 tup manzarali daraxt hamda 1003 tup gul koʻchatlarining 95 foizi unib-oʻsib, tuproqqa ildiz otganining oʻzi ovulimiz ahlining bogʻ-rogʻ yaratishga qanchalik ixlos bilan yondashishidan yaqqol dalolatdir.
Har yili bahorda 35 km. uzunlikdagi ariqlar fuqarolar tomonidan hashar yoʻli bilan tozalanadi. 12-13 ming tup daraxtlarga shakl berilib, ovul hududida axlatlar toʻplanib qolishiga umuman yoʻl qoʻyilmaydi. Ayni shu kunlarda ovul hududini obodonlashtirish ishlari yanada qizgʻin pallaga kirgan.
Murod Qurbonboyev, Doʻrman OFY raisi:
- Xalqimizda bir ibratli ibora bor: "tugʻilgan yering – oltin koshonang”, -deyishadi. Haqiqatan ham biz ostona hatlab uyimizdan, tugʻilgan yerimizdan salgina olis ketsak, oʻzimizni juda gʻarib his etamiz. Ovulimizni bir kundayoq sogʻinib qolamiz. Shu bois, yuragimizdagi tugʻilgan yerga boʻlgan muhabbatimizni oʻzimizning yaxshi ishlarimiz bilan ifoda etgimiz keladi.
Bizning ovulimiz bir tomondan qardosh Turkmaniston Respublikasi, bir tomondan Xorazm viloyati bilan chegaradosh. Oʻzaro totuv va ahillikda yashayotgan doʻrmanliklar uchun bogʻ yaratish bobomeros odat. Har bir xonadonning oʻz tomorqa yeri bor, shu yerning bir qismi esa serhosil bogʻ.
Soʻnggi yillarda Doʻrman ovuli yanada goʻzallashdi. Sababi, ovul hududidagi suv yoʻllari qayta qazilib, qirgʻoq boʻylari obodonlashtirildi. Aholi yashash joylariga yaqin joydagi suv yoʻllarining muhofaza hududlaridagi dov-daraxtlarga shakl berilib, shu yilning 14-15-mart kunlari boʻlib oʻtgan umumxalq hasharida barcha daraxt tuplari ohaklandi. Daraxtlarga bunday ishlov berish har xil zararkunanda hasharotlarning urchishiga chek qoʻyadi. Ayniqsa, aholi tomorqasidan chiqadigan xazonlar, har xil chiqindilar aralash nombor oʻgʻit qilingani, tomorqalar hosildorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Hududdagi katta-kichik suv yoʻllarining qirgʻoqlarini yemirilishdan saqlash maqsadida 15 joyga maxsus buramali koʻtarma boʻgat (shandor)lar oʻrnatildi. Bu esa aholining tomorqa xoʻjaligi yerlarini sugʻorishdagi muammolarga barham berdi. Aholi hisobidagi 10,3 gektar yerdagi tomorqa yerlaridan unumli foydalanish xalqimiz turmush tarzining yanada yaxshilanishiga imkon yaratmoqda. Chunki bizning doʻrmanliklar bogʻdorchilik, poliz va sabzavot mahsulotlarini, don-dunni oʻz tomorqalarida yetishtiradilar, oʻzlaridan ortganini bozorlarga olib chiqadilar. Shu bois, ovul ahlining turmush farovonligi yil sayin yuksalib bormoqda.
Shu kungacha 37800 tup turli xil mevali va manzarali daraxt hamda gul koʻchatlari ekilib, parvarishi boshlab yuborildi. Ovul ahli uchun xonadonlardan chiqadigan axlatni zararsizlantirib, foydali nombor oʻgʻitga aylantirish, maishiy chiqindilarni olib tashlash aslo muammo tugʻdirmaydi. 2 joyda maxsus axlat tashlash joyi qurilib, yigʻilgan maishiy chiqindilar oʻz vaqtida olib tashlanmoqda.
Hududda tuman Veterinariya boʻlimi, DSENM hamda obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda olib borilgan ekologik nazorat tadbirlari ham oʻz samarasini bermoqda. Daydi itlar yoʻqotilib, xonadonlardagi chorva mollari, parranda va asralgan itlar oʻz vaqtida emlanib, xavfsizlik choralari koʻrildi. Bu esa ovul hududida sogʻlom turmush tarzini qaror toptirishda muhim omil boʻlmoqda.
Suhbatni jurnalist Robiya Yoʻldosheva yozib oldi.
(Foto - http://www.fikr.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶