Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishda yangi bosqich
Mamlakatimizda bozor iqtisodiyotini rivojlantirish bilan bir qatorda, fuqarolarning isteʼmolchi sifatidagi huquqlarini himoya qilish ham davlat siyosatida ustuvor yoʻnalishga aylanmoqda. Bu borada soʻnggi yillarda qator islohotlar amalga oshirildi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 6-oktyabrdagi “Isteʼmolchilar huquqlarini samarali himoya qilishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–296-sonli qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 22-oktyabrdagi 667-sonli qarori sohada yangi bosqichni boshlab berdi.
Qarorlarga muvofiq, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi hamda nodavlat notijorat tashkilotlari oʻrtasida yangicha hamkorlik tizimi yoʻlga qoʻyilmoqda. Bu orqali jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, aholining huquqiy xabardorligini oshirish va bozor munosabatlarida shaffoflikni taʼminlash koʻzda tutilgan.
Eng muhim yangiliklardan biri — 2025-yil 1-dekabrdan “Isteʼmolchi murojaati” axborot tizimining ishga tushirilishi hisoblanadi. Bu tizim orqali isteʼmolchilarning barcha murojaatlari yagona tarzda qayd etiladi va har bir bosqichda monitoring qilib boriladi. Shuningdek, tadbirkorlar murojaatlarni avval oʻzi hal etish imkoniyatiga ega boʻladi, muammo yechilmagan taqdirda esa masala Qoʻmita yoki nodavlat tuzilmalar tomonidan koʻrib chiqiladi.
Bundan tashqari, tajriba tariqasida “sirli mijoz” va nazorat xaridi tadbirlari joriy etiladi. Bu usul orqali bozorda sotilayotgan mahsulot va xizmatlar sifati yuzasidan haqqoniy maʼlumotlar yigʻiladi. Nodavlat tashkilotlar bu tadbirlarda davlat ijtimoiy buyurtmalari asosida ishtirok etib, oʻz xodimlarini maxsus sertifikat bilan tayyorlaydi.
Mazkur islohotlar fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish, tadbirkorlikda adolat va halol raqobatni taʼminlash yoʻlida muhim qadam boʻlib xizmat qiladi.
Shu oʻrinda fuqarolarga murojaat qilamizki, tovar, ish va xizmatlarga buyurtma berganingizda isteʼmolchi sifatidagi qonuniy huquqlaringiz buzilsa, Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining qisqa raqamli 1091 ishonch telefoni yoki Telegramdagi @PotrebitelUz_bot manzili orqali murojaat qoldirishingiz mumkin.
Ikrom XUDAYaROV, Amudaryo tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati raisi

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶