MULKI JANNAT YoNINGDA SENING
Onalar koʻnglini shod etmoq ham ibodatdir.
(Hadisdan)
Dunyo kezib yurgan dunyodor oʻgʻil,
Koʻzlaringni ochgil, atrofingga boq.
Mehribon onangga birrov qaragil,
Koʻrdingmi, sochiga oralabdi oq.
Yuzida ajinlar qabatma-qabat,
Choʻkib borayotir kun oʻtgan sayin.
Bilsang, bir soʻzingdan topib farogʻat,
Hattoki, yasharib ketmogʻi tayin.
Opa-singillaring izi qolgan yoʻl,
Xotirang koʻshkidan ketdimi oʻchib,
Axir jigarbandlik vodiysida choʻl –
Mehr daydib yurar sahroni kechib.
Ey oʻgʻil, qadam qoʻy, oʻshal choʻl tomon,
Qadaming bahordan boʻlsin bir darak.
Choʻllagan vodiy ham gullab shu zamon,
Jigar mehri bilan yashasin yurak.
Ey oʻgʻil, zimmangga ogʻir yuk solma,
Oʻtli satrlarni shoirlarga qoʻy.
Mayli, zargarlardan siym-u zar olma,
Sen faqat onangning mehriga bir toʻy!
Bu qanday moʻʼjiza, bu qandayin sir,
Ruhi-joning aro tengsiz halovat?
Seni ogʻushiga olguvchi bagʻir –
Onang yuragini quchmish saodat.
"Onajon!” – desang gar bir bor entikib,
Ming bora evrilib kelaverar u.
Qadr-u kamolingga umrini tikib,
Oʻzni fido aylab oʻtaverar u.
Sening borliging-chun yashaydi yashnab,
Shudir baxti uning, shudir matlabi.
Poyi qadamingga nurlarin toʻshab,
Mangu porlab turar mehr oftobi.
O mehr oftobi! Mehr ummoni!
Har zarra nuridan koʻngil charogʻon.
Oʻshal ummon asrar balki jahonni,
Shul oftob bor uchun millatlar omon.
Ming tilda jaranglar Ona degan soʻz,
Va lekin har dilda birday mukarram.
Shunchalar oddiy soʻz, eng hokisor soʻz –
Barcha ulugʻlardan ulugʻ, muhtaram.
"Oydan-da suluv, - deb, - kundan-da suluv”,
Munosib soʻz izlar ahli shuaro.
Vasfini topolmay ming bitta yozuv –
Soʻzlar gʻaznasida qalam ovora.
Zoti Ayol uchun bir soʻz kifoya,
"Azizam!”, desang gar koʻngili osmon.
Dilda muhabbati topmas nihoya,
Oʻshal tuygʻu bilan dunyo navqiron.
Ey oʻgʻil, kel endi, dunyolarni qoʻy,
Mulki jannat axir yoningda sening.
Ul Ona, rafiqa, singil – mohiroʻy –
Alloh bergan ulugʻ dunyoying sening!
Robiya YOʻLDOShEVA.
(Foto - http://uza.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶