YeRGA URUGʻ QADALDI
Mustaqilligimizning 25-yilligi nishonlanadigan mazkur yilda tumanimizdagi 507 fermer xoʻjaligida 15950 gektar maydonga chigit ekilishi rejalashtirilmoqda. Bu mavsumni uyushqoqlik bilan oʻtkazish maqsadida 60 ta chigit ekish otryadlari tashkil etildi. Shu kungacha ekish mavsumida ishlatiladigan 1048 tonna urugʻlik chigit toʻliq dorilanib, shoxobchalarga yetkazib berildi.

Ekish ishlarida foydalaniladigan traktorlar va boshqa mexanizmlar chigit ekish otryadlariga biriktirildi. Shuningdek, chigit ekish ishlarida ishtirok etadigan mexanizatorlar va ishchilarga ish haqlarining oʻz vaqtida berilishini taʼminlash choralari koʻrib qoʻyildi.
Shu yilning 14-mart kuni tumanimizning "Oq oltin” ovulidagi Ikrom Davlatyorov rahbarlik qilayotgan "Nazokat Shokir” fermer xoʻjaligida bu yilgi chigit ekish mavsumi oldidan koʻrgazmali seminar oʻtkazilib, unda barcha fermer xoʻjaliklari raislari, fermerlarga xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar va korxonalar rahbarlari ishtirok etdilar.
Koʻrgazmali seminarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi M.Yerniyazov soʻzga chiqib, bu yilgi ekish mavsumida ishlarni toʻgʻri tashkil etish vazifalariga, tuman fermerlari va soha mutaxassislari tomonidan amalga oshiriladigan ishlarga keng toʻxtaldi va ekish ishlarini qisqa vaqt ichida sifatli yakunlash yuzasidan oʻz maslahatlarini berdi.
Shuningdek, ushbu tadbirda xizmat koʻrsatuvchi va taʼminotchi korxonalar rahbarlari hamda fermerlar soʻzga chiqishib, chigit ekishni oʻz muddatida sifatli oʻtkazish yuzasidan fikr va mulohazalarini bildirdilar.
Shu kuni keksa otaxonlar duolari olinib, 5 gektar maydonga chigit ekildi.
Koʻrgazmali seminar ishida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi B.Yangiboyev ishtirok etdi.
M.ShOMURODOV.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶