QADRI BALAND, QADDI BALAND OʻZBEK DEHQONI
OʻTMIShGA BIR NAZAR
1989-yilning 17-avgustida I.Karimov boshchiligida oʻtkazilgan respublika hukumati yigʻilishida oʻsha paytdagi murakkab va ogʻir vaziyat hisobga olinib, yurtimiz aholisiga tomorqa va yer uchastkalari ajratish masalasi muhokama qilindi.
Respublikamiz rahbari oʻsha vaqtda nega aynan tomorqa masalasiga eʼtibor qaratdi? Oʻsha vaqtdagi mamlakatimiz, xususan, qishloqlardagi nochor turmush sharoitini oʻnglashning eng maqbul yoʻli shu edi. Chunki sobiq ittifoq davrida Oʻzbekiston ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jihatidan shoʻro respublikalari orasida oxirgi oʻrinlardan birida turardi. Misol tariqasida aytadigan boʻlsak, 1990-yilda aholi isteʼmoli uchun zarur boʻlgan gʻallaning 82 foizi, goʻsht va goʻsht mahsulotlarining 50 foizi, sut va sut mahsulotlarining 60 foizga yaqini, kartoshkaning 50 foizi chetdan keltirilardi. Respublikamizda oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish borasida mavjud boʻlgan imkoniyatlarga qaramay, oʻsha paytda mamlakatimiz bozorida import qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlarining ulushi 70 foizdan ortiqni tashkil etar edi.
Oʻsha vaqtda Oʻzbekiston sobiq ittifoqni paxta bilan taʼminlaydigan xomashyo bazasiga aylandi, ekin maydonlarining deyarli barchasiga faqat paxta ekilar, yetishtirilgan hosilning 8-10 foizigina oʻzimizda qayta ishlanar, qolgan qismi boshqa davlatlarda qayta ishlanib, foydani, yaʼni dehqonning zahmatli mehnatining rohatini ota-bobolarimiz taʼbiri bilan aytganda, oʻroqda yoʻq, mashoqda yoʻq, xirmonda hozir boʻlganlar koʻrar edi. Paxta yakkahokimligi shu darajaga yetdiki, barcha kuch va imkoniyatlar yil sayin xirmon salmogʻini oshirishga qaratildi. Paxta qadr-qimmati (arzimagan pulga sotilsa-da) inson qadr-qimmatidan ham yuqorilab ketdi. Bir sotix yerdagi paxtani suv bosib ketsa-da, suvchi jinoiy javobgarlikka tortildi, yetti yoshdan yetmish yoshgacha paxta terimiga jalb etildi. Hatto qishloqda yashab paxta ekilgan maydondan ulush, gektar olmagan ishchi-xizmatchilar, ziyolilar oilalariga doʻkonlarda un-moy kabi oziq-ovqat mahsulotlari sotilmagan hollar ham boʻldi.
Bunga qarshi chiqqanlar ayovsiz tahqirlarga duchor etilib, tili qirqildi. Zamin... zabonsiz ona zaminimiz esa... beshafqat ishlatilgani bois, tobora kuchsizlanib boraverdi, madori qurib boraverdi. Buning ustiga yangi yerlarni oʻzlashtirish, paxta ekiladigan yerlarni kengaytirish va unumdorligi pasayib ketgan maydonlarda koʻzlanganiday hosilni undirish – dehqonlardan juda ogʻir mehnatni talab qilar, tongdan shomgacha dalada ishlashiga toʻgʻri kelar, oilasi, farzandlari tarbiyasiga, tomorqasiga vaqt ajratishga majoli qolmasdi. Tomorqasi ekilmay qolib, sabzavotlarni, poliz mahsulotlarini sotib olishga majbur boʻlardi.
Oʻshanda adashmasam, 1970-71 yillar, men yo uchinchi, yo toʻrtinchi sinf oʻquvchisi edim. Oʻzim tugʻilib oʻsgan sobiq "Kommunizm” kolxozi dalalariga aprel oyi oxirlarida maktabdan chiqqach, opalarim bilan qatqaloq yumshatgani chiqardim. Rahmatlik Sobir aka Yoʻldoshev degan brigadirimiz juda yerning tilini tushunadigan, omilkor dehqon odam edi.
Oʻsha kuni "Momoqchoʻmgan” deb ataladigan partov dalaga chiqqandik. Brigada boshligʻi va tabelchi dala boshida. Raykom, obkomdan odam keladi, gʻayrat solib ishlanglar, deyishdi ular odamlarga. Endi joʻyakka tushib, besh olti metr ichkarilagan edik, aytilgan odamlar shekilli, mashinada uch-toʻrt kishi kelib, dalani oralab koʻrdi.
Shunda birovi:
– Odamlaring daladan chiqsin, buzib, qayta ekasan, ertagacha ekib boʻlasan, - dedi Sobir akaga.
Sobir aka pinagini buzmay:
- Yoshulli, bu yer partov, chagalang, qatqalogʻini yumshatib, kultivatsiya qilib yuborsak, rayonning oldi paxtasi boʻladi, - dedi.
Haligi kishi ovozining boricha.
- Eyy, durak, buzasan, qayta ekasan dedimmi, aytganimni qilasan, - dedi Sobir akaning peshonasiga barmogʻi bilan turtib.
- Aytdim-ku bu dalada rayonning eng zoʻr paxtasi yetiladi hali. Agar soʻzimning ustidan chiqolmasam, mayli yoshulli, meni shu yerga tiriklay koʻming, gʻing demayman, – tap tortmadi Sobir aka. Va buning uchun yaxshigina "mukofot” ham oldi.
Ehtimol, bu voqea oʻsha paytda dalada boʻlganlarning koʻpchiligining esidadir, ehtimol... yoʻq. Biroq oʻsha vaqtlarda chindan-da paxta odamdan aziz sanalganini, paxta deb koʻnglining qavarganlarini, kecha-yu kunduz ne bir uqubatlar koʻrganini esidan chiqarmasa kerak. Paxta qurti uchun yo paxtaning yaprogʻini quritish uchun dori sepilayotgan dalada ishlaganlari, dori aralashmasi xuddi yomgʻirday hamma yogʻini hoʻl qilganiga eʼtibor bermay paxta terganini, kechagi kungidan sal kam paxta tersa, oy yorugʻida dalaga kirib yana paxta terishga majbur boʻlganini menimcha hech kim unutmaydi, bu kunlar dalalarda onasi etagiga osilib yurib ulgʻaygan bolalar koʻz oʻngidan oʻchmaydi.
Tumanimizning "Uyshin” mahallasida yuz yoshdan oshgan onaxon - Davlat momo Xudoyberganova yashaydi. Ikkinchi jahon urushi yillarida onaxonning biri besh, biri uch yashar oʻgʻillari kuzakda, paxta terim qistov vaqtida ichburugʻ boʻlib, ogʻir ahvolda yotganida ham unga terimga chiq, davlatga bola emas paxta kerak, deb dagʻdagʻa qilishgan. Onaxon noiloj dalaga ketgan, kechqurun qaytganida ikki bolasi ham nobud boʻlgan ekan.
- Oʻsha kungi ahvolimni soʻz bilan ado etolmayman – deydi onaxon maʼyus tortib. – Ikki oʻlik bolani ikki qoʻlim bilan bagʻrimga bosib, paxtangga oʻt tushib ketsin, deb baqiraveribman. Keyin nima boʻlganini oʻzim ham bilmayman. Ertasiga raisning oldiga borib, paxta teradigan etagimni yuziga otdim.
- Endi oʻldirsang ham, tiriklay koʻmsang ham paxtaga chiqmayman. Hukumatga paxta kerak boʻlsa, menga bola kerak, men onaman, - dedim-da chiqib ketdim.
Sobiq ittifoq hukmronligi yillarida xalqimiz kechirgan ogʻir kunlaridan, chekkan azob-uqubatlaridan bular bir lavha, xolos.
Shular haqida oʻylaganimizda xotiralar soʻngida koʻngillarimiz yorishib, faxrga toʻlib, shukrona bilan aytadigan, hayotimizni, turmush tarzimizni butunlay oʻzgartirib yuborgan bir qutlugʻ kalom tilimizga keladi: MUSTAQILLIK!
MUSTAQILLIK ShAROFATI
Ha, mustaqillik tufayli ekologik halokat yoqasiga kelib qolgan oʻzbek zaminida dehqon yerning haqiqiy egasiga aylandi, yerni toʻyintirdi, yer esa dehqondan sahovatini ayamadi. Agrar sohani isloh qilish, modernizatsiyalash, qishloq xoʻjaligiga yangi, zamonaviy tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish boʻyicha olib borilgan tizimli ishlar, fermerlikni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish, qishloq joylarda mulkdorlar sinfini shakllantirish borasidagi siyosat natijasida biz uchun mutlaqo yangi boʻlgan, yuqori texnologiyalarga asoslangan oziq-ovqat va toʻqimachilik sanoati rivojlandi, don ekiladigan, poliz mahsulotlari va sabzavot ekiladigan maydonlar kengaytirildi. Aholiga qoʻshimcha tomorqa yerlar ajratilgani har bir oilada oʻz ehtiyojlariga yarasha mahsulot yetishtirish, hatto ortiqchasini bozorlarda sotib, daromad olish imkonini yaratdi.
Istiqlol yillaridagi tarixan qisqa davrda mamlakatimiz aholining oziq-ovqat tovarlariga boʻlgan ehtiyojining deyarli barchasini taʼminlash darajasiga yetdi, katta miqdorda eksport qilish salohiyatiga ega boʻldi.
Bugungi kunda Oʻzbekiston gʻalla eksport qiluvchi sanoqli mamlakatlar qatoriga kiradi, 180 turdan ortiq meva-sabzavot va ulardan qayta ishlash asosida tayyorlangan mahsulotlarni dunyoning 80 dan ortiq davlatiga eksport qilmoqda.
Bu ulugʻvor yutuqlar zamirida sohada amalga oshirilgan islohotlar, yer unumdorligini oshirishga ulkan eʼtibor qaratilgani va eng muhimi, dehqonlar mehnatining qadrlanayotgani, dehqon yerning haqiqiy egasiga aylangani muhim oʻrin tutadi.
Ha, bugun oʻzbek dehqoni zamonaviy ilm-fan yutuqlaridan foydalangan va tajribalariga tayangan holda oʻz yeriga qanday ekinni, qachon ekishni oʻzi belgilaydi, yuqoridan buyruqlar berilmaydi.
Eng muhimi, ularning mehnati munosib bahosini oladi, yuqori hosil yetishtirishdan manfaatdor.
IFTIXOR
Agar mamlakatimizning, tumanimizning olis qishloqlarini kezsangiz, aholining shahardagidan kam boʻlmagan qulay sharoitlarda, obod va farovon yashayotganining guvohi boʻlasiz. Yangidan qurilib, ishga tushirilayotgan infratuzilma obʼektlari, namunali loyihalar asosida qurilayotgan uy-joylar, koʻrkam va orasta koʻchalar kishining havasini keltiradi. Bu dehqon oʻz mehnatining foydasini, demakki, rohatini oʻzi, eldoshlari bilan birga baham koʻrayotganidan nishona emasmi? Toʻgʻri, bugungi kunda ham paxta – milliy boyligimiz, asosiy ekinimiz. Biroq uni yetishtirishga, yetishtiruvchiga munosabat tubdan oʻzgardi.
Keyingi uch yilga tumanimiz miqyosida nazar olsak, tumanimiz hokimi R.Yoʻldoshevning "Mehnat shuhrati” ordeni, "Amirxon” fermer xoʻjaligi va "Qilichboy” MMTP raisi Otaxon Qurboniyozovning "Shuhrat” medali bilan, tuman qishloq suv xoʻjaligi boʻlimi boshligʻi Anvar Yoʻldoshevning "Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan paxtakor”, Gulsaur Nagʻmetovaning "Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan pillakor” unvonlari bilan mukofotlangani ham davlatimizning soha xodimlari mehnatiga yuksak eʼtibori va eʼtirofidan darak beradi.
Shuningdek, fermer xoʻjaliklari rahbarlarini yuqori hosil yetishtirishga ragʻbatlantirish maqsadida paxta hosildorligini gektariga 40 tsentner va undan oshirgan fermerlarga mamlakatimizda ishlab chiqarilgan avtomashinalardan istalgan birini navbatsiz olish huquqi berildi. Shu kungacha 13 nafar fermerga mazkur imtiyozdan foydalanish imkoniyati berildi.
- Avval ham mashinam bor edi, biroq uni necha yillar butun oilamiz bilan yigʻib-gʻamlanib olganmiz. Mana bu "Lasetti”ni esa bir yilgi xoʻjaligimiz dalalarida yuqori hosil yetishtirishga erishganimiz uchun navbatsiz, xoʻjaligimiz daromadi hisobiga oldik. Yangi rusumda yo qimmatbaho boʻlgani uchun emas, mehnatimga kelgani uchun shu mashinani yaxshi koʻraman, - degandi bundan uch yil oldin "Yoʻldosh Oʻrozboyev” MMTP raisi Ulugʻbek Oʻrozboyev oppoq mashinaga suyanib turib, faxr bilan.
Soha xodimlari mehnatini yana ham ragʻbatlantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi joriy yil uchun ham chora-tadbirlar ishlab chiqdi. Unga koʻra, ajratilgan maydonlardan 45 tsentnerdan paxta yetishtirishga erishilganida 1 jamlanma tilla taqinchoq;
40-45 tsentnerdan hosil olinganda 2 kamerali muzlatkich yoki rangli televizor;
35-40 tsentnerdan hosil olinganda changyutgich, gilam, oshxona kombayni kabi 3 ta qimmatbaho sovgʻa beriladi.
Shuningdek, umumiy hosildorlik 35 tsentner boʻlganda mexanizatorga 2 mln., har bir suvchiga 1 mln. soʻmdan pul mukofoti va Xiva, Buxoro, Samarqand shaharlariga 3 kunlik bepul sayohat tashkil qilinadi.
Bu xabarni oʻqib faxrdan entikib ketdim. Yoʻq, gap mukofotda emas, pulda emas, qolaversa, men bugun butunlay boshqa soha odamiman. Mening quvonib, entikkanim dehqonchilik mashaqqatini bilganimdan, dehqonning halovat bilmay qiladigan mehnati qadrlanayotganidan.
Yer dehqonni bejiz siylamaydi. Yurtboshimiz I.Karimovning "Dehqonning har bir kuni qahramonlik” degan soʻzlarida juda teran maʼno bor, dehqon mehnatining haqqoniy bahosi bor.
Ayni kunda tumanimiz qishloqlarini kezsangiz, poyonsiz, bir-biriga tutashgan paxta dalalaridagi yashil qatorlar hosil qilib turgan gʻoʻza nihollari, boshoqlari durkun boʻlib yetilgan bugʻdoyzorlar, mevasidan shoxlari larzon bogʻlar, ilk hosilini bera boshlagan tomorqalarga qarab, bularning bari ertangi kungi farovonligimiz, taraqqiyotimiz asosi ekanligidan quvonib ketadi odam. Va beixtiyor xayolingga shunday savol keladi: "Dehqon kecha kim edi-yu bugun kim boʻldi?” Javobi esa aniq: Kecha birovlar uchun ogʻir mehnatlarga jalb qilingan, ezilgan xalq edi, bugun esa qaddi baland, qadri baland hazrati dehqon boʻldi!
Oygul RAJABOVA.
(Foto - http://www.ut.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶