MAXALLA – QADRIYaTLAR MASKANI
Mahalla! Bu soʻzni men "Ota”, "Ona” soʻzlaridan keyin ikkinchi oʻrinda turadigan sehrli soʻz degim keladi. Maʼlumki, biz oilada tugʻilamiz, nafaqat oila, balki mahalla-koʻy tarbiyasini olamiz.
Oʻzbeklarda mahallachilik qadimdan bor. Urf-odat, anʼana, qadriyat borki, mahallada tugʻiladi, mahallada sayqal topadi. Mahallada abadiy qoladi. Chunki mahalla boʻlgani uchungina bu tushunchalarga oʻrin bor, mahalla boʻlsagina bular qoʻllanilib kelinadi. Mening fikrimcha, barcha ezgu oʻyli, ezgu amalli, birovdan yaxshiligini ayamaydigan, Vatanni jonidan ortiq sevib, unga munosib farzand boʻlib, uning kamolotiga hissasini qoʻshishga intilganlargina mahallada qoʻnim topadi. Ha, iftixor bilan aytishimiz kerakki, mahalla tuzilmasi faqat bizda, oʻzbek xalqida, oʻzbek millatida, Oʻzbekistonda bor. Bu bilan esa faxrlanmaslikning iloji yoʻq.
Mahallaning koʻhna tarixga egaligiga asosiy guvoh bu – ota-bobolarimizning oʻgitlari, hikmatlari va maqollaridir. Mahalla haqida bejizga bunday hikmatlar yaralmagan. Hammasining oʻz isboti bor, hammasi amalda sinalgan.
"Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” hikmatli iborasi zamirida qancha-qancha sir-sinoat, jumboq yashirin. Nega? Nega endi ikki qoʻshni emas, yetti qoʻshni emas. Boringki, butun boshli bir mahalla emas, naq yettita mahalla ota-ona? U mahallaning bu mahalla farzandi bilan nima ishi bor? Uning tarbiyasi unga nimaga kerak? Oʻzining ota-onasi, oʻzining mahallasi bor-ku? Nima qiladi boshini ogʻritib? Oʻzlari tarbiya qilib olaversin?!
Yoʻ-oʻ-q! Oʻzbek bunday qilolmaydi, farzandning notoʻgʻri tarbiyasiga befarq qarab turolmaydi, koʻzini yumib ketolmaydi. Chunki u – oʻzbek!
Bu mahalla boʻlsin, u mahalla boʻlsin, baribir bir oila, bir mahalla! Bir-biriga tutash, bir-biridan ajralolmaydi. Bir-biriga befarq qarab turolmaydi. Bunga ham sababchilar - oʻzbek!
Mayli, bu bir maqol deylik. Lekin oʻzbekning andishasi-chi? Andisha mahallaga borib taqalmaydimi? Chunki mahallada andisha kuchli. Har bir oʻzbek nomaʼqul ish qilib qoʻyishdan, mahalla oldida sharmisor boʻlishdan qoʻrqadi. Chunki mahalla – koʻpchilikning nafrati yaxshilikka olib kelmaydi.
Mahallani ham Vatan deb bilish, unga sodiq boʻlish, uning rivojiga hissa qoʻshish, ozodaligini saqlash, mahalla uchun jon kuydirish, odamlari bilan ahil-totuv yashash, milliylikni yanada yuksaltirishga intilish ham har bir OʻZBEKning milliy burchidir. Chunki mahalla kelajagi – har birimizning kelajagimizdir.
Azizaxon MALIKOVA,
Amudaryo qishloq xoʻjalik kasb-hunar kolleji oʻquvchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶