USTOZLARIMGA MEHRIM
Ilk bor sheʼriyat olamiga qadam bosmoqchi boʻlgan insonga dalda boʻluvchi bir inson kerak boʻlar ekan. Menga shunday dalda boʻlgan aziz ustozim Saparboeva Lolagul opa boʻladi. Lolagul opa oʻzi taʼlim olgan maktabda oʻqituvchi boʻlishni orzu qilar ekan. Shu boisdan ustozim 1981-yilda Toshkent Davlat chet tillari pedagogika institutiga oʻqishga kirgan va uni 1986-yilda muvaffaqiyatli tugatgan.Ustozim hozirda "Qizilcholi” mahallasidagi 9-sonli umumtaʼlim maktabining nemis tili fani oʻqituvchisi. Jonkuyar va matonatli ustozim bilan har qancha faxrlansam arziydi. "Maktabda taʼlim-tarbiya berib, yosh avlodni voyaga etkazganimning oʻzi bir baxt” deydi, ustozim quvonib. Lolagul opa shu dargohda 29-yildan beri faoliyat yuritar ekan, u yerdagi bayram va tadbirlarga dasturlar tuzadi va oʻquvchilarni tayyorlaydi. "Qizilcholi” qishlogʻining mehnatsevar xalqi Lolagul opaning ishlaridan juda xursand. Uning mehnatlarini qadrlaydilar.
Uning sobiq shogirdlari Respublikamizning turli joylarida ajoyib kasb egalari boʻlib, Vatanimiz ravnaqiga oʻz hissalarini qoʻshmoqdalar.
Maktab oʻquvchilari qatorida men ham, sheriyatning nurli yoʻlida yoʻldosh boʻlayotgan shunday ustozim borligidan faxrlanaman.
Yana bir inson haqida shunday faxrlanib ayta olaman-ki, bu insonning qalbi qaynoq, mehri ummon. Bu taʼriflarim egasi 44-sonli umumtaʼlim maktabining ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi Dilorom opa Yaxshiboeva boʻladi. Ustozim Qoraqalpoq Davlat universitetining oʻzbek tili filologiyasi fakultetini 1999-yilda tugatgan. Bu inson ham doimo biz oʻquvchilarning manfaatimizni oʻylaydi. Dilorom opa mehri qaynoq, shirinsoʻz. U tengdoshim Kenjaboeva Maftunaga ham adabiyot fanidan chuqur bilim berib kelmoqda. Bu inson ham mening sheʼriyatning nurli yoʻliga tushishimga sababchi boʻlayotgan mehribon ustozim hisoblanadi.
Qalbida zarracha gʻubori yoʻq odamgina oʻquvchilarga mehribon boʻlishi mumkin. Menga onamdayin aziz boʻlgan bu insonlardek mehribon va gʻamxoʻr kishilarni topish qiyin, albatta. Men aziz ustozlarimning yoʻlidan yurib, ularga munosib shogird boʻlishga harakat qilaman. Vatanga mehr tuygʻusini yoshlarga singdirib kelayotgan barcha-barcha oʻqituvchilarni yaqinlashib kelayotgan mustaqillik bayrami va bilimlar kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman!
Jamila YaNGIBOEVA,
"Jayxun ilhomlari” NNT qoshidagi "Yosh muxbir” toʻgaragi
aʼzosi.
(Foto - http://turkistonpress.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶