TAʼLIM MASKANLARI YaNGI OʻQUV YILIGA ShAY QILINMOQDA
Mamlakatimizda yoshlarning barkamol boʻlib voyaga yetishlari uchun katta eʼtibor qaratilmoqda. Ana shu eʼtibor tufayli taʼlim muassasalarida oʻquvchilarning bilim olishlari uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Jumladan, maktab binolari kapital taʼmirlanib, rekonstruktsiya qilinib, zarur hollarda yangidan qurilib, foydalanishga topshirilmoqda. Bu ishlarga davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan har yili yetarli miqdorda mablagʻ ajratiladi. Natijada chekka qishloqlarda ham zamon talablari darajasidagi maktablar qad rostlamoqda.
Kuyuk koʻpir ovulidagi 14-sonli umumtaʼlim maktabi binosi ham davlat investitsiya dasturi doirasida kapital rekonstruktsiya qilinib, foydalanishga topshirildi. Maktab binosini kapital rekonstruktsiya qilish ishlariga 215 million soʻmdan ortiq mablagʻ sarflandi. Natijada 120 oʻquvchi oʻringa moʻljallangan taʼlim maskani binosi zamonaviy koʻrinishga ega boʻldi.
"Arnaboʻyi” mahallasidagi 57-sonli maktabning qoʻshimcha binosi qurilishiga 461,8 million soʻmdan ortiq mablagʻ sarflandi. Natijada ilgari 100 oʻquvchi oʻringa moʻljallangan maktabda 60 oʻquvchi oʻringa moʻljallangan qoʻshimcha bino qurilishi evaziga 160 nafar oʻquvchiga taʼlim berish imkoniyati yuzaga keldi.
2016 yilning manzilli davlat dasturi doirasida tuman boʻyicha jami 10 ta taʼlim muassasasida taʼmirlash va rekonstruktsiya ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan boʻlib, bugungi kunda koʻpchilik taʼlim muassasalarida ishlar nihoyasiga yetkazildi. "Oʻrtaqalʼa” ovulidagi 13-sonli, "Tor yop” mahallasidagi 18-sonli, "Gulzor” mahallasidagi 40-sonli maktabgacha taʼlim muassasalarida kapital taʼmirlash ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. "Oq oltin” ovulidagi 7-sonli maktabda kapital taʼmirlash, shu ovuldagi 71-sonli umumtaʼlim maktabida kapital rekonstruktsiya hisobidan yangidan maktab binosini qurish ishlari sifatli amalga oshirilib, yangi oʻquv yiliga shay qilindi. "Jumurovul” mahallasidagi 48-sonli umumtaʼlim maktabi binosi kapital taʼmirlanib, foydalanishga topshirildi.
"Toʻlqin” ovulidagi 32-sonli umumtaʼlim maktabida 12x24 oʻlchamdagi barcha qulayliklarga ega zamonaviy sport zali Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi. "Toshqalʼa” mahallasidagi 34-sonli umumtaʼlim maktabida esa xuddi shu oʻlchamdagi sport zali qurilishi tugallanish arafasida.
Albatta, bu kabi eʼtibor kelgusida mamlakatimiz nomini dunyoga tanitadigan yoshlarimiz safining yanada kengayishiga zamin yaratadi.
Rahmatilla MATQURBONOV,
XTMFMTTEB mudiri oʻrinbosari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶