QATʼIYaTLI VA BILIMDON RAHBAR EDILAR
Inson tabiat qonunlari, Allohning irodasi oldida hamisha ojiz. Tumanimiz xalqi 8-sentyabr kuni oʻzining eng fidoyi, xalqparvar, qatʼiyatli farzandidan judo boʻldi. Koʻplar qatori bu judolikni qabul qilish men uchun ham ogʻir kechdi. Yevropa xalqlarida bir ibora bor: "katta shaxslar chekkada tugʻilib, markazda vafot etadi”, degan. Men Rajapbay Yoʻldashevdan rahbar shaxsi, odob-axloqi masalalarida ibrat va saboq olgan zamondosh sifatida aytamanki, u Doʻrman ovulida tugʻilib, Respublika ahamiyatiga molik katta ishlarni amalga oshirdi, el-yurt farovonligi va obodligi uchun hamisha fidoyilik qildilar.
Rajapbay Yoʻldashev xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi ijroiya qoʻmitasi raisining oʻrinbosari, qurilish ishlari boʻyicha oʻrinbosar, birinchi oʻrinbosar, keyinchalik Nukus tumani va tumanimiz ijroiya qoʻmitalari raisi lavozimlarida ishlagan paytlaridan boshlab oʻzining qatʼiyatli va samimiy doʻstona munosabati bilan har birimizning koʻnglimizdan joy olgan edilar. Rajapbay Yoʻldashev Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, Joʻqorgʻi Kenges raisining oʻrinbosari lavozimlarida ishlagan paytlarida ham, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputati sifatida siyosat maydonida ham oʻzini ayamadi. U nafaqat qatʼiyatli rahbar, balki siyosiy arbob sifatida ham tanilgan edi. 1990-yillarda u Qoraqalpogʻistonda millatlararo mojarolar yuz berishining oldini olishda faol ishtirok etdi. Fidoyilik, qatʼiyatlilik bilan ish yuritdilar. Har qanday masalaga adolat mezonlari asosida yondashdilar. Qoraqalpogʻistonning Oʻzbekiston Respublikasi tarkibidagi suveren Respublika boʻlishi uchun hissa qoʻshdi. Uning bu xislati tumanimizga rahbarlik qilgan yillarida yanada yaqqol namoyon boʻldi. Tumanimiz u kishining rahbarligida iqtisodiy-ijtimoiy jihatdan eng qoloq tumandan barcha sohalari ravnaq topayotgan obod goʻshaga aylandi. Koʻz oldimizda yuzlab yangi uy-joylar, tadbirkorlik obʼektlari qad rostladi. Bankrot holatiga tushib, ishlab chiqarish toʻxtab qolgan korxonalar qayta rekonstruktsiya qilindi. Xorijiy sarmoyalar jalb etilib, "Amudaryotex” xorijiy korxonasi, "Asia Silk” shoʻʼba korxonasi, "Qoraqalpoqqishloqqurilishservis” MChJ kabi korxonalar ishga tushirilib, yuzlab amudaryolik yoshlarni oʻz bagʻriga oldi, oʻz mahsulotlari bilan jahon bozoriga chiqdi.
Rajapbay Yoʻldashev nomi bilan bogʻliq qilingan ezgu ishlarning sanogʻiga yetish qiyin. Lekin shuni ishonch va qatʼiyat bilan ayta olamanki, bu aziz insonning Qoraqalpogʻiston xalqi, Amu eli, amudaryoliklar uchun qilgan ezgu ishlari xalqimiz dilidan aslo oʻchmaydi.
Amu elining suyukli farzandi, bilimdon va qatʼiyatli rahbar, xalqparvar inson Rajapbay Yoʻldashev oʻzi hayotligida qilgan yaxshi amallari, ezgu ishlari bilan hamisha amudaryoliklar xotirasida yashayveradi.
Mavlonbergan
TOJIBOYeV,
Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan tibbiyot xodimi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶