NAZARXON OVULIDAGI OBOD TURMUSh LAVHALARI
Mamlakatimiz mustaqilligining 22-yilligi oldidan
Qishloqda yirik sanoat korxonasi
Nazarxon ovuli. Tumanimizning shimoliy hududida, Amudaryoning oʻng qirgʻogʻida yastanib yotgan soʻlim goʻsha. Xalqi mehmondoʻst, mehnatkash, oʻzaro mehr-oqibatli, ilgʻor fikrli el. Ovul ahli paxtachilik, gʻallachilik bilan birga bogʻdorchilik, chorvachilik va parrandachilik, poliz va sabzavot ekinlaridan har yili moʻl hosil, moʻl daromad olib kelishadi.
- Rizqini halol tergan insonga Alloh ketmas, davlat beradi, - deydilar. Shundanmi 622 ta xonadonga birikkan 3530 nafar aholining hech narsadan kamchiligi yoʻq, - deydi Nazarxon ovul fuqarolar yigʻinining diniy maʼrifat va maʼnaviy-axloqiy tarbiya masalalari boʻyicha maslahatchi Guljahon Ibragimova. – Ovulimizda mehnat qilaman, moʻl davromad topaman, degan har bir inson uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Men sizlarga shunday mehnat maydonlarini koʻrsatayki...

Zamonaviy Xitoy texnologiyasi asosida pishiq gʻisht ishlab chiqaradigan mazkur korxona bugungi kunda nafaqat tumanimiz, balki Qoraqalpogʻiston Respublikasi miqyosida amalga oshirilayotgan namunali uy-joylar qurilishlari uchun aʼlo navli, jahon standartlariga toʻla javob beradigan gʻisht ishlab chiqarmoqda. Zavodning loyihadagi quvvati yiliga 25-30 million dona gʻisht ishlab chiqarishga moʻljallangan boʻlib, bu – toʻrt xonali oʻrtacha uy-joylardan 750-760 ta yoki oʻrtacha 60 ta maktab qurilishini pishiq gʻisht bilan taʼminlash imkonini beradi, degani.
Nazarxon ovulining "Soykoʻl” hududida "Qulamet oʻy” mavzesidagi 23 gektarlik aʼlo navli soz tuproq karʼerni ham qoʻshib hisoblaganda 25 gektar maydonda qad rostlagan gʻisht zavodining 2010-yilning aprel oyida ishga tushirilgan dastlabki liniyasida oʻsha yilning oʻzidayoq 2 million donadan ziyod qurilishbop pishiq gʻisht ishlab chiqarishga erishildi. Xitoylik va mahalliy malakali mutaxassislarning oʻzaro hamkorlikdagi ishlari tufayli 28 kamerali aylanma xumdon qurilishi juda qisqa muddatda tugatilib, foydalanishga topshirilishi korxonada mahsulot ishlab chiqarish sifati va samaradorligi oshishini taʼminladi. Eng muhimi, qishloqqa sanoatning kirib kelishi natijasida 30 nafar nazarxonlik yoshlar doimiy ishga joylashdilar.
DIREKTORDAN KOʻP MAOSh OLADIGAN IShChILAR
Maqtansa arzigulik, faxrlansa yarashgulik bu mehnat maydonida Guljahon Ibragimova aytganiday ertaklardagi moʻʼjizaning oʻzini, balki nazarxonliklar hayoti, turmush tarziga, el-yurtimizga buyuk bunyodkorliklarni boshlab kelgan amaliy ijrosini koʻrdik. Qudratli texnikalarni mohirlik bilan boshqarayotgan nazarxonlik va tumanimiz yoshlari mehnati, bilim va salohiyati bois, bu yerda sanoqli daqiqalar ichida oddiy tuproq elakdan oʻtkaziladi, sifatli qoriladi, xom gʻishtlarga aylanadi. Bu jarayonning, barchasini texnikalar bajaradi. Tayyor xom gʻishtlar peshma-pesh quritilib, xumdonlarga taxlanadi. Barcha ish konveyer usulida, uzviylik asosida olib boriladi. Zavodning bu boshidagi karʼerdagi tuproq konveyer mashinalarga yoʻnaltirilsa, ikkinchi tomonda – xumdonlardan chiqqan pishiq gʻisht mahsulotlari qudratli mashinalarga yuklanib, peshma-pesh namunali uy-joylar qurilishiga joʻnatiladi.
- Bir kecha-kunduzda 30-35 ming dona pishiq gʻisht, 35-40 ming dona xom gʻisht tayyorlanadi, - deydi korxona ish yurituvchisi Mahmud ogʻa Otajonov. – Ishchilarimiz 4 ta brigadaga birikib ishlashadi. Kunlik, oylik rejalar ortigʻi bilan bajarilgani bois, ishchilarning moddiy manfaatdorligi ham yuqori. Ishchilarning oʻrtacha oylik maoshi 350-400 ming soʻmni tashkil etadi.
2013-yilning yarim yillik yakunlaridan nafaqat korxona rahbarlari, ishchilar ham mamnun. Negaki, shartnomadagi reja oshigʻi bilan bajarildi. 1 million 200 ming dona pishiq gʻisht ishlab chiqarilib, byurtmachilarga yetkazib berildi. Jami 318 million soʻmlik ish bajarilib, mahsulot tannarxi bozordagidan ancha arzon, yaʼni, bir dona pishiq gʻisht 265 soʻmga tushdi.
- Mening 18 kunlik ish haqim salkam 500 ming soʻmga yetibdi, - deydi quvonib yuk tashish mashinasi boshqaruvchisi Jumabek Aytmurodov. – Ayrim hamkasblarimiz oyiga 800 ming soʻmdan oshirib maosh olishadi. Korxonamiz direktori ham buncha koʻp maosh olmaydi, ishonavering.
Ishondik, sababi, qoʻli-qoʻliga tegmay ixlos bilan mehnat qilayotgan ishchilar Shingʻis Shauboyev, Murodjon Xudoyberganov, Botir Abduqodirov, Zamir Ismoilov, shofyorlar Madrim Bekmurodov, Ilhom Husainovlarning biri qozoq, biri oʻzbek, yana biri qoraqalpoq oilalarida voyaga yetib, ushbu korxonada ishlash jarayonida bir-birlari bilan tanishib, doʻstlashgan, endilikda bir oila farzandlariday ahillikda mehnat qilib, birga yashayotgan yoshlar. Ulardan 7 nafari kollej bitiruvchilari. Biri ustoz, biri shogird boʻlib, tugʻishganlardan ziyoda, ahillikda mehnat qilayotgan yoshlarning 20 nafari tuman markazidan, Qipchoq qishlogʻidan ekan. Bilsak, uzoqdan kelganlar uchun korxona hududida ishchilar yotoqxonasi ham mavjud ekan. Bu yerda ishchilarning koʻngilli hordiq chiqarishlari uchun barcha sharoitlar muhayyo: televizor, shaxmat-shashka, gazeta-jurnallar, yuvinish xonasi va shinam oshxona. Qoʻli gul oshpaz Zevar Matyoqubova tayyorlagan shirin taomlar, u damlagan sutli shirin qorachoy ishchilar taniga quvvat, qalblariga xushnudlik bagʻishlaydi. Ishda esa hamisha unum, samara yuqori.
NAZIRAXONNING DALALARI
Biz haqiqiy fidoyilikning namunasini ana shu dalalarda koʻrdik. "Mambetnazarova Nazira” fermer xoʻjaligi rahbari Naziraxon opaning qaysi dalasida boʻlmang, farovonlik, el-yurt obodligi yoʻlidagi ezgu qadamlarni, yaratuvchilik ishlarini va bu ishlarga fidoyilikni koʻrasiz.
- 103 gektar ekishlik maydonimiz bor, - deydi opa bizni quyoshga intilib, boʻy talashib oʻsayotgan paxta dalasiga boshlarkan. – Shundan 60 gektariga paxta, qolgan 43 gektar yerimizga bugʻdoy va boshqa boshoqli don ekinlari, poliz va sabzavot ekamiz. Har yili barcha ekinlardan moʻl hosil olamiz. Bu yilgi rejalarimiz ham katta.

Katta rejalarni koʻzlab dehqonchilik qilayotgan fermer opa oʻz xoʻjaligini koʻp tarmoqli xoʻjalikka aylantirish niyatida. Yetti xazinaning biri, deb baholanayotgan kichik parrandachilik fermasi va baliqchilik xoʻjaligini tashkil etishga bel bogʻlagan Nazira Mambetnazarova bu borada allaqachon ishni boshlab yuborgan.
- Bir tovuqqa ham don, ham suv kerak, - degan hikmat xayolimdan ketmaydi, - deydi u. – Shu bois, eng avvalo parrandachilik fermamiz va baliqchilik xoʻjaligi uchun moʻl ozuqa jamgʻarishni reja qildik. 43 gektarmaydonning bir qismiga makkajoʻxori va oq joʻxori ekdik. Axir baliqchillik xoʻjaligi oʻz-oʻzidan rivojlanmaydi-ku. Don-dun moʻl boʻlsa, parrandachilik ham, baliqchilik ham rivojlanaveradi.
Begona oʻtlardan tozalanib, agrotexnik ishlovlari vaqtida bajarilgan gʻoʻza nihollari gʻunchalash arafasida. Makkajoʻxori va oq joʻxori ekilgan dalalalarda ham moʻl hosilga zamin yaratilgan.
- Xudo xohlasa, rejadagi 90 tonna oʻringa 110 tonna paxta yetishtirib beramiz, - deydi Nazira fermer endigina hosil nishonalarini koʻrsata boshlagan paxta dalasi boshida ishonch bilan.
Har yilgi mavsumda nazarxonlik paxtakorlar ichida birinchilardan boʻlib hosil karvonini yoʻlga soladigan Naziraning shijoatiga biz ham ishondik. Chunki ayol boshi bilan kamida 30 nafar hamqishlogʻini mavsumiy ish bilan taʼminlab, qaramogʻidagi 103 gektar yerning har bir qarichida boʻston yaratib, xalqim farovon, yurtim obod boʻlsin, deb jon kuydirayotgan Naziraning dalalaridagi bugungi mehnatning samarasi yuqori, dillarni quvontiradigan darajada unumli.
Oʻtemurod boboning "Ziroatchilik fabrikasi”
Nazarxon ovuli tumanimizning ham shimoliy, ham choʻl hududida joylashgan. Shundanmi, quyosh tikkaga kelganida ovul osmonida hatto qush ham uchmaydi. Biroq ovulning qaysi xonadonida boʻlmang, mevalardan shoxlari larzon soʻlim bogʻlar havosidan vujudingiz orom topadi.
- Tal tushde uyden-de bagʻ-baqshamiz payzli, kelebering qaraqlarim, - baland oʻsgan qantak oʻrikzor bogʻdan chiqib kelgan keksa onaxon bizni "bovrim-bovrim-ov”lab, kulib qarshi oldi.
Baland qilib qurilgan ayvonli uyning toʻrt tarafiga uzum, oʻrik, shotut, qaroli, olma, olcha daraxtlari quyuq soya tashlagan, kishiga huzur bagʻishlaydi. 20-25 sotix atrofidagi bogʻ ichkarisidan oqib oʻtuvchi ariq boʻylarigacha baqlajon, bulgʻor qalampiri, achchiq qalampir, bir necha xil navdagi qovoqlar ekilganini koʻrib, uy sohibi Oʻtemurod boboning oʻta mehnatkash insonligini sezdik.
- 10 nafar farzandni dunyoga keltirdik, - deydi Oʻtemurod boboning umr yoʻldoshi Qizlargul momo. – Allohning irodasi, 3 nafarini tuproqqa qoʻydik. Qolganlari omon boʻlsin. Shu yer, shu bogʻ-rogʻning mevasi, qoʻradagi molim bilan tovugʻimning barakasidan oʻgʻil-qizlarimiz unib-oʻsib, uyli-joyli boʻlishdi. 4 nafar qizimni hech kimdan kam qilmay, kasb-korli qilib uzatdik. Ikki oʻgʻlimga imoratlar tikladik. Yurtimiz xudoga shukur, tinch. Tinchlik bor joyda xotirjamlik boʻladi. Xotirjamlik esa ketmas davlat, boylik olib keladi.
- Bizlarda hammasidan bor, demaysanmi, kampir!
Oʻtamurod boboning oʻz hayotidan qoniqish, xonadondagi obodlik, toʻkin-sochinlikdan shukronalik bor edi quvonch aralash aytgan bu soʻzlarida. Bunday toʻkis, farovon, obod, moʻl-koʻlchilik hokim xonadonni hech qachon fayz-u tarovat tark etmaydi.

INSON MAHALLADA ULGʻAYaDI
Inson butun umr mahallada yashaydi, mahalla ahlining koʻz oldida ulgʻayadi, shaxs sifatida shakllanadi. Shu bois, insonning hayot tarzi, uning nimalarga qodirligini yoki hayotidagi, feʼl atvoridagi kamchilikni, yetishmovchilikni, hatto uning nimaga muhtojligini mahalladan ham ortiqroq biladigan, ehtiyojlarini qondirish borasida undan ortiq fidoyilik qiladigan tashkilot yoʻq. Milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, zamonga mos ravishda yangiliklar bilan boyitish, goʻzal urf-odatlarni hayotga tatbiq etishda mahalla instituti eng faol targʻibotchi va tashviqotchi vazifasini oʻtaydi.
Nazarxon ovulida 3523 nafar aholi istiqomat qiladi. Shulardan 1770 nafarga yaqini ayol-qizlardir. Ovul hududida 685 ta oila boʻlib, ularning asosiy qismini yosh oilalar tashkil etadi. Ana shu oilalarda boʻlish, yoshlar bilan ishlashishda Gulxahon Ibragimova koʻproq ovuldagi obroʻ-eʼtiborli, hayot sinovlariga bardosh berib, koʻpni koʻrgan, tarbiyali farzandlarni voyaga yetkazgan keksa avlod vakillarining maslahat va yoʻl-yoʻriqlariga suyanadi. Shu bois, ovulldagi har bir xonadonda kattalarga hurmat, kichiklarga izzat odobi Guljahon olib boradigan tarbiyaviy ishlarning bosh tamoyiliga aylangan. Ayniqsa, voyaga yetmagan yoshlar bilan ishlashishda keksa avlod vakillarining, oʻgit-nasihatlari muhim. Yoshlarning erta turmush qurishlariga aslo yoʻl qoʻyilmaydi. Bu esa oilaviy ajrimlar sodir boʻlishining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Aholining ish bilan bandligini taʼminlash bugungi kunda eng dolzarb vazifaga aylangan. Chunki bekorchi odam har xil nayranglarni oʻylab topadi yoki birovning diliga ozor yetkazadi. Shuning uchun ham "bekorchidan xudo bezor”, - deyishadi. Ayol-qizlarning, ayniqsa, yoshlarimizning kasanachilik faoliyati bilan shugʻullanishlari uchun shart-sharoitlar yaratib berilishi natijasida uy mehnati bilan shugʻullanuvchilar safi yil sayin oshib bormoqda.
- 2013-yil – "Obod turmush yili” munosabati bilan ovulimizda "Farovonlikka, yurt obodligiga mening hissam” shiori ostida ayol-qizlarni kasanachilik, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishga undovchi suhbatlar uyushtirdik, - deydi Guljahon mamnuniyat bilan. - Natija esa kutilganidan ham ziyoda boʻldi. 12 nafar ayol-qiz ijtimoiy faol ayollar deb tan olinib, toʻy-marosimlar va oilaviy tadbirlarni ixcham, kamchiqim qilib oʻtkazish boʻyicha amaliy faoliyat olib borishdi. Ularning saʼy-harakatlari tufayli Nazarxon ovulida oʻtkaziladigan barcha turdagi toʻylar, marosim va maʼrakalar ixchamlashdi. Kelin toʻylaridagi "gulyanka” deb atalgan tartibsiz va boʻlmagʻur marosimga chek qoʻyildi. Endilikda bizning Nazarxon ovulida oʻtadigan kelin toʻylarida "gulyanka” oʻtkazilmaydigan boʻldi.
Hududda "Obod turmush yili”da 3 nafar ayol oʻz tadbirkorlik faoliyati, 6 nafar ayol-qiz uy mehnati, 2 nafar ayol-qiz esa kasanachilik faoliyati bilan shugʻullanishni boshlashdi.
Ovul hududida yashovchi kam taʼminlangan oilalar OFY ishchi guruhining doimiy diqqat markazida. Ularning holidan tez-tez xabar olib, ijtimoiy yordam koʻrsatish, turli bayramlar munosabati bilan bunday kishilarning koʻngillarini koʻtarish, "Giyohvandlik – asr vabosi”, "Sogʻlom onadan – sogʻlom farzand”, "Mehr - koʻzda”, "Obodlik – baxtli kelajak timsoli”, "Odam savdosi – asr muammosi”, "Diniy ekstremizm - illat”, "Ogohlik – davr talabi” mavzularida oʻtkazilayotgan suhbatlar, shubhasiz, oʻz samarasini bermoqda.
- Muhimi, nazarxonliklar Mustaqillikning oydin yoʻllarida, - deydi Guljahon faxr bilan. - Har qadamda obodlik, oʻzgarish va taraqqiyot hokim.
Robiya YOʻLDOShEVA,
«Taraqqiyot koʻzgusi» muxbiri.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶