Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligi yanada takomillashtirilmoqda
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi amalga kiritilgan vaqtdan hozirga qadar mamlakatimizda davlatning jinoyat-huquqiy muhofaza qilish funktsiyasini hamda uning oldiga qoʻyilgan shaxsni, uning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlat manfaatlarini, mulkni, tabiiy muhitni, tinchlikni, insoniyat xavfsizligini jinoiy tajovuzlardan qoʻriqlash, shuningdek jinoyatlarning oldini olish, fuqarolarni Respublika Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya qilish ruhida tarbiyalash kabi vazifasini muvafaqiyatli bajarib, zamon bilan hamnafas ravishda takomillashtirilmoqda.
Jinoyat kodeksi va Jinoyat-protsessual kodekslari qabul qilingandan buyon ularga bir necha qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritildi.
Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimovning tashabbusi va bevosita rahbarligida tayyorlangan Oʻzbekiston Respublikasining «Jinoiy jazolarning liberallashtirilishi munosabati bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari va «Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida»gi kodeksga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida»gi qonuni liberallashtirish siyosati sari qoʻyilgan jiddiy qadam boʻldi.
Mazkur qonunga koʻra, jinoyatlar tasnifi tubdan oʻzgartirildi. Natijada, ogʻir va oʻta ogʻir toifadagi jinoyatlarning qariyb 75 foizi ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan hamda uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlar toifasiga oʻtkazildi.
Sud-huquq islohotlari jarayonida xalqimizning tabiati, feʼliga mos keladigan yarashuv instituti amaliyotga joriy qilindiki, bu ham eʼtirofga loyiq yutuqlarimizdan hisoblanadi.
Bugungi kunda yurtimizda 60 ta jinoyat tarkibi boʻyicha yarashuv institutini qoʻllash imkoniyati mavjudligi ham islohotlarning yaqqol samarasidir.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning «Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Farmoni bilan sud-huquq tizimini rivojlantirish borasida 8 ta eng ustuvor sohalar boʻyicha 45 ta aniq tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi Kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Farmonni ijro etish doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Fuqarolik protsessual, Xoʻjalik protsessual kodekslariga va bir qator boshqa qonun hujjatlariga zarur oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritiladi.
Kiritiladigan bu oʻzgarish va qoʻshimchalar fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishga, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari jinoyatlarni toʻgʻri va aniq kvalifikatsiya qilishiga, aybdor shaxslarga odil jazo tayinlanishiga xizmat qiladi.
S.Davletmuratov,
jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudi raisi.
(Foto - http://glotr.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶