BIZ YoT GʻOYaLARGA ERGAShMAYLIK
Barchamizga sir emaski, XXI asr axborot texnologiyalari asri boʻlib, bu davrda turli xil axborot tashuvchi texnologiyalar tobora rivojlanib bormoqda. Shu qatori internet tarmogʻi ham gʻaraz niyatlilar uchun ov maydoniga aylanib qolgan. Ular uchun har bir internet tarmogʻidan foydalanuvchi xoʻrakdir. Baʼzi bir loqayd insonlar esa ularning qopqoniga osonlik bilan, oʻzi bilmagan holda ilinib qolayotgani sir emas.
Biroq biz bundan oʻzimizga kerakli xulosalarni olib, ilm-fan asoslarini puxta egallab, maʼnaviyatimizni boyitib borsak, hech qanday yot gʻoya bizga xavf sololmaydi.
Ne baxtki, boshqa mamlakatlar yoshlaridan farqli, bizning yurtimizda oʻqish, oʻrganish, komil inson boʻlib voyaga yetishimiz uchun barcha sharoitlar muhayyo.
Umumiy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi har birimiz uchun davlatimiz tomonidan bepul ravishda kafolatlangan. Shuningdek, yosh oʻsmirlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish uchun maktabdan tashqari muassasalar faoliyat koʻrsatmoqda. Asosiy Qonunimizning 41-moddasida «Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy taʼlim olish davlat tomonidan kafolatlanadi» deyilgan. Shuningdek, «Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini yoshlar toʻgʻrisidagi gʻamxoʻrlik, deya atash mumkin.
Bizning yurtimizda yoshlarning komil insonlar boʻlib voyaga yetishlariga erishishga nafaqat ota-onalar, balki davlatimiz ham beqiyos gʻamxoʻrlik koʻrsatayotganini shularning oʻzi ham isbotlab turibdi.
Bundan tashqari, yoshlarni yot gʻoyalardan ishonchli himoya qilish borasi-da ham koʻpgina huquqiy-meʼyoriy hujjatlar qabul qilinganki, biz yoshlar bularni oʻqib, uqib, olgan tushunchalarimizni tengdoshlarimizga ham targʻib qilsak, toʻgʻri yoʻldan adashayotganlarning kamayishiga hissa qoʻshgan boʻlar edik.
Aziz tengdoshlarim, sizga ham mana shunday bilimlarni chuqur egallashingizni va kerakli xulosalar olib, har qadamda ogohlikni yoʻqotmasligingizni istar edim. Yomon yoʻllarga kirib ketishdan saqlaning. Bizga yot boʻlgan turli xil oqimlar va gʻoyalarga qarshi kurashaylik. Huquqiy savodxon, maʼnaviyatli boʻlsak, bizni hech qanday dushman yenga olmaydi.
Ozoda TOʻLIBOEVA,71-sonli maktab oʻquvchisi.
(Foto - http://uza.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶