Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi tuman Kengashining tashkiliy yigʻilishi boʻlib oʻtdi
Yigʻilishda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tuman Kengashi raisini saylash masalasi muhokama qilindi va bu lavozimga Shermetov Mahmud Jabbarberganovichning nomzodi taklif qilindi. Tumanimizning faol yoshlari Mahmud Shermetovning nomzodini bir ovozdan qoʻllab-quvvatladilar va tasdiqladilar.
Shundan keyin Yoshlar ittifoqi tuman Kengashi raisi Mahmud Shermetov, tashkilot aʼzolari boʻlmish faol yoshlar soʻzga chiqib, Prezidentimizning tashabbuslari bilan yoshlarga, Yoshlar ittifoqi aʼzolariga berilayotgan imtiyozlar haqida toʻxtalib oʻtdi. Jumladan, joriy yilning 1-sentyabridan boshlab oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida «yoshlar yetakchisi» vazifasi yuklatilgan xodimga oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasasining direktor jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan oliy maʼlumotli oʻqituvchi bazaviy tarif stavkasining 50 foizi miqdorida har oylik ustama belgilanadi. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining faol aʼzosi boʻlgan oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat va magistratura bosqichlari talabalariga oʻrtacha oʻzlashtirish koʻrsatkichi 86 foiz va undan yuqori boʻlgan taqdirda taʼlim boʻyicha toʻlov kontrakti miqdorining 35 foizi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan toʻlanadi. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tizimida uch yil va undan koʻp muddat davomida faol ishlab kelayotgan xodimlarga uy-joy sotib olish uchun ipoteka kreditining boshlangʻich toʻlovi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan toʻlanadi.
Mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etayotgan yosh oilalarni yanada qoʻllab-quvvatlash, ularning uy-joy va maishiy sharoitlarini yaxshilash maqsadida 2018-2021-yillarga moʻljallangan Yoshlar uylarini barpo etish dasturi ishlab chiqiladi. Ushbu dasturda barcha yirik shaharlarda – koʻp qavatli, qishloq tumanlarida – 1-2 qavatli namunaviy loyihalar asosida arzon uylar yoshlarning uy-joyga boʻlgan ehtiyojidan kelib chiqib qurilishi nazarda tutilgan.
Albatta, ragʻbat va eʼtibor yoshlarimizni bundan ham baland choʻqqilarni zabt etishga undaydi. Yoshlar bu eʼtibor va gʻamxoʻrlik uchun Prezidentimizga, davlatimizga chuqur minnatdorchiliklarini izhor etdilar.
Yigʻilishda Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi tuman Kengashi ijroiya qoʻmitasi tarkibi tasdiqlandi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yil 30-iyun kuni yoshlar bilan oʻtkazilgan uchrashuvda belgilab berilgan vazifalar ijrosini tashkil etish boʻyicha Ittifoq tuman Kengashi va yoshlar masalalari boʻyicha tuman idoralararo kengashi oldida turgan vazifalarga ham toʻxtalib oʻtildi.
Yigʻilishda muhokama qilingan barcha masalalar boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi tuman Kengashi tashkiliy yigʻilishidan fotogalereya.
Tuman hokimligining axborot xizmati.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶