SAFARBARLIK SAMARALARI
"Qilichboy” ovul fuqarolar yigʻini tarkibidagi bizning "Besh ovul” mahallamizda oʻzbek, qoraqalpoq, turkman va boshqa millatlar vakillari bir oila farzandlariday ahil yashab kelishmoqda. Toʻy-maʼrakasi, quvonch-tashvishi bir aholi qistovli, dolzarb kunlarda bir-biridan koʻmagini ham ayamaydi. Buni ayni kunlarda paxtakorlar bilan bir qatorda uyushmagan aholining paxta yigʻim-terimida qatnashayotganligida koʻrishimiz mumkin.
Biz mahalla faollari bilan yigʻim-terim boshlanishi oldidan hududimizdagi barcha xonadonlarda boʻlib, vaqtincha ish bilan band boʻlmagan aholini paxta terimiga jalb qilish borasida keng targʻibot olib bordik. Paxta bugungiday toʻkin va farovon hayotimiz asosi ekanligini, dalalarda zahmatli mehnatlar evaziga yetishtirilgan hosil xalqimizning rizq-roʻzi ekanligini tushuntirdik, ularni shu bebaho boyligimizni yigʻishtirib olib, davlatimizga topshirishdek masʼuliyatli pallada dehqonlarga koʻmakdosh boʻlishga chaqirdik.
Bu saʼy-harakatlarimiz beiz ketmadi. Terim boshlanganidan to hozirgi kungacha rejadagi 310 nafar oʻrniga 350 nafardan ziyod uyushmagan aholi terimda qatnashayapti. Ular hududimizdagi 11 ta fermer xoʻjaliklari paxta xirmoni barvaqt yuksalishiga oʻz hissasini qoʻshayapti. Natijada shu kungacha deyarli barcha fermer xoʻjaliklarimiz yillik paxta topshirish rejalarini ortigʻi bilan ado etdilar.
Ayni kunlarda ham uyushmagan aholining tergan paxtasi kuniga jon boshiga oʻrtacha 70 kilogrammdan ziyodni tashkil etayapti. Muhabbat Abdalova, Gulchehra Hayitboyeva, Nodira Abdullayevalar esa 120-130 kilodan paxta terib, barchaga namuna boʻlayotir.
Terimchilarning unumli ishlashlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratilayapti.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar terim surʼatining yuqori boʻlishini taʼminlayotir.
Jasorat ABDULLAYeV, "Beshovul” mahalla fuqarolar yigʻini raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶