Yoshlar – KELAJAK BUNYoDKORLARI
Men 2011-yilda oliy oʻquv yurtini tugatib kelganimdan soʻng, 31-sonli maktabda tarix fani oʻqituvchisi boʻlib ish boshladim. Yoshlar ittifoqi tashkil qilingach, 2017-yilda maktabning boshlangʻich tashkiloti yetakchisi qilib tayinlandim.
Bu vazifa zimmamga yanada kattaroq masʼuliyat yukladi. Chunki yetakchi boʻlish keng qamrovli bilim va malakani talab qiladi. Shu sababli faoliyatimni dastlab oʻz ustimda ishlashdan boshlab, izlanishda davom etdim. Yoshlarni ham yangiliklar yaratishga, intiluvchan boʻlishga undadim, turli yoʻnalishlarda ularning iqtidorlarini yuzaga chiqarishga harakat qildim.
Taʼlim muassasasida oʻquvchilarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkillashtirish, bilimlarini oshirish, innovatsion gʻoyalar, loyihalarni hayotga tatbiq etish maqsadida va Prezidentimiz tomonidan joriy qilingan 5 ta tashabbus boʻyicha turli toʻgaraklar faoliyati ham yoʻlga qoʻyildi. Hozirgi paytda haftaning belgilangan kunlari yoshlarga oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazilib boriladi. Bilim maskanida “Zakovat”, “Targʻibotchi kitobxon oʻquvchi” hamda “Kitobxon” tanlovlarini oʻtkazish ham anʼanaga aylandi.
Maktabda muhim sanalar munosabati bilan har yili insholar, rasmlar koʻrik-tanlovlari, koʻrgazmalar tashkil qilinadi. Bundan tashqari, “Oila – mahalla – taʼlim muassasasi” hamkorligi tizimi namunali yoʻlga qoʻyildi. Yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan olamshumul ishlar amalga oshirildi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Koʻplab qobiliyatli yoshlar aniqlandi, isteʼdodlar kashf qilindi. Qilinayotgan ishlar esa eʼtirof etib kelinmoqda.
Yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish boʻyicha amalga oshirilayotgan qator loyihalarimiz navqiron avlod vakillarini izlanishga, oʻz ustida tinimsiz ishlashga, yangi marralarni egallashga undaydi. Yoshlarning turli yoʻnalishlarda erishayotgan yutuqlari ularni hayotda yanada olgʻa qadam tashlashga undaydi. Ular ongu-shuuri va tafakkuriga milliy istiqlol gʻoyasiga sadoqat, Vatan taqdiriga daxldorlik, el-yurtning ertasi uchun masʼuliyat tuygʻusini singdirib borish, yangi marralar sari ruhlantirish esa biz yetakchilarning zimmamizdagi masʼuliyatli vazifalardan biri hisoblanadi.
Orzular insonni olgʻa yetaklaydi. Ezgu orzularim va istaklarim juda koʻp. Istiqlol bergan cheksiz imkoniyatlardan foydalanib, ularni roʻyobga chiqarishga astoydil intilaman. Fursatdan foydalanib, barcha oʻqituvchi va murabbiylarni kasb bayramlari bilan tabriklayman!
Shahnoza Xoʻjamurodova, 31-sonli maktab
yoshlar yetakchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶