DOIMIY IZLANIShLAR SAMARASI
Inson bolaligida juda oʻzgaruvchan boʻladi. Bugun boshqa, ertaga yana boshqacha orzular ogʻushida yashab ulgʻayadi inson. Bu holat chinakam orzu yoʻllari tomon dadil qadam qoʻyguniga qadar davom etaveradi.
Feruzaxon ham to oʻzi uchun aziz boʻlgan oʻqituvchilik kasbini tanlagunga qadar begʻubor bolalik, oʻsmirlik orzulari ogʻushida yashadi. Biologiya faniga boʻlgan qiziqishlari tufayli u Qoraqalpoq Davlat Universitetining biologiya fakultetiga oʻqishga kirdi. 2011-yilda universitetni aʼlo baholarga tugatib, shu yili 31-sonli maktabda ilk pedagogik faoliyatini boshladi va qisqa fursat ichida maktab pedagogika jamoasi orasida obroʻ-eʼtibor qozondi.
2018-2019 oʻquv yilida uning shogirdi, 10-sinf oʻquvchisi Inobat Jumaniyozova biologiya boʻyicha fanlar olimpiadasining tuman, Qoraqalpogʻiston bosqichlarida faxrli 1-oʻrinni egalladi. 9-sinf oʻquvchisi Dilfuza Rajabova fanlar olimpiadasining, 7-sinf oʻquvchisi Dildora Rustamova esa bilimlar bellashuvining tuman bosqichida gʻolib boʻlishdi.
Feruza oʻz ustida ishlashdan, izlanishdan charchamaydi, har bir darsini oʻziga xos uslubda, zamonaviy pedtexnologiyalar asosida olib borishga intiladi. Buning samarasi esa oʻquvchilarining intilishlarida oʻz aksini topmoqda.
Maktabni tugatib, hayotda oʻz yoʻllarini topgan sobiq oʻquvchilari, ayni paytda Feruzaxonning tahsilini olayotgan oʻquvchi-yoshlar turli bayramlarda, ayniqsa, oʻqituvchi va murabbiylar kunida uni guldastalar, samimiy tilaklar bilan qutlashadi. Ana shunday lahzalarda u oʻqituvchi, ustoz, degan sharafli kasbni tanlab, aslo yanglishmaganini yurak-yuragidan his etadi.
Feruza Saʼdullayeva nafaqat oʻzi mehnat qilayotgan 31-sonli umumtaʼlim maktabi pedagogik jamoasida, balki mahallada, ota-onalar orasida ham obroʻ-eʼtibor qozongan. Oilada qoʻli shirin pazanda, mehribon ona, sadoqatli rafiqa. Umr yoʻldoshi – tuman Davlat soliq inspektsiyasi xodimi Ulugʻbek Bozorboyev bilan uch nafar farzandni voyaga yetkazmoqda.
Hayotidagi bu xotirjamlik Feruza Saʼdullayevani yanada samaraliroq ishlashga undayveradi.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶