Amudaryo qishloq xoʻjalik kasb-hunar kollejida asalarichilikni rivojlantirish boʻyicha mahorat darsi oʻtkazildi
Asalarichilik qishloq xoʻjaligining muhim tarmogʻi hisoblanadi. Mazkur soha asalari oilalarini koʻpaytirish, asal, mum, gul changi va boshqa asalarichilik mahsulotlarini yetishtirish, qishloq xoʻjalik oʻsimliklarini changlantirib, hosildorlikni oshirish va mevali daraxtlar hosili sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.
Yurtimizda ushbu soha, yaʼni asalarichilikni yanada rivojlantirish maqsadida “Oʻzbekiston asalarichilari” uyushmasi tashkil etildi. Uning asosiy vazifalari asal mahsulotlari ishlab chiqarishning texnologik jarayonlarini tizimli tashkil etish, asalari paketlari yetishtirish va ozuqa bazasini mustahkamlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, shuningdek, asal yetishtirish jarayoniga ilmiy asoslangan usullar va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishdan iborat. Tumanda ham asalarichilikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilib, tegishli chora-tadbirlar amalga oshirila boshladi.
17-yanvar kuni tumanimizdagi Amudaryo qishloq xoʻjaligi kasb-hunar kollejida oʻqituvchilar hamda kollejning veterinariya yoʻnalishi oʻquvchilari uchun mahorat darsi tashkil qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi bosh prokurori oʻrinbosari tashabbusi bilan Toshkent davlat agrar universiteti Nukus filiali “Zooinjeneriya va veterinariya” kafedrasi assistentlari A.Tleumuratov va P.Ansatbayevlar “Asalarichilik sohasini rivojlantirish” mavzusida mahorat darsini oʻtkazdilar. Tadbirni kollej direktori Maqsud Yoʻldoshev ochib berdi hamda mehmonlarni tanishtirdi. Masʼullar asalarichilik sir-asrorlari, yurtimizda asalarichilik sohasini rivojlantirishning ahamiyati hamda sohaga qaratilayotgan eʼtibor haqida yigʻilganlar bilan fikr almashdilar.
Mahorat darsida asalarichilikni xalqimiz yetti xazinaning biri deb atashini, yer yuzining barcha qitʼasida rivoj topgan ushbu sohaga boʻlgan eʼtibor va qiziqish yildan-yilga ortib borayotgani, Davlatimiz rahbarining “Respublikamizda asalarichilik tarmogʻini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Qarori muhim asos boʻlayotgani haqida soʻz yuritildi. Shuningdek, mazkur Qaror asosida asal yetishtirish, uni qayta ishlash hajmlarini koʻpaytirishga, asalari paketlari bilan xoʻjaliklarni taʼminlashga, asal yetishtirishning zamonaviy usullarini joriy etishga yoʻnaltirilgan 2017−2021-yillarda asalarichilik tarmogʻini kompleks rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangani aytib oʻtildi.
Yuqori saviyada tashkil qilingan mahorat darsi ishtirokchilarning asalarichilikka boʻlgan qiziqishlarini yanada oshirdi. Veterenariya yoʻnalishi oʻquvchilarining koʻpchiligida kelgusida ushbu soha bilan shugʻullanish istagi paydo boʻldi. Oʻquvchilar ushbu soha bilan shugʻullanish sir-asrorlari haqida berilgan savollariga toʻliq javoblar oldilar. Bunday qiziqarli darsni tashkil qilganlari uchun kollej maʼmuriyati masʼullarga minnatdorchilik bildirdilar.
Taʼlim sohasining hamda qishloq xoʻjaligi tarmoqlarining yanada rivojlanishi uchun amalga oshirilayotgan bu kabi tadbirlar, albatta, oʻzining ijobiy samarasini beradi va soha rivoji yanada ortadi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining axborot xizmati.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶