FARZANDLARINING INTILIShLARIDAN OTA-ONALAR MAMNUN BOʻLDILAR
Umumtaʼlim maktablarida oʻquv yilining 2-chorak yakunlari boʻyicha 1-sinf oʻquvchilari ishtirokida savodxonlik bayramlari oʻtkazildi. Yangi yil arafasida va Yangi yilning ilk kunlarida, yam-yashil archa atrofida boshlangan savodxonlik bayramlarida jajji bolajonlar oʻz iqtidorlarini namoyish etishdi.
Bolajonlar biri-biridan quvnoq sheʼrlar aytishib, ashula va raqslar ijro etishib, ota-onalari va ustozlarini xursand qilishdi.
72-sonli umumtaʼlim maktabida boʻlib oʻtgan savodxonlik bayrami ham 1-sinf oʻquvchilari, ularning ustozlari va ota-onalari uchun qiziqarli taassurotlarga boy boʻldi. Tadbirda 1-sinf oʻquvchilari ustozlari rahbarligida oʻzlarining 2019-2020 oʻquv yilining ikkita choragi – 4 oy davomida olgan bilimlarini biri-biridan qiziqarli sahna koʻrinishlari, alifbe kitobida jam boʻlgan barcha harflar ishtirokidagi maʼnoli maqol va hikmatlar hamda quvnoq sheʼrlari orqali namoyish etdilar. Aʼlochi va epchil oʻquvchilar biri alifbe, yana biri ona tili, matematika, oʻqish kitobi qiyofasida sahnaga chiqishib, bilimli boʻlishning ahamiyati, ona tilimizga eʼtibor, kundalik hayotimizda matematika fanining tutgan oʻrni, oʻqish kitobining har bir sahifasida jam boʻlgan hayotiy hikoyalarni oʻrganishga kirishganlari haqida toʻlqinlanib soʻzladilar.
Tadbir davomida oʻquvchilar biri-biridan shoʻx qoʻshiq va raqslarni ijro etishdi. Oʻqish kitobi, ona tili va matematika kitoblari bilan doʻstlashib, davra qurib, birgalikda raqsga tushgan bolajonlarning quvonchlariga ularning ota-onalari ham hamroh boʻldilar.
Savodxonlik bayrami biri-biridan qiziqarli topishmoqlar, tez aytish va hikmatli maqollar aytishuvlari, Ona Vatan, doʻstlik va tinchlikni tarannum etuvchi sheʼrlar bilan yanada qiziqarli, taassurotlarga boy oʻtdi. Farzandlarining ilm oʻrganishga boʻlgan ixlos va intilishlarini koʻrgan ota-onalar juda mamnun boʻldilar.
Saragul OTAJONOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶