Fan oyligi doirasida “Tarixiy xotirasiz kelajak yoʻq” nomli tadbir oʻtkazildi
Tarix — insoniyatning butun oʻtmishi davomida jamiyat hayotida sodir boʻlgan voqea, hodisa va jarayonlarni yaxlit tarzda oʻrganadi. Tarix fani asrlar mobaynida qoʻlyozma asarlarda ifodalangan hayot, voqea-hodisalar, tarixiy shaxslar haqida hikoya qiladi va eng qadimiy tariximiz xususida madaniy yodgorliklar va arxeologik topilmalar yordamida maʼlumot beradi.
Tarix va huquq fanlari oyligi munosabati bilan tumanimizdagi 36-sonli umumtaʼlim maktabida oʻtkazilgan “Tarixiy xotirasiz kelajak yoʻq” nomli tadbirda maktabning yuqori sinf oʻquvchilari qamrab olindi. Oʻquvchilarning tarix fanidan olgan bilimlarini sinovdan oʻtkazish maqsadida ushbu tadbirning musobaqa tarzida tashkil qilinishida maktabning tarix fani oʻqituvchilari Sayyora Rasulova hamda Munavvar Toʻrayevalar jonbozlik koʻrsatdilar. Musobaqada 8-sinf oʻquvchilarining “Amir Temur” hamda “Xristofor Kolumb”, 9-sinf oʻquvchilarining “Toʻmaris”, “Temuriylar” va “Boburiylar” jamoalari ishtirok etdilar. Bellashuvning 1-shartida oʻquvchilar tarix faniga oid qiziqarli maʼlumotlar, sheʼrlar bilan oʻz jamoalarini tanishtirdilar. Ushbu shartda oʻquvchilar tarixga, oʻtmishni oʻrganishga boʻlgan mehrlarini namoyish qildilar.
Bellashuvning 2-shartida tarix fani boʻyicha savol-javoblar bilan oʻquvchilarning olgan bilimlari sinovdan oʻtkazildi.
Oʻquvchilarning eng sevimli sharti boʻlgan sahna koʻrinishlari shartida “Amir Temur” jamoasi Toʻmaris va Kir suhbatini, “Xristofor Kolumb” jamoasi Muhammad Shayboniyxon va Ismoil Safaviy jangini, “Toʻmaris” jamoasi sumalak sayli va aytishuvni, “Temuriylar” jamoasi bolaga ism qoʻyish marosimi, “Boburiylar” guruhi sumalak tarixiga bagʻishlangan sahna koʻrinishlarini namoyish qildilar. Ushbu shart orqali oʻquvchilar oʻzlarining ajdodlar ruhiga yuksak hurmat hamda aktyorlik mahoratlarini namoyish qildilar. Bahs-munozaraga boy boʻlgan bellashuvning 4-shartida jamoalar sardorlarining bilimlari sinovdan oʻtkazildi.
Jamoalarning barcha shartlardagi ishtirokini hakamlar – Guliston Bektemirova, Rasul Xolmurodov, Omongul Xidirboyeva, Nigora Bozorboyevalar baholab bordilar.
Tarix fani oyligiga bagʻishlab tashkil etilgan “Tarixiy xotirasiz kelajak yoʻq” deb nomlangan musobaqaning yakuniy natijalariga koʻra 8-“A” hamda 9-“V” sinf oʻquvchilarining koʻrsatkichlari barcha jamoalarnikidan yuqori boʻldi va ular faxrli 1-oʻrinni qoʻlga kiritdilar.
Tadbir yakunida barcha ishtirokchi oʻquvchilar maqtov yorligʻi hamda sovgʻalar bilan taqdirlandilar.
Charos Arslonova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶