ChORDARA MAHALLASI ONAXONLARI SUMALAK SAYLIDA JAM BOʻLDILAR
Bahor. Bu faslni qish boʻyi orziqib kutamiz. Oilaviy hayotimizga oid ezgu ishlarni aynan shu fasl bilan bogʻlagimiz keladi. Yaqinlarimizga bildiradigan samimiy tilaklarimizning ham mazmun-mohiyatiga bahoriy istaklar singdiriladi. Boisi bu faslning inson yuragiga orzu, quvvat, umid bagʻishlovchi qudrati bor. Bu – uning yashilligida, unib-oʻsishida namoyon! Hali ariqlarda suvlar jildiramay, yerga oftobning tafti tushmay turib, bahorga intiq koʻngillar biri-biriga talpinadi, dillar yaxshilik yoʻliga chogʻlanadi. Martning izgʻirin shamollarini mensimagan koʻngillar jamlashadi. Axir yerdan namxush hid taralayotir, quyosh bilan ona zamin oraligʻida ajib hovur koʻtarilayotir. Sumalak payti keldi!
Amuning donishmand momolari ana shunday paytda bahorning ilk taomi – Sumalak sayliga taraddudni boshlaydilar. Sumalakka intiq koʻngillar dahsar qozonlar boshida jam boʻlib, azaliy qadriyatlar ogʻushida yashnab-yasharib ketgan kelinposhshalar esa ishga shaylanadilar. Mart oyining ilk kunlaridanoq Mangʻit shahrining Doʻstlik mahallasida boshlangan sumalak sayli mahalladan-mahallaga oʻtib, naq 10 kun davom etdi.
13-mart kuni Chordaralik onaxonlar ham jam boʻlishib, dahsar qozonlarga olov qalashdi. Shu kuni katta umid, ezgu niyatlar bilan bugʻdoy undirgan onaxon Gulandom ena Yangiboyeva va onaxonning umr yoʻldoshi Rahmatulla ogʻalar mahallaning chaqqon, saranjom-sarishta kelinlarini sumalak sayliga chorlashdi. Mahallaning pir-u badavlat onaxoni, 80 yoshli Momojon enaning fotihasi bilan jamul-jamlikda bu taomning tadorigi boshlab yuborildi.
Fotihadan soʻng, qozon tagiga olov qalandi. Biri-biridan chaqqon va orasta kelinlar Rohatoy, Gulchehraxon, Dilnozaxon, Feruzaxon va Sayyoraxonlar Jumagul momo boshchiligida bugʻdoy maysalarini kelida tuydilar. Dilshodaxon, Zulfiyaxon va Manzuraxonlar yanchilgan bugʻdoy maysalarining sutini siqib olib, dokadan oʻtkazdilar. Bugʻdoy sutiga bugʻdoy uni chayildi. Rahmatulla ogʻa boshchiligidagi yigitlar Bahodirjon, Muzaffar, Shavkat va Azimjonlar peshma-pesh oʻtin yorib, kelinposhshalarga koʻmakdosh boʻldilar. Gurillab yonayotgan olov taftida qaynagan qozon yuzasi avval oppoq koʻpiklandi, soʻng tiniqlashdi. Qaynagan sari yuzi ochilishib borayotgan sumalak toʻla qozonni kovlayotgan kelin-u qizlarning quvonchi yanada ortdi.
Sumalak sayli bahona, chordaralik onaxonlar, kelin-u qizaloqlar, jajji bolajonlar rosa yayradilar. Chillak, qocharmon, chakma-chak kabi xalq oʻyinlari qizigandan-qizidi. Koʻngillarni oʻstirgan laparlar, oʻlanlar, sumalak taomi bilan bogʻliq rivoyat-u afsonalar yana xotiralarda boʻy tikladi.
Sumalak saylining gashti ham shunda. Biri oʻlan aytgan, biri lapar kuylab, yosh-yalanglarni oʻyinga chorlagan lahzalar bahorning oʻziga xos jilvalariga, sumalakning xushboʻyi va kurtak yozayotgan dov-daraxtlarning, maysalarning ajib iforiga qorishib ketadi.
Chordaralik onaxonlar bosh boʻlgan sumalak sayli ana shunday totli lahzalarga boy boʻldi. Chor-tarafga xushboʻy taratib pishgan sumalak dasturxonlarga tortilmasdan avval mahallaning eng keksa onaxoni Momojon enaga, qoʻni-qoʻshnilarga tortiq qilindi. Sumalak barchaga yetdi, shirin taʼmi bolajonlarga quvonch bagʻishladi.
Koʻngillarni birlashtirgan sumalak sayli chordaraliklar qalbida bobomeros urf-odat va anʼanalarga nisbatan cheksiz mehr uygʻotdi.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶