Iqtidorli bitiruvchilar oltin hamda kumush medallari bilan taqdirlandi
Mamlakatimiz boʻylab joriy oyda “Yoshlar oyligi” oʻtkazilmoqda. Oylik doirasida 20-iyun sanasida Amudaryo tumani hokimi tumandagi faol yoshlar bilan uchrashdi.
Mazkur uchrashuv mobaynida tumanimizdagi iqtidorli, oʻz bilimi, xulq-atvori bilan boshqalarga naʼmuna boʻlayotgan, tashabbuskor, ijodkor, oʻz ustida tinmay ishlaydigan, intiluvchan, jamoat ishlarida faol boʻlgan maktab bitiruvchilari tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev tomonidan oltin hamda kumush medallari bilan taqdirlandilar.
Tumanimizdagi 11-sinf bitiruvchilar ushbu medallar egalari boʻldilar. Tuman Xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli 1-sonli maktab bitiruvchisi Kamron Oʻrinboyev, 56-sonli maktab bitiruvchisi Islombek Fayzullayevlar oltin medallar bilan taqdirlandilar.
Shuningdek, 28-sonli maktab bitiruvchisi Bahodir Yendirov, 87-sonli maktab bitiruvchilari Dildora Ismoilova, Durdona Sobirova, Yulduzxon Yoʻldashevalar kumish medallari sohiblari boʻldilar.
Maʼlumot tariqasida keltirish joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari va akademik litseylarning iqtidorli bitiruvchilarini oltin va kumush medallar bilan taqdirlash tartibi toʻgʻrisida nizom”ga asosan umumiy oʻrta taʼlim muassasalari, shu jumladan, ixtisoslashtirilgan maktablar, ixtisoslashtirilgan sanʼat va madaniyat maktab-internatlar, sport yoʻnalishidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar hamda akademik litseylarning iqtidorli bitiruvchilarini oltin va kumush medallar bilan taqdirlash tartibi belgilangan.
Unga koʻra oltin medal umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik toʻgʻrisidagi aʼlo darajali shahodatnomasi mavjud boʻlgan, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 10- va 11-sinflarida barcha fanlar boʻyicha yakuniy nazoratlar, chorak va yillik baholari aʼlo boʻlgan yoki akademik litseylarning barcha kurslarida barcha fanlar boʻyicha yakuniy nazoratlar, yarim yillik va yillik baholari aʼlo boʻlgan, namunali xulq-atvorli va jamoat ishlarida faollik koʻrsatgan bitiruvchilarga beriladi.
Kumush medal umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik toʻgʻrisidagi aʼlo darajali shahodatnomasi mavjud boʻlgan, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 10- va 11-sinflarida yoki akademik litseylarning barcha kurslarida barcha fanlar boʻyicha yillik baholari aʼlo boʻlgan, namunali xulq-atvorli va jamoat ishlarida faollik koʻrsatgan bitiruvchilarga beriladi.
Tuman hokimi tumanimizning kelajagi yaratuvchilari boʻlgan yoshlarni mazkur medallarni olganliklari bilan samimiy tabriklab, ularni tarbiya qilib voyaga yetkazgan ota-onalari hamda taʼlim-tarbiya bergan ustozlariga rahmatlar aytdi. Sultonboy Yoʻldashev oʻz soʻzi yakunida oltin hamda kumush medallari egalari boʻlgan bitiruvchilarga kelgusidagi oʻqish va ishlarida omad hamda muvaffaqiyatlar tilab, yuksak ishonch bildirdi.
Shuningdek, tadbir doirasida tuman hokimi tomonidan Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi tuman Kengashi qoshidagi Sardorlar kengashi aʼzolari ham oʻzlarining jamoat ishlarida faolligi, tashabbuskorligi, sardorlik faoliyatida erishayotgan yutuqlari uchun esdalik sovgʻalari bilan ragʻbatlantirildi.
Uchrashuv yakunida tuman hokimi yoshlarni kelgusida vatan ravnaqiga, taraqqiyotiga hissa qoʻshish hamda jonajon Oʻzbekistonimiz nomini butun dunyoga tanitib, ularga bildirilayotgan ishonchni oqlashga hamda vatanga munosib farzand boʻlishga chorladi. Buning uchun esa, albatta, tinimsiz oʻz ustida ishlash, ilf-fan sirlarini mukammal oʻrganish, faqat olgʻa intilish lozimligini taʼkidladi.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶