Biz front ortida fidoyilik qilganmiz
Dorilomon kunlarda yashayapmiz. Bugungi tinch, osuda, farovon hayotimizga ming-ming shukronalar aytaman. Axir ne bir qora kunlarni boshdan kechirdik-a!
Esimda: 1941-yilning kuzi edi. Mangʻit tumanida jinoyat qidiruv boʻlimi boshligʻi lavozimida ishlovchi otam Nurmuhammad Musinni onajonim ikkimiz urushga kuzatib qoldik. Har kuni ellik-yuz nafar hamyurtlarimiz jangga otlanishardi. Ikki-uch oy ichida mahalla-koʻyda ishga yaroqli erkak zoti qolmadi hisob. Men urush boshlangan yili 16 yashar oʻsmir qiz edim. Onamning yonida oilamiz tashvishlarini bab-baravar tortar, kecha-yu kunduz tinim bilmay ishlardik. Rus tilini yaxshi bilganim, aʼlochi oʻquvchi boʻlganim uchun meni oʻsha paytdagi "Stalinchi” tuman gazetasi bosmaxonasiga ishga olishdi. Zamon ogʻir, bir burda non jonday aziz. Ish esa baridan ogʻir va mashaqqatli edi. Xuddiigna bilan quduq qaziganday, bitta-bittalab harf terardik gazeta maqolalari uchun. Gazetaning birgina sahifasini tayyorlash uchun soatlab urinardik.
Urush yillari front orqasida ishlash hech kimga oson boʻlmagan. "Hamma narsa front uchun!” shiori ostida kecha-kunduz Gʻalaba va Tinchlik orzusi bilan ishlardik. Hech kim: "mening maoshim qani, qancha?”, deb soʻramasdi. Qoʻlimizda oziq-ovqat uchun berib qoʻyilgan kartochka bilan soatlab navbatda turib, arzimagan oq yogʻ yoki "payog” olardik. 1940 yildan to 1956-58-yillargacha qornimiz toʻyib ovqat yeganimizni eslay olmayman. Endi bilsam, front ortida, mehnat frontida fidoyilik qilganlarning Tinchlikni asrashga qoʻshgan hissasi jangchilarnikidan kam boʻlmagan ekan.
Bugungi tinchlik ana shunday fidoyiliklar evaziga kelganligini unutmasligimiz va uning qadriga yetishimiz kerak.
Raziya Musina,
(Foto - http://uza.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶