ONA TILIM SOFLIGI – MILLAT BARQARORLIGI
Til sofligini saqlash, adabiy til qoidalari buzilishining oldini olish, davlat tilini boyitish, Vatan va millat taqdiriga befarq boʻlmagan har bir insonning burchi hamda vazifasidir.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qoʻyilgan va oʻzbek tili mustaqil davlatimizning bayrogʻi, gerbi, madhiyasi qatorida turadigan qonun bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramziga aylandi.
Vatanimiz mustaqilligining maʼnaviy asoslarini mustahkamlash, xalqimiz, avvalo, yosh avlodni milliy qadriyatlarimizga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda oʻzbek tilining ahamiyati tobora ortib bormoqda. Shu kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida “Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqidagi” Qonuni qabul qilinganining 31 yilligi keng nishonlanmoqda.
Davlat tilini boyitish, yanada takomillashtirish, til madaniyatini yuksaltirish borasidagi saʼy-harakatlarni kuchaytirish faqat biz oʻqituvchilarning emas, balki millat ertasini oʻylaydigan har bir ziyolining zimmasidagi masʼuliyat, vijdon amri ekanini unutmasligimiz kerak. Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish maqsadida Prezident Farmoni qabul qilinib, 21-oktabr – “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb eʼlon qilindi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida davlat tilini rivojlantirish Departamenti tashkil etildi. Departamentning asosiy vazifalaridan biri davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshirish, ushbu sohada jamoatchilik nazoratini joriy etishdan iborat.
Prezident Farmoniga koʻra, davlat tili haqidagi Qonunning yangi tahriri ishlab chiqilishi, shuningdek, ilmiy asoslangan yangi soʻz va atamalarni rasmiy isteʼmolga kiritish boʻyicha Atamalar Komissiyasi tashkil qilinishi koʻzda tutilgan.
Bunda atamalar asosan oʻzbek tilida kiritilishini istardim, chunki hozir oʻzbek tilimizga oʻzlashgan soʻzlar aynan ingliz, rus kabi tillarida ishlatilyapti. Bu holat adabiy til rivojiga jiddiy toʻsiqdir. “Qaysiki yurtni yoʻq qilmoqchi boʻlsang avval uning ona tilini yoʻq qil. Shunda u xalq oʻz-oʻzidan yoʻqoladi”, deguvchi millat va tilimiz dushmanlariga juda qoʻl kelishi aniq. Shuning uchun oʻzligimiz ramzi boʻlgan ona tilimizning sofligini saqlaylik. Prezidentimiz davlat tili sofligini saqlashga katta eʼtibor qaratmoqda. Demak, biz har birimiz bunga oʻz hissamizni qoʻshishimiz kerak. Xulosa qilib aytganda, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, Yurtboshimiz omon boʻlsin. Davlatimiz doimo ravnaq topsin, farzandlarimiz zamonaviy texnologiyalarni yanada puxtaroq egallab, bundan-da aqlliroq, zukkoroq, bilimdonroq boʻlib yetishsin va bizdan koʻra baxtliroq yashasin! Jahonda oʻzbek tili va oʻzbek elining obroʻsi tobora oshib boraversin.
Muborak XALILLAYeVA, 1-sonli maktab ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶