MAKTABDA «QORAQALPOQ MILLIY KIYIMLARI» MAVZUSIDA OChIQ DARS OʻTKAZILDI
«Maktab voyaga yetayotgan avlod tafakkurini shakllantirish ustaxonasidir. Agar kelajakni qoʻldan chiqarishni istamasang, maktabni qoʻlda mahkam tutmogʻing kerak», degan edi mashhurlardan biri.
Har bir insonning shakllanishida, hayotda oʻz oʻrnini topishida maktab taʼlimining oʻrnini hech narsaga qiyoslab boʻlmaydi. Bugungi kunda taʼlim tizimiga, oʻqituvchilarning jamiyatdagi nufuzini, mavqeini oshirishga, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilayotgan ulkan eʼtibor zamirida ham tarbiya sifatini oshirishdek ulkan maqsad mujassam.
Tumanimizning chekka hududi Uyshin mahallasida joylashgan 47-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida ham oʻquvchi-yoshlarga fan asoslarini chuqur singdirish, ilm-maʼrifatli qilib voyaga yetkazishga astoydil harakat qilishmoqda. Oʻqituvchilar oʻz dars mashgʻulotlari innovatsion texnologiyalar asosida qiziqarli tarzda tashkil qilishib, oʻquvchilarning puxta oʻzlashtirishlariga erishmoqdalar.
Yaqinda maktabning qoraqalpoq tili fani oʻqituvchisi Sadoqat Avazmurodovaning 5-«V» sinfida dars taqdim rejasiga asosan tashkil etgan «Qoraqalpoq milliy qiyimlari» mavzusidagi ochiq darsi dars kuzatuvchilari boʻlgan maktab maʼmuriyati, oʻqituvchilar tomonidan yuqori baholandi.
Ochiq darsda avvalo oʻqituvchi oʻquvchilarga dars mavzusini eslatdi va doskaga yozib qoʻydi: «Qoraqalpoq milliy kiyimlari». Mavzu yuzasidan qilgan maʼruzasida qoraqalpoq zaminining tarixi juda boy ekanligini, mamlakatimizda istiqomat qiluvchi xalqlar orasida ozchilikni tashkil etsa-da, oʻz milliy anʼanalarini, urf-odatlarini saqlab kelayotgani, xalqi, tarixi kabi bu qadriyatlari ham juda boy va hayotbaxsh ekanligi xususida gapirdi. Taʼkidlanishicha, qoraqalpoq xalqining milliy madaniyati, jozibali sanʼati, mumtoz adabiyoti va folklorida bu yaqqol koʻrinib turadi. Ana shunday maʼnaviyatli xalqning milliy kiyimlari ham oʻziga xos. Ularning turmush tarziga eʼtibor berilsa, bu borada boshqa xalqlarda uchramaydigan oʻziga xos koʻpgina jihatlarni koʻrish mumkin. Xususan, kiyinishida yoshi, kasbi, ahvoli, yigitlarning uylangan yo boʻydoqligi, qizlarning ham turmushga chiqqani yo chiqmagani ifodalangan. Ular paxta, ipak, jundan toʻqilgan gazlamalardan, qoʻy-echki terisidan ishlangan kiyimlar kiygan. Erkaklar ustlariga poʻstin, chopon, chakmon va boshiga doʻppi, malaqay, choʻgirma kabi bosh kiyimlar kiygan. Qoraqalpoq qizlari kichkinaligidan kasb-hunarga oʻrgatilgan, kiyimlariga naqshlar bilan pardozlar bergan, bilakuzuk taqish urf boʻlgan, uzatilgan qiz saukele bosh kiyimini kiygan.
Shunisi eʼtiborliki, oʻqituvchi sinfni dars mavzusiga xos bezatib, qoraqalpoq milliy kiyimlari koʻrgazmasini tashkil etdi va ochiq darsining maqsad va mazmunini, mavzuning ahamiyatini oʻquvchilar ongiga singdirishga harakat qildi.
Oʻqituvchi ushbu liboslarning har birini alohida taʼriflab berishi oʻquvchilarda ulkan taassurotlar qoldirdi. Shuningdek, oʻquvchilar ham bu borada oʻz fikrlarini bildirib, qoraqalpoq milliy kiyimlari haqida koʻpgina bilimlarga ega ekanligini namoyish qildilar va sheʼrlar ijro etdilar.
Ochiq dars kuzatuvchilarga va oʻquvchilarga juda manzur boʻldi.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶