18-may – Xalqaro muzeylar kuni. TUMAN TARIX VA OʻLKAShUNOSLIK MUZEYIDA “OChIQ EShIKLAR KUNI” TADBIRI OʻTKAZILDI
Muzeylar – Xalq tarixining koʻzgusi. Chunki xalq oʻtmishi, urf-odat va anʼanalari, turmush tarzini ifoda etuvchi jamiki ashyolar, dalillar, osori antiqalar ana shu koshonada jamlanadi. Oʻsib kelayotgan yosh avlodning maʼnaviy dunyosini boyitish, ularni Vatanga muhabbat va sadoqat, bobomeros maʼnaviy qadriyatlarga mehr-muhabbat va hurmat ruhida tarbiyalashda muzeylarning oʻrni beqiyos. Shu bois, butun dunyoda boʻlgani kabi mamlakatimizda ham 18-may – Xalqaro muzeylar kuni sifatida keng nishonlanadi, muzeylar faoliyatiga eʼtibor qaratilib, madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etiladi, sayohatlar uyushtiriladi. Ushbu sana munosabati bilan tumanimizda tashkil etilgan Amudaryo tuman tarix va oʻlkashunoslik muzeyida “Ochiq eshiklar” kuni tadbiri oʻtkazildi.
Maʼlumki, 9-may – Xotira va qadrlash kuni – fashizm ustidan qozonilgan Gʻalabaning 76 yilligi bayrami arafasida ochilgan tarixiy-oʻlkashunoslik muzeyi xalqimiz hayotida juda katta maʼnaviy-maʼrifiy ahamiyatga ega voqea boʻldi. Yillar davomida zamonaviy meʼmoriy yechimga ega muzey binosi bunyod etilishini orziqib kutgan xalqimiz uchun muzey foydalanishga topshirilgan kun katta shodiyonaga aylandi.
Shuni alohida eʼtirof etish kerakki, muzey oldida tashkil etilgan ixcham ikki ayvondagi Ikkinchi jahon urushi qurbonlarining ism-shariflari zarhal harflar bilan bitilgan lavhalar oldidan aslo beparvo oʻtish mumkin emas. Bu lavhalarda bugungiday dorilomon kunlar uchun jonlarini fido etgan, xoklari urush boʻlib oʻtgan yurtlarda qolgan yuzlab yurtdoshlarimizning nomlari qayd etilgan.
“Ochiq eshiklar” kuni tadbirida muzeyga tashrif buyurgan 42-sonli umumtaʼlim maktabining bir guruh oʻquvchi-yoshlari avval muzey oldida did va mahorat bilan bunyod etilgan gulzorlar, favvoralarni tomosha qildilar, Marmar lavhalarda bitilgan, ikkinchi jahon urushida shahid ketgan qahramon jangchi-bobolarining ism-shariflarini oʻqib, faxrlandilar. Motamsaro ona yodgorligi poyida turib, qiyofasida ona Yurt timsoli aks etgan, hamon jigarbandi yoʻliga koʻzlari nigoron Onaizor uchun sukut saqlab, taʼzim bajo qildilar.
Shundan soʻng, faxriy ustoz, mustaqil izlanuvchi tarixchi va oʻlkashunos Shavkat aka Chorshamov oʻquvchilarga ushbu muzeyning qurilishi, muzey eksponatlari, bezak ishlari, muzey hovlisidagi zamonaviy meʼmoriy uslubdagi barcha koʻrinish va manzaralarni bunyod etish borasida amalga oshirilgan keng qamrovli ishlar va bu boradagi tuman hokimligi tomonidan koʻrsatilgan begʻaraz yordam haqida batafsil maʼlumot berdi.
Oʻquvchi-yoshlar muzey eksponatlarini katta qiziqish bilan tomosha qildilar.

Xususan, tumanimizning bir necha yuz yillik tarixini oʻzida aks ettiruvchi osori atiqalar, xalqimiz oʻtmishidan to bugunga qadar yetib kelgan bebaho yodgorliklar, hali ham aslini, qadr-qimmatini yoʻqotmagan turfa liboslar, turli davrlarga xos ish qurollari, roʻzgʻor buyumlari, tadbirkor ota-bobolarimiz tomonidan ishlatilgan yogʻ ishlab chiqarish juvozlari, suv haydovchi chigʻir va charxpalak, madaniy-maʼrifiy hayotni oʻzida aks ettirgan noyob qoʻlyozmalar, mangʻitlik sanʼatkorlarga tegishli qadimiy sozlar, oʻquvchi-yoshlarda juda katta qiziqish uygʻotdi.
Tadbir ishtirokchilariga faxriy ustoz Shavkat aka Chorshamov muzeyning koʻrgazma zallarida jamlangan har bir eksponat haqida batafsil maʼlumotlar berdi.
Oʻquvchi-yoshlar ham oʻz navbatida muzeydan olgan taassurotlari haqida soʻzlab, tumanimizda tashkil etilgan tarixiy-oʻlkashunoslik muzeyiga sayohat uyushtirganliklari uchun 42-sonli maktab direktorining maʼnaviy-maʼrifiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Farhod Bekberganov hamda ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi Robiya Yoʻldoshevaga minnatdorchilik bildirishdi.
Ikki qavatdan iborat muzeyning har bir boʻlimi alohida eʼtibor va did bilan bezatilgani muzeyga tashrif buyuruvchilar uchun maroqli sayohat qilish muhitini yaratgan. Eksponatlarning nomlanishi, qaysi davrga xosligi, kim tomonidan muzeyga taqdim etilgani haqidagi maʼlumotlarning mavjudligi sayohatchilarning qiziqishlarini oshirish bilan birga, xalqimizning tarixiy-maʼnaviy ildizi nihoyatda teranligi, bobomeros urf-odat va anʼanalarning umriboqiyligini chuqur anglatadiki, bu esa har bir qalbda oʻzi tugʻilib-oʻsgan zaminga, Vatanga mehr-muhabbat tuygʻusini yanada mustahkamlaydi.
Xalqaro muzeylar kuni munosabati bilan tashkil etilgan “Ochiq eshiklar” tadbirida faxriy ustoz, mustaqil izlanuvchi tarixchi-oʻlkashunos Shavkat aka Chorshamov sayohatchi-oʻquvchilarga muzeylarning Vatanimiz, taraqqiyotida, madaniy-maʼrifiy hayotida tutgan oʻrni gʻoyat muhim ekanligini taʼkidlab, bu kabi sayohatlar oʻquvchi-yoshlar bilimini oshirishda, dunyoqarashini kengaytirishda katta ahamiyatga ega ekanligini, muzey eksponatlarini yanada boyitishda har bir amudaryolik oʻz hissasini qoʻshishi zarurligini qayd etdi.
Darhaqiqat, muzeylar – ilm-maʼrifat oʻchogʻi. Ularda jamlangan tarixiy buyumlar, noyob qoʻlyozmalar, Amu boʻyi ayollari kiygan turli davrlarga xos turfa liboslar, hunarmandchilik anʼanalarini oʻzida mujassam etgan kulolchilik sanʼati durdonalari, qoʻyingki, muzeydagi jamiki eksponatlar yuksak bilim va salohiyat mahsuli ekanligini anglash qiyin emas. Davr taraqqiyoti bilan hamohang rivojlanib, taraqqiy etib borgan buyumlarning bugungi hayotimizdagi koʻrinishi aynan ana shu tarixiy ildizlardan yaralgan va buni aslo inkor eta olmaymiz.
Tumanimiz tarixiy-oʻlkashunoslik muzeyi ham, taʼbir joiz boʻlsa, xalqimizning buyuk va betakror tarixining koʻzgusi, ilm-maʼrifat oʻchogʻidir. Bu maskanga har bir amudaryolik, har bir yosh, albatta tashrif buyurmogʻi joiz.
Muzeyga Amu eli tarixining teran ildizlaridan kuch olmoq uchun ham sayohat qilmoq kerak, azizlar!
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶