“Qoraqalpoq suv taʼminoti” MChJ Amudaryo tumani filiali mutaxassislarining tumanimiz aholisiga MUROJAATI
Har qatra suv – hayot kabi aziz, buni unutishga haqqimiz yoʻq!
Hurmatli tumanimizning mehnatkash va fidoyi xalqi!
Xabaringiz bor, bugungi kunda pandemiya butun dunyo ahlini tahlikaga solmoqda, bu esa oʻz navbatida jahonda va mamlakatimizda ham karatin eʼlon qilinishiga olib keldi. Pandemiya va boshqa ekologik sabablarga koʻra, insoniyat 2030-yilga borib 40 foiz mikdorida global suv tanqisligiga yuz tutadi. YuNESKOning dunyo xalqlariga Murojaatida taʼkidlanishicha, global hususiyatga ega boshqa muammolar vaziyatni yanada ogʻirlashtiradi. Bugungi kunda mavjud resurslarning qadriga yetmay, moddiy va maʼnaviy neʼmatlarning behuda sarflanishi holati kamayish oʻrniga kundan-kunga ortib bormoqda.
Sayyoramizda ekologik muvozanatni saqlovchi suvning hayotiy zarurat ekanligi barchamizga maʼlumdir. Suv borasidagi isrof haddan oshganligi oqibatida yuz berayotgan muammolarni bugun barchamiz koʻrib-bilib, his etib turibmiz. Obi hayot muammosi Birlashgan Millatlar Tashkiloti darajasida 1972-yildan boʻyon muhokama qilinib kelinadi. Ushbu tashkilot xabariga koʻra, ayni paytda Dunyo boʻyicha 31 ta davlat suv inqirozi bilan toʻqnash kelgan. Ayni damda butun dunyoda 2,5 mlrd. odamni suv bilan taʼminlash muammo boʻlib qolmoqda, 1,5 mlrd. aholi toza ichimlik suviga ehtiyoj sezmoqda. Xoʻsh, bunday vaziyatda biz qanday hulosalar chiqarib yashayapmiz yoki toʻgʻrirogʻi, yashashimiz kerak? Ijtimoiy tarmoqlarda “Ichimlik suvi bosimi past”, “Ichimlik suvi yoʻq, suv taʼminoti hodimlari qayerga qarab turibdi?” qabilidagi murojaatlar paydo boʻlmoqda.
Shuni inobatga olgan holda, yuzaga kelgan vaziyatdan toʻgʻri va oqilona foydalanish lozimligi xususida baʼzi bir fikrlarimizni bayon qilmoqchimiz.
Bugungi kunda filialimizda 67 nafardan ortiq ishchi hodimlar tun-u kun oʻz xizmat vazifalarini fidokorona bajarib, aholiga ichimlik suvini yetkazib bermoqdalar. Shu bilan birga yozning issiq, jazirama kunlari yaqinlashgan sari ichimlik suvi istʼemoli sezilarli darajada oshib ketmoqda. Ushbu vaziyatda aholi tomonidan ichimlik suvidan ekinlarni sugʻorish hollari kuzatilmoqda. Bu esa boshqa hududlarda ichimlik suvi yetkazib berishning samarali tashkil etilishiga oʻzining salbiy taʼsirini oʻtkazmoqda.
Ichimlik suvidan ekinlarni sugʻorish hamda boshqa maishiy maqsadlarda foydalanish tufayli tuman hududida joylashgan koʻp qavatli uy-joylarning yuqori qavatlariga va markaziy tarmoqdan suv oluvchi chekka hududlardagi aholiga ichimlik suvi yetib bormasligi va shu kabi bir qator ijtimoiy muammolar kelib chiqmoqda va ichimlik suvining taqsimlanishi va taʼminotining sezilarli darajada izdan chiqishiga sabab boʻlmoqda. Shu bilan birga ushbu jarayonlarda noqonuniy foydalanuvchi, isrofgarchilikka yoʻl qoʻyib kelayotgan isteʼmolchilarga nisbatan tegishli tartibda choralar koʻrilmoqda. Birgina 2021-yilning oʻtgan 5 oyi davomida 20 dan ortiq ulgurji korxonalar va aholi orasida ichimlik suvidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Bunda asosiy omil mavsumiy sugʻorish ishlarining belgilanmagan vaqtda amalga oshirilishi, oʻrnatilgan suv hisoblagichlari yaroqsiz holda boʻlsa ham foydalanish, tarmoqqa noqonuniy yoki texnik shartlarsiz ulanishlar sabab boʻlmoqda. Bu esa oʻz navbatida hududlarda suv taʼminoti bosimi pasayib, aholining suvga boʻlgan ehtiyoji qondirilishida muammolar yuzaga kelishiga sabab boʻlmoqda. Birgina oʻtgan davrni, xususan, qish, bahor va yoz mavsumlarini tahlil qilganimizda qish mavsumiga oʻrtacha bir oyga 70 ming. m3 ichimlik suvi ishlatilgan boʻlsa bahorga kelib 120 ming.m3 atrofida, yozning issiq kunlarida 200 ming.m3 atrofida ichimlik suv sarflangan. Bu asosan bahor va yoz oylarida suvdan noqonuniy foydalanish holatlari koʻpayganidan dalolatdir.
Agar har bir inson ichimlik suvidan tejab-tergab foydalansa, nafaqat oʻzi uchun, balki mahallasi, tuman, boringki, Respublika miqyosida ichimlik suvni tejashga juda katta hissa qoʻshgan boʻlardi. Bu barchamizning qoʻlimizdan keladi.
Hurmatli nuroniylar, mahalla fuqarolari, taʼlim muassasalari, korxona va tashkilot rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari – qadrli isteʼmolchilar!
Bir hayot haqiqati bor: “Kim nimani hor qilsa, oʻshanga zor boʻladi”, deyishadi. Ayniqsa, ichimlik suvini isrof qilib boʻlmaydi. Suv - bu sayyoramizning asosiy tabiiy boyligi hisoblanadi. Suvni ichamiz, kundalik ehtiyojlarimiz uchun ishlatamiz lekin uni isrof qilayotganimizni xayolimizga ham keltirmaymiz. Tejamkorlikni suvning har bir tomchisini eʼzozlashdan boshlamogʻimiz kerak va shartdir. Toma-toma koʻl boʻlur, deb xalqimiz bekorga aytishmagan. Ming yillar davomida suv xalqimiz uchun faqat moddiy farovonlik omili boʻlibgina qolmay, ayni chogʻda maʼnaviy yuksaklik timsoliga ham aylangandir. Bu neʼmatning isrofi haqida ham diniy, ham dunyoviy ilmda undan oqilona va samarali foydalanish haqida qayta-qayta taʼkidlangan. Xususan, paygʻambarimizning hatto tahorat paytida ham suvni tejamkorlik bilan ishlatish, daryoning boʻyida turganda ham suvdan oqilona foydalanish kerakligi haqidagi hadislari hammamizga maʼlum va ayondir. Isrofgarchilik - bu avvalo, gunohga yetaklaydi, oilaviy daromadimizning kamayishiga olib keladi.
Aziz yurtdoshlar!
Bugungi kunda tumanimizda ne-ne mashaqqatlar orqali yetkazib berilayotgan ichimlik suvini asrab-avaylash, undan oqilona foydalanish va isteʼmol qilingan ichimlik suvi uchun toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirish orqali tejamkorlikka oʻz xissamizni qoʻshsak, ayni muddao boʻladi.
Xalqimiz uchun qulaylik yaratish maqsadida 2021-yilda 18,9 km. uzunlikdagi ichimlik suvi tarmogʻi yangidan yotqizilib, 6 ta suv inshooti yangidan qurilmoqda. Lekin shu oʻrinda yana bir narsani aytish lozim, ichimlik suvidan, shu bilan birga mavjud jihozlardan oqilona foydalanish, xalq, yaʼni jamiyat mulkini asrab-avaylash oʻrniga ayrim fuqarolar tomonidan suv quduqlari qopqoqlarini oʻgʻirlash, sindirib tashlash, katta-katta yuk mashinalarining bu jihozlarga talofat yetkazish holatlari juda koʻp uchramoqda.
Qanchadan-qancha, milliardlab soʻm mablagʻ sarflanib, ichimlik suvi keltirgan ishchi va idoraning qadriga yetib, obi hayotning har qatrasini asrab-avaylash har birimizning insoniy burchimizdir. Chunki har qatra suv – hayot kabi aziz, buni unutishga haqqimiz yoʻq.
A.RAJAPOV, “Qoraqalpoq suv taʼminoti” MChJ Amudaryo tumani filiali boshligʻi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶