Tumanimizda Respublika «Maʼnaviyat festivali» doirasida qator tadbirlar oʻtkazilmoqda
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi «Maʼrifat» targʻibotchilar jamiyati yurtboshimiz tomonidan belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida anʼanaviy «Maʼnaviyat festivali»ni oʻtkazmoqdalar. 28-iyun kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasida “Maʼnaviyat festivali”ga start berildi.
Respublika miqyosida festival doirasida turli tadbirlar, uchrashuvlar, matbuot anjumanlari, kontsert dasturlari, oʻquv seminarlari tashkil qilinmoqda. Festivalda taniqli aktyor va aktrisalar, sanʼat vakillari, yozuvchi va shoirlar, jurnalistlar, maʼnaviyat va maʼrifat sohasida samarali mehnat qilib kelayotgan oʻqituvchilar, nuroniy va faxriylar, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyatining aʼzolari, talaba va oʻquvchilar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etmoqdalar.
29-iyun kuni festival doirasidagi tadbirlar Amudaryo tumanida davom ettirildi. Dastlab “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzolari “Maʼrifat tur” loyihasi doirasida tumanimizdagi Chilpiq tarixiy yodgorligiga sayohat uyushtirdilar. Mehmonlar sayohat davomida Chilpiq meʼmoriy yodgorligi hamda tumanimiz tarixi bilan ham tanishdilar.
Aytish kerakki, Chilpiq tumanimizdagi eng qadim tarixdan xabar beruvchi qadamjo boʻlib, mazkur tarixiy yodgorlik miloddan avvalgi I asrning ikkinchi yarmi va milodning I asrida tabiiy tepalik yuqorisida diametri 65 metr boʻlgan halqa shaklida qurilgan. 2019-yilda meʼmoriy yodgorlikni qayta taʼmirlash ishlari olib borilgan. Hozirda sayyohlar uchun qulay sayohat maskaniga aylangan. Tepalikka chiquvchi zinapoyalar, yoʻlaklar qurilgan, tungi chiroqlar oʻrnatilib, atrofi obodonlashtirilgan. Maʼnaviyat targʻibotchilari Chilpiq meʼmoriy yodgorligiga sayohat jarayonida tumanimizning turizm salohiyati bilan ham tanishdilar.
Shu oʻrinda qayd etish kerakki, butun yurtimiz boʻylab oʻtkazilayotgan “Maʼnaviyat festivali” aholining keng qatlamlari, avvalo, yoshlar qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat, insonparvarlik fazilatlarini tarbiyalash, milliy urf-odat, anʼana va qadriyatlarning hayotimizdagi oʻrni va ahamiyatini har tomonlama ochib berishga xizmat qilmoqda. Oʻtgan yillar davomida festival doirasida oʻndan ortiq loyiha hayotga tatbiq etilmoqda. Xususan, «Yangi Oʻzbekiston – yangi Renessans sari!», «Maʼrifat ulashib...», «Yangi Uygʻonish davri kitob va kutubxonalardan boshlanadi», «Mening farzandim – Oʻzbekiston faxri», «Faol fuqaro», «Maʼrifat tur», «Maqom kechalari», “Baxtli bolalik” kabi loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.
Joriy yilda ham milliylik va zamonaviylik mujassam boʻlgan «Maʼnaviyat festivali»ni oʻtkazishga katta tayyorgarlik koʻrildi. Festivalni mamlakatimizning barcha maʼmuriy hududlarida reja asosida oʻtkazish belgilangan. Shunga asosan Respublika ishchi guruhi tomonidan barcha hududlarda, xususan, Amudaryo tumanida ham «Maʼnaviyat festivali»ga puxta tayyorgarlik koʻrildi.
Tumanimizda “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida oʻtkazilayotgan "Maʼnaviyat festivali" doirasida tuman Mahalla va oilani qullab-quvvatlash boʻlimida, 82-sonli umumtaʼlim maktabi hamda 9-sonli Bolalar musiqa va sanʼat maktablarida maʼnaviyat soatlari boʻlib oʻtdi. Ularda “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzolari, hududdagi mahalla fuqarolar yigʻini raislari va ziyolilar, faol yoshlar ishtirok etdilar.
Maʼnaviyat soatlarida Prezident Administratsiyasi masʼul xodimi Abduhalil Mavrulov, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzolari - Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, shoir Bobur Bobomurod, falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova hamda Oʻzbekiston xalq artisti Muyassar Razzoqova, Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir Oʻktam Mirzayorlar ishtirok etdilar.
Maʼnaviyat soatlarida soʻzga chiqqanlar mazkur festivalning ahamiyati, amalga oshirilayotgan loyihalar mazmun-mohiyati borasida fikr-mulohazalarini bildirishdi. Shuningdek, har bir inson yuksak maʼnaviyat egasi boʻlishga intilishi lozimligi, kishilar fel-atvoridagi ijobiy hamda salbiy fazilatlarning inson hayotiga taʼsiri xususida soʻz yuritildi. Qolaversa, har bir hududning oʻziga xosligiga qarab loyihalar tanlanayotgani, unda aholi vakillari faol ishtirok etib, festivalga katta qiziqish bildirayotgani taʼkidlandi.
Uchrashuvlarda tumanimizdagi ijodkor yoshlar yigʻilganlarga oʻz isteʼdodlarini namoyish etishdi va tomoshabinlarning olqishiga sazovor boʻldi. Bolalar ijrosidagi qoraqalpoq milliy raqslari hamda qoʻshiqlari barchaga koʻtarinki kayfiyat ulashdi.
Maʼnaviyat soatlarida taʼkidlanganidek, mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama zukko, bilimli, jamiyat hayotida faol etib tarbiyalash, ularda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini kuchaytirish maqsadida keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga uchrashuvlarda oʻsib, voyaga yetayotgan yosh avlodni har tomonlama mukammal va mustaqil fikrlaydigan, qatʼiy hayotiy pozitsiyaga ega boʻlgan yoshlar sifatida tarbiyalash, ularda tizimli tahlil qilish, mantiqiy fikrlash va mohirona munozara olib borish qobiliyatini rivojlantirish hamda oʻquvchi-talabalarda vatanparvarlik tuygʻusini shakllantirishga katta etibor qaratish lozimligi ham qayd etildi. Aholi vakillari tomonidan berilgan savollarga hayotiy misollar bilan javoblar berildi.
Tumanimizda oʻtkazilayotgan “Maʼnaviyat festivali” doirasidagi tadbirlar tuman madaniyat va aholi dam olish maskanida, xotira maydonida davom ettirilishi, festival doirasida “Maqom kechasi” tashkil qilinishi rejalashtirilgan.
Amudaryo tumani hokimligining Axborot xizmati.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶