Tuman Obodonlashtirish boshqarmasi samarali faoliyat yuritmoqda
Tumanimizning koʻrkiga koʻrk qoʻshish, shahar-u qishloqlarning koʻkalamzorlashtirilishida, obodligi va ozodaligini taʼminlashga, yangicha qiyofa kasb etishida tuman Obodonlashtirish boshqarmasi samarali faoliyat yuritib kelmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 10-yanvarda qabul qilingan “Respublika aholi punktlarini obodonlashtirish ishlarini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori asosida respublika shaharlari va tumanlaridagi obodonlashtirish masalalari boʻyicha tashkilotlar, boʻlinmalarning negizida obodonlashtirish boshqarmalari qayta tashkil etilib, Amudaryo tumani Obodonlashtirish boshqarmasi mazkur qaror bilan belgilangan asosiy vazifalar ijrosini taʼminlab kelmoqda.
Xususan, tuman hududidagi obodonlashtiriladigan va koʻkalamzorlashtiriladigan maydonlarda ekilgan manzarali daraxtlar va gul koʻchatlarini parvarish qilish, boshqarma balansida boʻlgan piyodalar yoʻlakchalarining tozaligini taʼminlash, Mangʻit shahri hududidagi ichki irrigatsiya tarmoqlarini tozalash, tuman hududidagi tungi koʻcha yoritish chiroqlarining doimiy ishlashini taʼminlash kabi ishlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, boshqarma tomonidan ichki koʻcha yoʻllarini davlat dasturlari asosida taʼmirlanishi va yangidan qurilishi tashkil qilinib, nazoratsiz hayvonlarni tutish va ularni sanitariya talablari asosida yoʻq qilish, qabristonlar hududlarini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari olib borilmoqda. Boshqarmada jami 180 nafar ishchi xodimlar mavjud boʻlib, mazkur vazifalar ularning mashaqqatli mehnatlari evaziga amalga oshirilmoqda.
Hozirda tuman Obodonlashtirish boshqarmasi eng ulugʻ va eng aziz bayram – mustaqilligimizning 30 yilligini munosib nishonlash maqsadida hududlarni bayramga tayyorlash ishlarini olib bormoqda.
Shuningdek, boshqarma tomonidan Qipchoq yoʻli boʻyidagi ariqlarni, Islomobod koʻchasida yoʻl boʻyida joylashgan piyodalar yoʻlakchasi atrofini tozalash, Buyuk turon koʻchasidagi qurigan daraxt koʻchatlarini kesish, Xolimbeg ovuli hududidagi “Yangiberdi Xoʻja” va Toʻlqin ovulidagi “Xoʻja bobo” qabristonlarini oʻrab turgan toʻsiq devorlarni taʼmirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, joriy yilda “Obod qishloq” va “Obod maxalla” davlat dasturiga kiritilgan Jumurtov shaharchasi va Xitoy ovuli hududlaridagi ichki koʻcha yoʻllarini taʼmirlash ishlari tashkil etilib, aholi tomorqalariga oqar suv yetkazib berish maqsadida ariq qazish ishlari amalga oshirilmoqda. Qolaversa, hududlardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam taʼminlangan oilalarning turar joylarini ham taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.
Taʼkidlash kerakki, tozalik, orastalik bizning qon-qonimizga singib ketgan, ota-bobolarimizdan meros boʻlib qolgan ezgi qadriyatlardan biridir. Mahallamiz, koʻchalarimiz, yurtimiz obodligi, farovonligiga har birimiz masʼul ekanligimizni inobatga olgan holda, obodonlashtirish va tozalik har kunlik hayotiy ehtiyojimizga aylanishi lozim. Ushbu xayrli va ezgu ishlar aslo mavsum tanlamaydi. Zero, saranjom-sarishtali joyda qut-baraka boʻladi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶