“Keksalar haftaligi” doirasida mehnat faxriylari uchun sayohat tashkil etildi
Mamlakatimizda bugungi kunda keksa avlod vakillarini ijtimoiy himoya qilish, ularga eʼtibor va gʻamxoʻrlikni kuchaytirish, ularning turmush sharoitini yaxshilash, faol va mazmunli hayot kechirishlarini taʼminlash, boy hayotiy tajribasidan keng foydalanishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Nuroniy otaxon va onaxonlarimizga qaratilayotgan eʼtiborni yanada kuchaytirish maqsadida joriy yildan boshlab oktyabr oyining birinchi haftasi “Keksalar haftaligi” deya eʼlon qilindi.
Amudaryo tumanida joriy yilda butun mamalkatimiz boʻylab 4-10-oktyabr kunlari oʻtkazilishi belgilangan “Keksalar haftaligi”ga munosib tayyorgarlik koʻrilib, haftalik doirasidagi tadbirlar yuqori saviyada oʻtkazildi. Bu borada Oʻzbekiston taʼlim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Amudaryo tuman boʻlinmasining “Keksalarni eʼzozlash, ularga hurmat-ehtirom koʻrsatish – xalqimizga xos ezgu fazilat” degan gʻoyani oʻzida mujassam etgan “Keksalar haftaligi”ni oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, qator tadbirlar tashkil qilindi.
Xususan, “Oʻzbekiston buylab sayohat qil!” dasturi doirasida keksalar, mehnat faxriylarining muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, respublikamizning tarixiy shaharlariga hamda diqqatga sazovor joylariga sayohatlarini tashkil etish belgilanib, bu borada tegishli choralar amalga oshirildi.
Xususan, 8-oktyabr sanasida Taʼlim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Amudaryo tuman bulinmasi tomonidan tumanimizda fan va taʼlim sohalarda uzoq yillar davomida samaralari mehnat faoliyatlarini yuritib kelgan, ayni paytda keksalik gashtini surayotgan bir guruh mehnat faxriylari muqaddas qadamjolardan biri boʻlgan “Shayx Jalil bobo” ziyoratgohi hamda uzoq oʻtmish hamda tarixdan yodgorlik boʻlgan “Chilpiq” qoʻrgʻoniga tashrif buyurdilar.
“Shayx Jalil bobo” ziyoratgohi qadimiy qadamjolardan biri boʻlib, hozirda u yerga tashrif buyuruvchi ziyoratchilar soni tobora ortib bormoqda. Ziyoratgohga kelgan mehmonlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Mehnat faxriylarimiz Shayx Jalil bobo maqbarasini ziyorat qilishib, bugungi dorilomon kunlarga shukronalar aytib, ajdodlarimiz ruhiga duolar qildilar.
Taʼkidlash kerakki, tumanimizda sayyohlikni rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratilib, bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu oʻrinda qadimiy “Chilpiq” qalʼasini obodonlashtirish maqsadida qator qurilish ishlari bajarilganini qayd etish joiz. “Mangʻit Invest Maksimum” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan mazkur obida tepasiga olib chiquvchi zina va boshqa inshootlar qurilib, ikkitadan shiypon va oʻtov tiklangan. Hozirda dunyoning turli burchagidan ushbu tarixiy qoʻrgʻonga sayohat qiluvchilar soni ortib bormoqda. Mehnat faxriylarimiz “Chilpiq” qalʼasiga sayohat chogʻida uni obod qilish borasidagi ishlar bilan tanishdilar hamda bundan gʻoyat xursand boʻldilar.

Shundan soʻng mehnat faxriylari Nukus shahriga sayohat qildilar. Shahar markazida joylashgan “Mangʻit” choyxonasida mehnat faxriylari uchun bepul tushlik tashkil etilib, dasturxon yozildi. Tushlikdan keyin sayohatchilar marhum Musa Erniyazov qabrini ziyorat qildilar.
Musa Yerniyazov qariyb 50 yillik faoliyati davomida ulkan rahbarlik qobiliyati, insoniy fazilatlari bilan hurmat qozongan, Qoraqalpogʻistonning iqtisodiy salohiyatini oshirish, shahar va ovullarni obod qilish, aholi turmushini yaxshilash uchun oʻzini ayamay mehnat qilgan, xalqimizning haqiqiy qahramoni sifatida yurtdoshlarimiz qalbida mangu yashab kelmoqda. Sayohatchilar Musa Yerniyazov qabrini ziyorat qilish barobarida uning haqiga duo qilib, Qurʼon tilovat qildilar.

Shundan soʻng mehnat faxriylari jahonga mashhur Savitskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston davlat sanʼat muzeyiga tashrif buyurib, rassom, sanʼatshunos, ushbu sanʼat muzeyining yaratuvchisi va birinchi direktori Igor Savitskiyning asarlari hamda u yerdagi koʻplab tarixiy eksponatlar va koʻrgazmalar bilan tanishdilar.
Aytish joizki, Savitskiy nomidagi davlat sanʼat muzeyi Markaziy Osiyoning asosiy sanʼat muzeylaridan biridir. Muzey kollektsiyasi ahamiyati va hajmi boʻyicha dunyoda ikkinchi oʻrinda turadi. Bundan tashqari, muzeyda Qoraqalpogʻiston xalq ijodiyoti buyumlari va qadimiy Xorazm sanʼatiga tegishli ashyolar mavjud boʻlib, ushbu sanʼat muzeyiga sayohat mehnat faxriylarida katta taassurot qoldirdi.

Muzeyga sayohatdan soʻng mehnat faxriylarimiz “Berdaq” nomidagi teatrga borib, adabiyotning yorqin namoyondalardan biri, qator ijodiy asarlari bilan adabiyotshunoslikda oʻchmas iz qoldirgan Chingiz Aytmatov ijodining choʻqqisi boʻlgan “Jamila” qissasi asosida tayyorlangan “Jamila” spektaklini tomosha qildilar hamda madaniy hordiq oldilar.

Maʼlumki, Chingiz Aytmatov qirgʻiz adabiyotining eng isteʼdodli va jahonga tanilgan yirik namoyondalaridan biri boʻlib, adib nomini ilk bor xalqaro miqyosda mashhur qilgan, 1958-yilda yozilgan hamda jahon xalqlarining 40 dan ortiq tillariga tarjima qilingan asar "Jamila" qissasi hisoblanadi. Adibning "Jamila " qissasini Lui Aragon "Muhabbat haqida yozilgan dunyodagi eng ajoyib qissa" deya taʼriflagan. Chingiz Aytmatov ijodidagi eng buyuk asar asosida sahnalashtirilgan teatr mehnat faxriylarimizda ajoyib taassurot qoldirdi.
Ushbu sayohat mehnat faxriylarida katta taassurotlar qoldirib, madaniy va maʼnaviy dam olishlariga imkon yaratdi. Sayohat yakungandan soʻng nuroniy faxriylar bu kabi eʼtibor hamda tashkil etilgan sayohatdan gʻoyat xursand ekanliklarini bildirishib, tashkilotchilarga minnatdorchilik izhor etdilar.
Charos Arslonova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶