FUQAROLAR YIGʻINLARI RAISLARI UChUN OʻQUV-SEMINAR OʻTKAZILDI
Mamlakatimizda bugungi kunda oʻzini oʻzi boshqarish organlari, deya rasmiy nom bilan atalayotgan mahalla mustaqillik yillarida aholiga eng yaqin va xalqchil tuzilmaga aylandi. Mahalla bugunimizni va ertangi kunimizni tutashtirib turuvchi, milliyligimiz timsoli, qadriyatlarimiz va urf-odatlarimizni avloddan-avlodga yetkazuvchi ijtimoiy makondir.
Keyingi yillarda aholining turmush farovonligini, sifatini oshirishda mahallaning rolini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, 2017-yil 3-fevralda qabul qilingan “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining mahalliy ahamiyatga ega masalalarni samarali hal qilishdagi rolini kuchaytirib, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga, shuningdek, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan oʻzaro hamkorligini yanada rivojlantirishga zamin yaratib bergan boʻlsa, 2019-yil 2-aprelda qabul qilingan “Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmon esa fuqarolar yigʻinlarining uyma-uy yurib aholi muammolarini aniqlab va bartaraf etishda davlat idoralari, Xalq qabulxonalari va hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar bilan hamkorligini kuchaytirish yuzasidan aniq vazifalarini oʻrtaga qoʻydi.
Aholi turmushi tinch-osoyishtaligini taʼminlash, oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga koʻtarish, nuroniylar faolligini oshirish, hududlarda jinoyatchilikning oldini olishda 2020-yil 18-fevralda qabul qilingan Prezidentimizning “Jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, mahalla institutini yanada qoʻllab-quvvatlash, oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni muhim asos boʻlib xizmat qilayotir.
Joriy yilning 20-dekabrida tuman Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi binosida soʻnggi ikki yil davomida mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash sohasiga oid qabul qilingan 30 dan ortiq qonun hujjatlari ham davlatimiz rahbarining videoselektor yigʻilishlaridagi nutqida belgilab berilgan ustuvor vazifalarining mazmun-mohiyati, ularni amalga oshirish mexanizmlari haqida maʼlumot berish maqsadida fuqarolar yigʻinlari raislari uchun oʻquv-seminar oʻtkazildi.
Oʻquv-seminarga boʻlim xodimlari, mavjud 49 ta ovul va mahallalar yigʻinlari raislarining barchasi ishtirok etdilar.
Oʻquv-seminarda Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligidan vakil, “Mahalla va oila” ilmiy tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Husniddin Norqulov, Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning Amudaryo tumani boʻyicha bosh mutaxassisi Muzaffar Sherimbetov, tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi xodimi Xushnud Tulavboyev, tuman Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻi Alisher Yoʻldoshev, oʻrinbosari Bahodir Boltaboyevlar kun tartibidagi mavzular yuzasidan 10 ta darslar tashkil etdilar.
Oʻtkazilgan tadbir soʻngida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga masʼullar tomonidan batafsil javoblar berildi.
* * *
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Keksalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq har yilning noyabr oyi “Keksalar uchun turizm oyligi” qilib belgilangan.

Oylik doirasida yoshi ulugʻ nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash, ularning vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida turli ijtimoiy loyihalar amalga oshirilishi belgilab qoʻyilgan. Yurtimiz boʻylab sayohatlar, madaniy-maʼrifiy tadbirlar, uchrashuvlar, “Har kuni 5 ming qadam” shoiri ostida piyoda yurish marafonlari shular jumlasidandir.
Tumanimizda ham oylik doirasida koʻpgina tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Shu yilning 20-noyabrida tumanimizdagi fuqarolar yigʻinlari raislari ishtirokida Mangʻit shahrining Yangiobod mahallasi hududida boʻylab “Har kuni 5 ming qadam” shiori ostida piyoda yurish marafoni oʻtkazildi.
Marafon ishtirokchilari piyoda yurish mobaynida sport bilan shugʻullunish salomatlik garovi ekanligini, bunday jismoniy harakat ayniqsa, ishlab ruhan charchagan kishilarga zarur ekanligini, piyoda yurishni kundalik odatga aylantirganlarini taʼkidladilar.
O.Rajabova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶