STOL TENNISI BOʻYIChA QORAQALPOGʻISTON ChEMPIONATI OʻTKAZILDI
Ikki kishi yoki ikki kishilik guruh orasida oʻynaladigan oʻyini – stol tennisi juda qadimiy hisoblansa-da, Oʻzbekistonga 20 asr boshlarida kirib kelgan.
Ushbu chaqqonlik, epchillik va oʻta hushyorlikni talab etuvchi oʻyin mamlakatimizda mustaqillik yillarida ommalashdi va rivojlandi, mamlakatimizning barcha hududlarida tennis kortlari qurildi. Tennis oʻynash uchun sportchilarga, tomoshabinlarga qulay sharoitlar yaratildi. 1992-yilda Oʻzbekiston tennis Federatsiyasi tuzildi va Xalqaro tennis Federatsiyasining aʼzosi boʻldi.
Oʻtgan davr mobaynida sportning bu turi boʻyicha koʻplab nomdor, dunyo tan olgan vakillar yetishib chiqdi va ularga munosib oʻrinbosar sportchilar tayyorlashga ham alohida eʼtibor berilmoqda. Xususan, ushbu sport turi bilan yoshlar-oʻsmirlar umumiy oʻrta taʼlim maktablari toʻgarak mashgʻulotlarida, sport maktablarida shugʻullanishib, oʻz iqtidorlarini rivojlantirishmoqda. Ularning bu saʼy-harakatlarini ragʻbatlantirish, ommaviyligiga erishish maqsadida turli musobaqalar tashkil etilmoqda.
2021-yil – Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili Davlat dasturida belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida shu yilning 1-4-dekabr kunlari Amudaryo tumanida stol tennisi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi chempionati boʻlib oʻtdi.
Musobaqalarga poytaxt Nukus shahri va tumanlardan havaskor tennischi sportchilar ishtirok etdilar. 2010-yilda tugʻilgan va undan yosh oʻsmir oʻgʻil bolalar va qizlar oʻrtasida oʻtkazilgan chempionatga 60 nafar oʻgʻil bolalar, 40 nafar qizlar ishtirok etib, gʻoliblik uchun oʻzaro bellashdilar.
Sportning stol tennisi turining ommaviyligiga erishish, mahoratli tennischilarni aniqlash va ularning oʻz qobiliyatlarini namoyish etishlariga sharoit yaratish, nufuzli musobaqalarda Qoraqalpogʻiston sport sharafini munosib himoya qila oladigan sportchilarni tarbiyalash maqsadida tashkil etilgan musobaqalarda barcha ishtirokchilar oʻz imkoniyatlari darajasida gʻoliblik uchun kurash olib bordilar.
Besh kun davom etgan bellashuvlar natijalariga koʻra, oʻgʻil bolalar oʻrtasida birinchi oʻrinni tumanimiz vakili Sarvar Rahimov, ikkinchi oʻrinni Qonlikoʻl tumani vakili Ramazon Abdijamilov, uchinchi oʻrinlarni esa amudaryolik Zafarbek Yunusov, Chimboy tumani vakili Asad Sitchanovlar egalladilar.
Chempionatning qizlar orasidagi bahslari ham qiziqarli va murosasiz kechdi. Natijalarga koʻra, Nukus shahri vakillari Hurliman Madenova birinchi, Aydana Sarsenboyeva ikkinchi, Chimboy tumani vakili Qurbongul Turgʻonboyeva, Shoʻmanay tumani vakili Aysoʻna Tirkeshovalar esa uchinchi oʻrinlarni egalladilar.
Musobaqa yakunida gʻolib boʻlgan va faxrli oʻrinlarni egallagan yosh tennischilarga tashkilotchilar tomonidan Diplom va qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.
Soʻnggi yillarda yurtimizda aholini, ayniqsa, yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning sogʻlom hayot kechirishlarini taʼminlash masalasi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Oʻtkazilgan ushbu chempionat ham ana shu kabi maqsadlarga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
O.RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶