TUMAN PROKURORI 15-SONLI MAKTABDA OChIQ DARS OʻTKAZDI
Yurtimizda barcha hududlardagi taʼlim muassasalarida Oʻzbekistonda prokuratura organlari tashkil etilganiga 30-yili toʻlayotgani munosabati bilan prokuratura xodimlari tomonidan ochiq darslar tashkil etilmoqda. Ochiq darslar noanʼanaviy tarzda, oʻquvchi va oʻqituvchilar, ota-onalar bilan jonli muloqot tarzida oʻtkazilmoqda.
Amudaryo tumanida ham umumtaʼlim maktablarida prokuratura xodimlari tomonidan ochiq darslar tashkil etilib, prokuratura organlarining shakllanish tarixi, asosiy yoʻnalishlari, vazifalari hamda bugungi kunda olib borayotgan faoliyati toʻgʻrisida maʼlumotlar berilmoqda.
10-dekabr kuni tumandagi 15-sonli maktabda tuman prokuraturasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan ana shunday ochiq dars qizgʻin savol-javob, bahs-munozaralarga boy tarzda oʻtdi. Unda tuman prokurori Javlonbek Muftullayev hamda prokuror yordamchisi Abbaz Niyazimbetovlar ishtirok etdilar.
Tuman prokurori Javlonbek Muftullayev inson huquq va manfaatlarini himoya qilish, Vatan ravnaqi, xalqimiz farovonligi, qonun ustuvorligini taʼminlashda bosh Qomusimizning ahamiyati, prokuratura organlarining qonun ustuvorligini taʼminlashdagi oʻrni, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlardagi ishtiroki haqida soʻz yuritdi. shuningdek, yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish, ularni qonunga itoatkor ruhda tarbiyalash demokratik-huquqiy davlat barpo etishning muhim sharti ekanligini alohida taʼkidladi.

Prokuror yordamchisi Abbaz Niyazimbetov ham davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev asos solgan taraqqiyotimizning yangi bosqichida jamiyatda adolatni qaror toptirish, qonuniylikni mustahkamlash hamda inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha keng qamrovli va misli koʻrilmagan islohotlar amalga oshirilayotgani haqida soʻz yuritdi. Undan tashqari, soʻnggi uch yilda prokuratura organlari faoliyati bilan bogʻliq 20 ga yaqin qonun, farmon, qaror va farmoyish qabul qilingani, Prezidentimiz tomonidan 2016-yil 19-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kunini belgilash toʻgʻrisida”gi qonuni imzolangani, bu haqdagi qonun Yurtboshimizning Prezident sifatida imzolagan birinchi qonuni ekanligini eʼtirof etdi. Muhtaram Prezidentimiz 2016-yil 19-dekabr kuni prokuratura xodimlari uchun muhim tarixiy sanaga asos solgani, 8-yanvar sanasi – Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kuni” deb belgilanganini maʼlum qilib oʻtdi.
Ochiq oʻquv mashgʻulotda oʻquvchilar 1992-yil 8-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlari toʻgʻrisida“gi Farmoni qabul qilingani hamda sobiq Ittifoq qaramogʻidagi Oʻzbekiston SSR prokuraturasi mustaqil Oʻzbekiston prokuraturasiga aylantirilgani, oʻtgan davrlar mobaynida prokuratura organlarining faoliyati islohotlarga hamohang tarzda takomillashtirib borilgani haqidagi maʼlumotlarga ega boʻldilar.
Dars davomida prokuror va uning yordamchisi oʻquvchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berishdi.
Prokuror hamda oʻquvchilar oʻrtasida tashkil etilgan bu kabi jonli muloqot, oʻquv mashgʻulotlar natijasida oʻquvchilarimizda qonunlarimizga boʻlgan hurmat yanada oshadi. Shuningdek, bunday tadbirlar oʻquvchilarning oʻz huquq va manfaatlarini teran anglashiga xizmat qiladi.
O.Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶