Ingliz tilini oʻrgatishga eʼtibor kuchaymoqda
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 10-dekabrda "Chet tillarni oʻrgatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-1875-sonli Qarori qabul qilindi.
Ushbu qaror asosida 2013-2014 oʻquv yilidan boshlab umumtaʼlim maktablarida chet tillarni oʻrgatishni bosqichma-bosqich, dastlab 1-sinflarda oʻyin tarzida va ogʻzaki nutq darslari shaklida, keyinchalik 2-sinflarda alifbo, oʻqish va grammatikani oʻzlashtirishdan boshlab amalga oshirishni taʼminlash belgilab berildi.
Mazkur qarorning amaldagi ijrosi sifatida 2013-2014 oʻquv yilidan boshlab bizning 31-sonli maktabimiz bazasida maktabning 2-sinfidan boshlab ikkitadan ingliz tilini oʻrganishga ixtisoslashgan sinflar tashkil qilindi.
Chet tilini oʻqitishga ixtisoslashgan sinflar tashkil qilinishi uchun ushbu fanni oʻqitishda zarur boʻladigan sinf xonalari jihozlandi, oʻquv metodik qoʻllanmalar, multimedia resurslari bilan taʼminlandi. Ixtisoslashgan sinflar uchun moʻljallangan oʻquv rejasi asosida bu sinflarga dars berish oliy malaka toifasiga ega, tajribali pedagog xodimlar Sh.Xoʻjamurodova, M.Matirzayevaga topshirildi. Bu ikkita sinfga "Ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan Davlat umumtaʼlim muassasalarining ixtisoslashgan sinflariga, davlat ixtisoslashgan umumtaʼlim muassasalariga oʻquvchilar qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom”ga muvofiq oʻquvchilarning ota-onalari va jamoatchilik ishtirokida ogʻzaki va yozma sinovlar hamda psixologik-pedagogik diagnostikasi oʻtkazildi. Natijada 54 ta oʻquvchi sinovdan muavaffaqiyatli oʻtib, bu sinflarda oʻqishga muvaffaq boʻldi. Maktabimizda chet tilidan ixtisoslashgan sinflarning tashkil qilinishini ota-onalar mamnuniyat bilan qabul qildilar.
Har bir ota-onaning oliy maqsadi oʻz farzandini yetuk, zamonaviy bilimga ega boʻlgan intellektual salohiyatli inson qilib tarbiyalash boʻlganligi sababli ham bu jarayon orqali maktab va ota-ona oʻrtasida yanada yaqinroq muloqot yoʻlga qoʻyildi, ota-onalar ham ingliz tilining oʻqitilishi boʻyicha ilova-qoʻllanmalar bilan taʼminlandilar.
Oʻquv yili davomida oʻquvchilarga ingliz tili darslarini oʻtish maxsus tayyorlangan koʻrgazmali vositalari (qoʻllanma, plakat, jadval, rasm, elektron darslik, proyektsion koʻrgazma, filmlar) va multimedia disklaridan foydalangan holda tashkil qilindi. Zamon talablariga mos ravishda multimedia resurslari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan xolda darslarni yanada samaraliroq tashkil qilishni yoʻlga qoʻyish maqsadida barcha ingliz tili fani oʻqituvchilari navbatma-navbat oʻz malakalarini oshirdilar.
Oʻquv yili davomida oʻquvchilarda belgilangan bilim, koʻnikma va malaka elementlarining shakllanganlik darajasi ogʻzaki va yozma turda nazorat qilib borildi.
Buning natijasida oʻquvchilarda chet tilini oʻrganishga boʻlgan ishtiyoqining yanada oshganligi namoyon boʻldi. Bu esa bizning zimmamizga yangi oʻquv yilida oʻquvchilarimizga yanada sifatliroq taʼlim-tarbiya berishdek masʼuliyatli vazifalarni yuklaydi.
Nilufar DAVLETOVA,
31-sonli umumtaʼlim maktabi direktori.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶