PROBATsIYa NAZORATIDAGI 4 NAFAR MAHKUM MUDDATIDAN ILGARI OZOD ETILDI
Probatsiya nazorati ostidagi ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarga hukm qilingan shaxslarni ijtimoiy hayotga moslashtirish, ularning bandligini taʼminlash, oʻqishga va ishga joylashtirish, nazorat ostidagilarga ijtimoiy, huquqiy va psixologik yordam koʻrsatish, eng asosiysi, shaxsni tarbiyalash kabilar borasida samarali chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
26-yanvar kuni Yangiobod mahalla fuqarolar yigʻini binosida Jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudi tomonidan ichki ishlar organlari Probatsiya guruhi nazoratidagi mahkumlarga doir ish boʻyicha sayyor sud oʻtkazildi. Ushbu sayyor sudda Jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudi raisi Jasur Oʻrazboyev, tuman prokurori yordamchisi Abbaz Niyozimbetov, Ichki ishlar organlari Probatsiya guruhi katta inspektori Ruslan Iskandarovlar qatnashdilar. Sudda tuman ichki ishlar organlari Probatsiya guruhi tomonidan 6 nafar mahkumga nisbatan kiritilgan taqdimnomalari koʻrib chiqildi.
Mahkumlardan biri Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga koʻra 2-yil 6 oy muddatga 10 foiz axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qilingan. Ushbu shaxs Probatsiya nazoratida turib, jazoni oʻtash tartib va qoidalariga toʻliq amal qilib, axloq tuzatish ishlari jazosining uchdan bir qismidan koʻprogʻini, yaʼni 10 oy 10 kun muddatini oʻtagan.
Keyingi mahkum esa 1-yil 6 oy muddatga barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinib, Jinoyat Kodeksining tegishli moddasiga koʻra, 3-yil muddatga 30 foiz axloq tuzatish ishlari jazosiga sudlangan. Probatsiya guruhi nazoratiga olinganidan soʻng, tegishli tartib-qoidalarga amal qilib, xulqi yaxshi tomonga oʻzgargan va oʻz qilmishining oqibatini anglab yetgan.
Mahkumlardan yana biri Oʻzbekiston Respublikasi JKning 177-moddasi 2-qismi bilan 1-yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga sudlangan. Mahkum tuman Ichki ishlar boʻlimiga oʻtgan yili hisobga qoʻyilgan va jazoni oʻtash qoidalari, belgilangan cheklovlarga amal qilish tartiblari tushuntirilgan. Jazoni oʻtash davrida oʻzining jinoiy qilmishlarini toʻliq anglab yetib, tuzalish yoʻliga qatiy oʻtib, belgilangan cheklovlarga toʻliq amal qilgan ushbu shaxs ham tayinlangan ozodlikni cheklash jazosining uchdan bir qismidan koʻproq muddatini oʻtagan.
Taqdimnoma asosida ishi sudda koʻrilayotgan navbatdagi mahkum Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga koʻra 4-yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga sudlangan. Ushbu mahkumning qamoqda saqlangan davri oʻtagan deb hisoblanib, oʻtash uchun 3-yildan ziyod muddat belgilangan va tuman Ichki ishlar boʻlimiga hisobga qoʻyilgan. Unga ham jazoni oʻtash qoidalari, belgilangan taʼqiqlarga amal qilish tartiblari tushuntirilgan. Mahkum jazoni oʻtash davrida oʻzining jinoiy qilmishlarini toʻliq anglab yetib, tuzalish yoʻliga qatiy oʻtgan va belgilangan cheklovlarga toʻliq amal qilgan.
Shunga koʻra tuman ichki ishlar organlari Probatsiya guruhi tomonidan ushbu mahkumlarni Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 73-moddasiga asosan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod kilish masalasini koʻrib chiqish uchun sudga taqdimnoma kiritilgan. Sud ishi davomida mahkumlarning belgilangan jazodan toʻgʻri xulosa chiqarganini inobatga olindi va Probatsiya guruhi taqdimnomasi qanoatlantirildi. Taqdimnomaga asosan 4 nafar mahkum oʻtalmagan jazosini oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi.
Sayyor sud majlisida jinoyatining oqibatlarini toʻla anglab, axloqan tuzalish yoʻliga oʻtgan va jazodan muddatidan ilgari shartli ozod etilgan 4 nafar mahkum xalqimizga xos bagʻrikenglik bilan qilmishlari kechirilgani uchun davlatimizga minnatdorlik bildirdi. Jamiyatda oʻz oʻrnini topib, munosib xulq-atvorda boʻlish va yurtimiz rivojiga oʻz hissasini qoʻshishga qatiy soʻz berdilar.
Jasur Oʻrazboyev, Jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudi raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶