Daraxtlar va butalarning kesilishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida targʻibot tadbirlari oʻtkazilmoqda
Maʼlumki, 2021-yil 30 dekbr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada koʻkalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan edi.
Qarorga muvofiq tuman Ekologiya boʻlimi tomonidan davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan qimmatbaho daraxtlar va butalarning kesilishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida tumandagi korxona va tashkilotlar, fermer xoʻjaliklari va aholi oʻrtasida targʻibot-tashviqot ishlari oʻtkazilmoqda.
26-yanvar kuni Oʻrta qalʼa ovulida yashovchi aholi oʻrtasida kelgusida daraxtlarning noqonuniy ravishda kesilishiga, qirgʻovul, kabutar kabi qushlarning ovlanishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida targʻibot tadbiri oʻtkazildi. Tadbirda tuman Ekologiya boʻlimi boshligʻi Nurbek Uzakbayev tomonidan atrof-muhitga zarar yetkazmaslik, koʻchatlar sonini koʻpaytirish, noyob turdagi hayvonlarni ovlamaslik boʻyicha aholiga keng tarzda tushintirishlar berildi.
Tadbirda tuman inspektorlari tomonidan nazorat reyd tadbirlari muntazam ravishda oʻtkazilib kelinayotganligi, qonunbuzilish holatlari aniqlangan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan belgilangan tartibda choralar koʻrilishi ogohlantirildi.
Shundan soʻng, tuman hokimligining kichik majlislar zalida tumandagi fermer xoʻjaliklari rahbarlari ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda tuman Ekologiya boʻlimi boshligʻi Nurbek Uzaqbayev fermerlarga murojaat qilar ekan, har bir fermer oʻz hududidagi atrof-muhit tozaligini saqlashga, fuqarolarning tabiatga zarar yetkazmasliklari uchun javobgar ekanligini taʼkidladi. Hamda tuman fermer xoʻjaliklari rahbarlaridan bu boradagi kafolot xatlari olindi.
Shuningdek yigʻilishda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida qirgʻovullar sonining kamayib ketishi sababli Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan qabul qilingan qaror muhokama qilindi. Qarorga asosan, 2022-2023-yillarda Respublika hududida qirgʻovullarni ovlash qatʼiyan man etildi.
Yigʻilishda qayd etib oʻtilganidek, Davlat ekologiya qoʻmitasiga 2022-yil 1-dekabrga qadar Ekologik kodeks loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi yuklatildi. Kodeksni keng jamoatchilik, ilmiy-tadqiqot institutlari, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari vakillarini jalb etgan holda ishlab chiqish belgilangan. Shu sababli qonun loyihasini ishlab chiqishda fuqarolarning takliflari, fikr-mulohazalari muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi. Shuningdek, qonunchilikka muvofiq endilikda noqonuniy daraxt kesish holatlarini suratga olib yuborgan fuqarolarga ham bir martalik mukofot puli toʻlanadi.
Respublika miqyosida Prezidentimiz farmoni asosida “Yashil maydon” aktsiyalari tashkil etilib, yashil maydonlar soni koʻpaytirilgan bir vaqtda, daraxtlarning noqonuniy ravishda kesilishi katta xato hisoblanadi.
Darhaqiqat, tabiatning oʻzi zargarga oʻxshaydi. Uning bagʻridan unib chiqqan har bir giyoh, har bir daraxt, oʻrmonlar, hayvonot olami oʻziga xos bir olamdir. Bu tabiiy boylikka daxl qilinishining oldini olish, muhofaza qilish faqat shu soha xodimlarining ishi emas, balki barchaning burchidir. Chunki, biz yashayotgan hudud musaffoligi, ekologik muvozanat barchamizga birday daxldordir.
F.Eshimbetova

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶