MATEMATIKA FANI OYLIGI DOIRASIDA 30-SONLI MAKTABDA BELLAShUV OʻTKAZILDI
Shu kunlarda umumtaʼlim maktablarida matematika fani oyligiga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazilmoqda. Fan oyligi doirasida oʻtkazilayotgan tadbirlarda oʻquvchilarning bilimlari mustahkamlanib, qiziqishlari oshirilmoqda. Bunday tadbirlarni tashkil etishdan maqsad – oʻquvchilarning matematika va informatika fanlari boʻyicha olgan nazariy bilimlarini amaliyot bilan bogʻlash va matematika faniga oid bilim koʻnikma va malakalarini shakllantirishdan iborat.
Oylik doirasida Amudaryo tumanidagi 30-sonli maktabda ham har bir hafta davomida tadbirlar, ochiq darslar, viktorinalar, bellashuvlar va bahs-munozarali intellektual oʻyinlar tashkil etildi.
Fan oyligi munosabati bilan 8-sinf oʻquvchilari oʻrtasida bilimlar bellashuvi oʻtkazildi. Tadbirda dastlab oylik doirasida oʻtkazilayotgan tadbirlar, ularning fanni oʻzlashtirishdagi samarasi toʻgʻrisida soʻz yuritildi. Maktab oʻquvchilari oʻrtasida sinflar kesimida sinov testlari olingani, oʻquvchilarning mazkur fanlardan egallagan bilim, koʻnikma, malaka va kompetentsiyalarining monitoringi metod birlashmalarda jadval hamda diagrammalar asosida tahlil qilinib, muhokama etilgani aytib oʻtildi. Shuningdek, “Ochiq darslar haftaligi”da sinflar kesimida belgilangan mavzular boʻyicha mashgʻulotlar olib borilgani va bu mashgʻulotlarni ota-onalar, oʻqituvchilar faol kuzatishgani, tahlil qilishgani bu taʼlim samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani xususida gapirildi.
Shundan soʻng, maktabning 8-sinf oʻquvchilari oʻrtasida “Oʻynaymiz – hisob-kitob qilamiz” deb nomlangan bellashuv boshlab yuborildi. Oʻquvchilarning fanga boʻlgan qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida oʻtkazilgan ushbu bellashuv maktabning informatika fani oʻqituvchisi Shohida Yakubova, matematika fani oʻqituvchilari Nazokat Soliyeva, Guliston Gayupova, Rashid Davletov, Zohid Oʻrozboyev, Guliston Shukurullayevalar tomonidan tashkil etildi.
Taʼlim oʻzbek va rus tillarida olib boriladigan sinflar oʻquvchilari oʻrtasida boʻlib oʻtgan bellashuvda ishtirokchilar belgilangan shartlar boʻyicha oʻz bilimlarini sinovdan oʻtkazdilar. Ishtirokchilar berilgan misollarni belgilangan vaqtda yechishga harakat qilishdi. Bellashuvda bilimlarini namoyon etgan oʻquvchilar matematika-informatika fanlari sirlarini puxta egallaganliklarini, mahoratlarini koʻrsatishdi.
Tanlov shartlarining rang-barangligi ishtirokchilar oʻrtasida katta qiziqish va qizgʻin munozaralarga sabab boʻldi. Ayniqsa, oʻquvchilarning matematika belgilari yordamida chizgan surati hakamlar eʼtiborini tortdi. Sardorlar bellashuvida har ikkala jamoa sardorlari faol ishtirok etishib, oʻz sinflarining gʻolib boʻlishiga katta hissa qoʻshishdi.
Bellashuvda oʻquvchilar faol ishtirok qildilar. Shuningdek, ularning matematika fanidan olgan bilimlari yanada mustahkamlandi. Qiziqarli, bahs-munozaraga boy boʻlgan bellashuvda, oʻquvchilarning aniq fanlarga boʻlgan qiziqishlari yanada oshdi.
Hakamlar hayʼati tomonidan ushbu tadbirning ahamiyati yuksak baholandi. Ota-onalar va oʻqituvchilarda ham katta taassurot qoldirgan tadbir faollari faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanishdi.
Gulzamon Nurullayeva, 30-sonli maktab oʻqituvchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶