Tugʻilganlik haqidagi guvohnomada texnik xatolik bilan notoʻgʻri maʼlumot yozilganda, uni qay tartibda oʻzgartirish mumkin?
Savol: Tugʻilganlik haqidagi guvohnomada texnik xatolik bilan notoʻgʻri maʼlumot yozilganda, uni qay tartibda oʻzgartirish mumkin?
Javob: Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida ish yuritish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga asosan, tugʻilganlik haqidagi guvohnomada texnik xatolik sababli notoʻgʻri malumotlar aks etganda FHDYo organi tomonidan dalolatnoma yozuviga oʻzgartirish, tuzatish va qoʻshimchalar kiritish yoʻli bilan xatolik bartaraf etiladi.
Oʻn olti yoshga toʻlmagan bolaning tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga oʻzgartirish, tuzatish va qoʻshimchalar kiritish ota-onasining birgalikdagi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarning arizasi asosida amalga oshiriladi. Ismi yoki familiyasini oʻzgartirishga esa faqat uning roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi. Bunda bolaning roziligi ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan berilgan arizada uning shaxsiy imzosi bilan ifodalanadi.
Dalolatnoma yozuviga yetarli asoslar mavjud boʻlganda tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi va ariza beruvchiga yangi guvohnoma rasmiylashtirib beriladi. Buning uchun “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan BHMning 10 foizi miqdorida davlat boji va Vazirlar Mahkamasining “Gerbli guvohnomalar berganlik uchun gerb yigʻimi miqdorini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan gerbli guvohnomalar berganlik uchun BHMning 15 foizi miqdorida gerb yigʻimi undiriladi.
Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish chogʻida yoʻl qoʻyilgan xatolar munosabati bilan tugʻilganlik toʻgʻrisidagi hujjatlar yozuvlari oʻzgartirilgan, toʻldirilgan va tuzatilgan taqdirda “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunning 12-moddasiga muvofiq fuqarolar davlat bojini toʻlashdan ozod etiladi.
Savollarga tuman FHDYo boʻlimining 2-toifali inspektori Rohatoy Polvonova javob berdi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶