AMUDARYoLIK AYoL-QIZLARGA HURMAT-EHTIROM KOʻRSATILDI
Mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy va maʼnaviy faolligini oshirish, ularning turli soha va tarmoqlarda oʻz qobiliyat va imkoniyatlarini roʻyobga chiqarishi uchun shart-sharoit yaratish, huquq va qonuniy manfaatlariga soʻzsiz rioya qilinishini taʼminlash, onalik va bolalikni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, oila institutini mustahkamlash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayollarimizning jismoniy, maʼnaviy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, ularning salomatligini mustahkamlash, ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, oila, onalik va bolalikni himoya qilish, tadbirkor ayollarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Har yili 8-mart sanasining alohida bayram sifatida mamlakat boʻylab chinakam tantana qilinishi jamiyatimizda ayollarga boʻlgan eʼtiborning nechogʻlik yuksak ekanligini ifodalaydi.
Joriy qilning 5-mart sanasida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bagʻishlab Qilichboy madaniyat markazi binosida tuman madaniyat boʻlimi tomonidan tashkillashtirilgan amudaryolik aziz va moʻʼtabar ayollarni sharaflovchi “Muqaddas Ayol” deb nomlangan adabiy-musiqiy bayram tadbirida ham fidoyi va mehnatkash, munis va mehribon ayol-qizlarga hurmat-ehtirom koʻrsatildi.
Yurtimizda uygʻonish, yangilanish va yashnab-yasharishni tarannum etuvchi “Bahor valsi” kuyi yangragan lahzalarda tadbir mehmonlari boʻlgan aziz va muhtarama onaxonlar, goʻzal opa-singillar chehrasida bahoriy quvonchlar jilvalandi. Tumanimizdagi 38-, 40-sonli maktablarning raqs guruhlari raqqosalari ijrosidagi bahor va ayol goʻzalligi hamda buyuk ilohiy qudratini ifoda etuvchi “Bahor valsi” ayol zotini ulugʻlovchi “Muqaddas Ayol” musiqiy sadolariga ulanib ketdi.
Tadbir boshlovchilari onalik va bolalikni, ayol latofati va nazokati, mehr-u muhabbatini oʻzida mujassam etgan dilbar sheʼrlarni oʻqib, ayollarga chuqur ehtirom koʻrsatdilar.
Shuningdek, tadbir davomida tuman madaniyat boʻlimi sanʼatkorlari tomonidan tayyorlangan kontsert dasturi namoyish etilib, ona, bahor, doʻstlik va tinchlikni tarannum etuvchi kuy va qoʻshiqlar yangradi. Kontsert dasturi davomida 38-, 40-sonli, 83- va 47-, 15-sonli umumtaʼlim maktablarining raqs guruhlari jamoalari oʻzlarining dilbar raqslari bilan tadbir ishtirokchilariga bahoriy kayfiyat ulashdilar.
Ayniqsa, 4-sonli maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyalanuvchilari hamda 9-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabi raqs jamoalarining chiqishlari barchaga manzur boʻldi. Ijrochilarning har bir chiqishida moʻʼtabar va munis onalar, aziz va muhtarama Ayollar qadr-qimmati, mehr-muhabbati, oiladagi va jamiyatdagi betakror oʻrni yuksak pardalarda tarannum etildi.
“Muqaddas Ayol” tadbirida aziz Ayollar nafaqat bahorga qiyoslandi, balki mehri quyoshday olamni charogʻon etib, betimsol harorat baxsh etuvchi, bashariyat qalbini nurlantirib turguvchi buyuk xilqat sifatida qadrlandi.
Tadbir yakunida xushovoz xonanda Gʻayratjon Yangiboyev ijrosidagi “Ayol” qoʻshigʻiga barcha ishtirokchilar joʻr boʻldilar.
Risolat IBRAGIMOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶