BEShOVULDA NAVROʻZ TANTANASI
Bahoriy tengkunlik – Navroʻz ayyomi har bir yurtdoshimizni shodlikka belaydi. Boisi Navroʻz tantanalarida asrlar osha bizgacha yetib kelgan xalqimizning urf-odatlari, anʼanalari va qadriyatlari yaqqol namoyon boʻladi. Bayram arafasida barcha yaqinlaridan xabar oladi, bemorlardan hol soʻraydi, ehtiyojmandlarga sovgʻa-salomlar ulashiladi. Qoʻni-qoʻshnilar jam boʻlib, ulkan doshqozonlarda sumalak qaynatib, oʻyin-kulgu qilishlarning, bahoriy taomlar tayyorlab ulashishlarning ham zavqi boʻlakcha. Navroʻz bayramiga bagʻishlangan tadbirlarni oʻtkazishdan koʻzlangan maqsad ham kelgusi avlodlarga bularni yetkazish, ona tabiatimizni, uning neʼmatlarini qadrlashga, shukronalik bilan yashashga undashdir.
Prezidentimizning “2022-yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi shu yil 17-fevralda qabul qilgan Qarorida joriy yilgi Navroʻz bayramini mamlakatimizda “Assalom Navroʻz – yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi” degan bosh gʻoya asosida umumxalq sayillari shaklida koʻtarinki ruhda nishonlash koʻzda tutilgan. Inson va tabiat oʻrtasidagi uygʻunlik, ona zaminga mehr va eʼtibor yaqqol oʻz ifodasini topishini aks ettiradigan, bugungi tinch hayotni qadrlab, shukronalik tuygʻusi bilan yashashga, inson qadrini ulugʻlashga daʼvat etadigan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Bu – Navroʻz bayramining nufuzi, qadr-qimmati yuksak, maʼno-mazmuni, fazilati beqiyos ekanligidan dalolat beradi.
Amudaryo tumanining barcha hududlarida boʻlgani kabi Beshovul mahallasida ham “Assalom, Navroʻz!” deb nomlangan bayram tadbiri boʻlib oʻtdi. Dastlab mahalla fuqarolar yigʻini binosi oldida keksa otaxon, onaxonlar, mahalla faollari uchun dasturxon yozilib, Navroʻz taomlari tortildi. Yigʻilganlarni mahalla fuqarolar yigʻini raisi Jasorat Abdullayev, mahalladagi hokim yordamchisi Sherzod Toʻrayev, yoshlar yetakchisi Murodjon Kenjayevlar asil milliy bayramimiz bilan qutladilar.
Shuningdek kam taʼminlangan, ishsiz yoshlarga mahalladagi hokim yordamchisi koʻmagi bilan kreditga olingan dehqonchilikda foydalanishga moʻljallangan mini traktorlar, mototsikllar topshirildi. Tabarruk nuroniylar ularga ishlari oʻngidan kelishini tilab, duo qilishdi.
Shu kuni mahalla fuqarolar yigʻini binosining bir xonasida “Tamara tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyatida tikuvchilik kasbini chuqur oʻrgangan mahalla qizlarining tikuvchilik tsexi ish boshladi. Mahalladoshlar uchun qarovsiz bino zamonaviy uslubda taʼmirlanib, u yerda sartaroshxona ochilgani bayramga oʻziga xos sovgʻa boʻldi. Endi beshovulliklar oʻz hududlarida sartarosh xizmatidan foydalanishlari mumkin boʻldi. Maishiy xizmat koʻrsatish shohobchalari faoliyati yoʻlga qoʻyilishi aholi turmush sifati oshishiga xizmat qiladi, albatta.
Navroʻz bayrami sayli hududdagi 37-sonli maktab hovlisida davom etdi. Mazkur maktab oʻquvchilari va 42-sonli Maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyalanuvchilari ishtirokida tayyorlangan teatrlashtirilgan bayram tomoshasida milliy xalq qoʻshiqlari, raqslari va urf-odatlarining namoyishi barchaga yuqori kayfiyat bagʻishladi. Navroʻz bayramiga oid anʼanalar, qadriyatlarimiz namoyishida yoshlar ushbu milliy bayramimizga, shu aziz ona Vatanimizga mehr-muhabbatini yorqin namoyish etishdi, baxtiyor, dorilomon hayotimizni quvonch bilan madh etishdi.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶