AMUDARYo TUMANIDA KASABA UYuShMALARI KUNIGA BAGʻIShLANGAN BAYRAM TADBIRI OʻTKAZILDI
11-noyabr kuni Amudaryo tumanida Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan tumandagi kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan bayram tadbiri tashkil etildi.
“Kasaba uyushmalari – Inson qadri uchun” deb nomlangan va tuman Madaniyat boʻlimida boʻlib oʻtgan mazkur tadbirda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpogʻiston kengashi tashkiliy ishlar boʻlim mudiri Gulnora Ilmurodova, Kengash yetakchi mutaxassisi Maqset Turxanov hamda tuman tarmoq kasaba uyushma raislari, faxriylar, tuman hokimligi masʼullari hamda sektorlar rahbarlari, korxona-tashkilotlar mutasaddilari ishtirok etishdi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar Senatda 2020-yil 20-noyabrda maʼqullanib, Prezident tomonidan mazkur yil 23-noyabrda imzolangan “Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga koʻra 11-noyabr – Kasaba uyushmalari kuni deb belgilanganini aytib oʻtishdi. Bu yangilikning yurtimizdagi yarim milliondan ortiq kasaba uyushmalari aʼzolari tomonidan katta mamnuniyat bilan kutib olingani, davlatimiz rahbarining kasaba uyushmalariga boʻlgan eʼtibori natijasida ikki yildan buyon mamlakatimizda 11-noyabr – Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kuni sifatida keng nishonlab kelinayotganini eʼtirof etishdi. Qolaversa, joriy yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan 11-noyabr — Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kunini «Umumxalq bayrami» sifatida dam olish kuni deb eʼlon qilish taklif qilindi.
Yurtimizda inson qadri uchun amalga oshirilayotgan ulkan va tizimli ishlar davlatimiz va jamiyatimizni taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga olib chiqqanligi, yangi Oʻzbekistonning bu boradagi yutuqlari va qoʻlga kiritayotgan natijalari bugun xalqaro miqyosda ham tan olinib, yuksak eʼtiroflarga sazovor boʻlayotganini alohida taʼkidlandi.
Tadbirda bayram munosabati bilan ishchi-xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfatlarni himoya qilish, ular uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratib berilishida, Kasaba uyushmasi tuman boʻlinmasi tizimida oʻzining koʻp yillik mehnati bilan Uyushma faoliyatini rivojlantirishga qoʻshib kelayotgan hissasi uchun 10 nafar nafaqadagi kasaba uyushma raislari, 10 nafar faol boshlangʻich kasaba uyushma raislariga tashakkurnomalar va sovgʻalar topshirildi.
Shuningdek, tumanda umumtaʼlim maktablarida oʻquvchilar oʻrtasida Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan tashkil etilib oʻtkazilgan “Yosh kitobxon” tanlovida gʻolib boʻlgan va faol qatnashgan 84 nafar oʻquvchilar faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi. Ularga Kasaba uyushmasining tuman boʻlinmasi tomonidan kitoblar ham sovgʻa qilindi.
Bayram tadbirida tuman Madaniyat boʻlimi tomonidan tayyorlangan kontsert dasturi namoyish etilib, barchaga koʻtarinki kayfiyat baxsh etildi.
Darhaqiqat, soʻnggi yillarda kasaba uyushmalari jamiyatimizning muhim bir boʻlagiga aylanib ulgurdi. Amudaryo tumanida ham oʻtgan davr mobaynida Oʻzbekiston taʼlim va fan xodimlari kasaba uyushmasi tuman boʻlinmasi tomonidan ishchi-xodimlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning muammolarini hal qilish borasida koʻplab ijobiy ishlar amalga oshirildi.
Bugungi kunda Kasaba uyushmaning tuman boʻlinmasi tizimidagi boshlangʻich tashkilotlar faollari fidokorona mehnat qilishmoqda. Ular korxona va tashkilotlarda ishchi-xodimlarning kasbiy, mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoya qilishda, munosib mehnat sharoitlarini yaratishda faol ishtirok etib kelishmoqda.
Fursatdan foydalanib, barcha ishchi-xizmatchilarni 11-noyabr – Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan chin dildan tabriklaymiz!
O.Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶