“YaNGI OʻZBEKISTONNI BARPO ETIShDA NURONIYLARNING OʻRNI” ShIORI OSTIDA DOʻSTLIK MFYDA NURONIYLARGA HURMAT-EHTIROM KOʻRSATILDI
– Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot boʻlsa, uning joni va ruhi maʼnaviyatdir, – degan edi muhtaram Prezidentimiz oʻz maʼruzalaridan birida. – Biz Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi – bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot boʻlsa, ikkinchisi – ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli maʼnaviyatdir.
Prezidentimiz taʼkidlagan kuchli maʼnaviyat ildizlari xalqda – mahallada. Shuning uchun ham mahallani qadriyatlar beshigi, ona Vatan ichra kichik Vatan, deya eʼzozlaymiz. Chunki barchamiz mahallada, oʻzimiz uchun aziz va qadrdon goʻsha – oilamiz bagʻrida yashaymiz hamda oʻz oilamizga xos intizom, oʻzaro mehr-oqibat, ahillik qalblarimizga quvonch, xotirjamlik va iftixor bagʻishlaydi. Shu bois, ham Prezidentimiz mahallalarga “Oʻzbekistonning urib turgan yuragi – milliy oʻzlik tantana qilgan qutlugʻ makon”, deya taʼrif berganlar.
Mangʻit shahridagi Doʻstlik mahalla fuqarolar yigʻinida mahalla nuroniylari hamda ibratli oila sohib va sohibalari ishtirokidagi “Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda nuroniylarning oʻrni” shiori ostida boʻlib oʻtgan “Bir piyola choy ustida dildan suhbat” maʼnaviy-maʼrifiy tadbirida ham yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ular qalbida asrlar davomida shakllangan bobomeros milliy qadriyatlarga hurmat va eʼtibor tuygʻusini mustahkamlash, oilalarda oʻzaro mehr-oqibat, ahillik tamoyillarini yanada rivojlantirish, har bir yoshning Vatanga, ona yurt kelajagiga daxldorlik hissi bilan yashab, el-yurt farovonligiga munosib hissa qoʻshishga intilishlarini ragʻbatlantirish mavzularida samimiy muloqotlar tashkil etildi.
Tadbirda Doʻstlik mahalla fuqarolar yigʻini raisi Ilmira Ismoilova rahbarligida hudud boʻyicha profilaktika inspektori Abdulaziz Bozorboyev, hokim yordamchisi Rashid Oʻrozimbetov, xotin-qizlar faoli Shoira Xudoyberganova va yoshlar yetakchisi Dilmurod Yodgorovlar bilan mahalla hududida istiqomat qiluvchi 30 nafardan ortiq bemor nuroniylar holidan xabar olib, ularning muammolarini oʻrgandilar va zarur muolaja choralarini koʻrish haqida hududiy shifokorlarga xabarnomalar berdilar.
Shundan soʻng, “Bir piyola choy ustida suhbat” tadbiriga tashrif buyurgan, 55-yildan beri bir oila boʻlib, ahil-inoqlikda yashab kelayotgan Rahimboy ota Artiqov hamda Sanamjon momolarning turmush qurganlariga 55-yil toʻlishi munosabati bilan mahalla maʼmuriyati tomonidan sovgʻalar topshirildi. 8 nafar farzandni el-yurtga kamarbasta, oʻqimishli va kasb-hunarli, oʻzaro mehr-oqibatli insonlar qilib tarbiyalab, voyaga yetkazgan nuroniylar tadbir ishtirokchilariga oʻz hayotlari davomida qatʼiy amal qilgan oila qadriyatlari xususida, shuningdek, qiyinchiliklarni mardonavor yengib oʻtishda xalq bilan birga, hamjihatlikda mehnat qilganlari natijasida farovonlikda yashab, obod turmush fayzidan bahramand hayot kechirayotganlarini iftixor bilan soʻzlab berdilar.
Mahalla nuroniylarining fayzli dasturxon atrofidagi “Bir piyola choy ustida dildan suhbat”lari, ayniqsa, yosh oilalar, hayotda oʻz oʻrnini topish maqsadida intilib yashayogan yoshlar uchun haqiqiy ibrat va maʼnaviyat saboqlari boʻldi.
Tadbirlarda tuman Maxalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari Bahodir Boltabayev va Nuroniylar jamoatchilik kengashi raisi oʻrinbosari Bekman Allamberganovlar qatnashib, tumanimizda keksalar va nuroniylarga boʻlayotgan ehtirom, eʼzoz, eʼtibor toʻgʻrisida gapirib oʻtdi.
Shuni alohida mamnuniyat bilan qayd etish kerakki, Doʻstlik mahalla fuqarolar yigʻini masʼullari tomonidan nuroniylarga koʻrsatilayotgan bu kabi eʼtibor va ragʻbat tufayli noyabr – keksalar turizm oyligi doirasida 30 nafar nuroniy otaxon va onaxonlar Xiva shahriga sayohat qilib, maʼnaviy hordiq chiqarib qaytdilar. 100 nafardan ortiq nuroniylar uchun tumanimizda tashkil etilgan tarixiy-oʻlkashunoslik muzeyiga sayohat uyushtirildi. Shuningdek, “Bir piyola choy ustida dildan suhbat” tadbirida 50 nafar nuroniy otaxon va onaxonlar uchun fayzli dasturxon yozilib, milliy taomlar tortildi.
Keksalar – xonadonlarimiz farishtalari, bugungi farovon hayotimiz meʼmorlari. Shu bois, yangi Oʻzbekistonni barpo etishda nuroniy otaxon va onaxonlarimizning oʻrni gʻoyat katta. Bu fidoyi insonlarning hayot tajribalari, qimmatli maslahatlaridan bahramand boʻlish esa oʻsib kelayotgan yosh avlod uchun yuksak maʼnaviy kuch bagʻishlaydi.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶