ISTIQBOLLI REJALAR BELGILANDI
2022-yilning 20-dekabr kuni hammamiz Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning parlamentga Murojaatnomasini tingladik. Prezidentimiz oʻz Murojaatlarida davlat va jamiyatimizni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari, kelgusida har bir sohada bajariladigan ishlarning koʻlami va ularni amalga oshirish yoʻllarini koʻrsatib oʻtdilar. Men ham deputat va Xalq taʼlimi tizimi vakilasi sifatida Murojaatni tinglar ekanman, soʻnggi yillarda taʼlim tizimida qilingan ishlarni koʻz oldimga keltirdim.
Yangi 2023-yil “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb eʼlon qilindi. “Biz Oʻzbekistonda olib borayotgan davlat siyosatining markazida inson va uning manfaatlarini taʼminlashni ustuvor vazifa qilib belgiladik” – dedi Prezident.
Taʼkidlanganidek, oʻquvchilarning chet tillarini mukammal darajada oʻrganishlari, kompyuter savodxonligiga erishishlari ham kelajakda ularning jamiyatda oʻz oʻrinlarini topishlariga yordam beradi. Bugun koʻpchilik yoshlar dasturlash tizimlarini puxta egallab, moddiy manfaat koʻrayotganligini bilamiz. Kelayotgan yilda Xorazm va Qoraqalpogʻistondagi boshlangʻich sinf oʻquvchilari kabi Oʻzbekistondagi barcha boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun bepul tushlik berilishi rejalashtirilayotgani, buning uchun davlat byudjetidan 2,3 trillion soʻm ajratilishi koʻzda tutilgani davlatimizning yosh avlodning sogʻlom va barkamol ulgʻayishiga zamin hozirlayotganining isbotidir.
Murojaatni tinglar ekanman, jamiyatda boʻlayotgan har bir oʻzgarishni, davlatimiz berayotgan imtiyozlarni aholiga yetkazishda xalq vakillari boʻlgan deputatlarga masʼuliyat yuklanayotgani, deputatlik nazoratini jiddiy olib borish zarurligini angladim. Negaki, davlatimiz tomonidan ajratilayotgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishini nazorat qilish, ularning talon-taroj qilinishiga yoʻl qoʻymaslik har birimizning burchimizdir.
Mana, Yangi yil eshik qoqmoqda. Xalqimizning kelayotgan yildan umidlari katta. Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, aniq maqsad yoʻlida birlashsak, koʻzlagan maqsadlarimizga yetishimizga shubha yoʻq.
Sanobar Xoʻjamurodova,
Joʻqorgʻi Kenges deputati, 40-sonli maktab direktori.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶