FIDOYI XOTIN-QIZLAR FAOLI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-martdagi “Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq ovul va mahallalarda xotin-qizlar faoli lavozimi joriy etilib, hududlarda xotin-qizlar hayotiga oid muammolarni joyiga chiqqan holda tizimli hal qilish imkoniyati yaratildi.
Amudaryo tumanining Choykoʻl ovul fuqarolar yigʻinida ushbu lavozimda Saylixon Muratboyeva faoliyat olib boradi. Saylixon oʻz faoliyatini xonadonma-xonadon yurib, hudud xotin-qizlarining turmush tarzi, turli yosh toifasidagi ayollarni qiynab kelayotgan muammolarni oʻrganishdan boshladi.
Choykoʻl ovulida 1091 ta xonadon tarkibidagi 1122 ta oilada 6945 nafar aholi istiqomat qiladi. Shundan 3473 nafari ayol-qizlar boʻlib, 30 yoshdan oshgan ayollar 1551 nafarni tashkil etadi.
Xotin-qizlar hayotiga oid ijtimoiy muammolarni oʻrganish jarayonida Saylixon avvalo 10 yoshgacha va 100 yoshdan oshgan keksa onaxonlar roʻyxatini shakllantirib, turli bayram sanalari munosabati bilan aynan ana shu toifadagi nuroniylar holidan xabar olish, ularning kayfiyatini koʻtarish maqsadida “Ayol – hamisha eʼzozda” musiqiy tadbiri, shuningdek, “Keksalar – xonadonlarimiz farishtalari”, “Qari bilganni pari bilmas” mavzularida hududdagi maktablar oʻquvchilari ishtirokida davra suhbatlari oʻtkazishni yoʻlga qoʻydi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar roʻyxatini shakllantirish maqsadida oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalariga koʻra, 107 nafar ayol-qizlar “Ayollar daftari” roʻyxatiga kiritildi. 6 ta yoʻnalish boʻyicha mazkur daftar roʻyxatiga kiritilgan ayollarning muammolarini oʻrganishda hokim yordamchisi va OFY raisi bilan hamkorlikda reja ishlab chiqilib, ushbu rejaga muvofiq 1-toifa daftardagi 68 nafar ayol-qizning ish bilan bandligi taʼminlandi. Ularning ayrimlari ijaraga yer olib, dehqonchilik bilan shugʻullanmoqda, 6 nafari Amu Briket MChJga mavsumiy ishga, 1 nafari tuman koʻp tarmoqli poliklinikasiga hamshira sifatida, 8 nafar ayol-qiz jamoatchilik ishlariga joylashtirildi. 13 nafar ayol-qizlar esa tikuvchilik, oshpazlik, hunarmandchilik yoʻnalishlari boʻyicha kasb-hunarga oʻqitildi. 2 nafar ayol subsidiya asosida issiqxona xoʻjaligini yuritishni yoʻlga qoʻydi va bir nafar ayolga tikuv mashinasi olib berildi.
Ikkinchi toifadagi roʻyxatga olingan 10 nafar ayol-qizlarning ham muammolari xotin-qizlar faolining xonadonma-xonadon kirib borib, muammolarni oʻrganishi natijasida ijobiy hal etildi. Ularning tikuvchilik yoʻnalishida oʻz tadbirkorliklarini boshlashlari uchun har biriga 3 mln. soʻmlik imtiyozli kredit mablagʻlari olishlarida amaliy yordam koʻrsatildi. 1 nafar ayolga esa motokultivator olishda koʻmaklashildi.
Shuningdek, hududdagi 39 nafar boquvchisini yoʻqotgan ayol-qizlar Saylixon Muratboyevaning doimiy nazoratida. Ularga turli homiylik yordamlari hamda tuman hokimligining tashabbusi bilan kundalik oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlanishiga eʼtibor qaratilmoqda.
Nogironligi boʻlgan ayol-qizlarga tibbiy yordam koʻrsatish, ijtimoiy himoyaga, mehr-oqibatga muhtoj ayollar hayotini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar tufayli Mohimjon Toʻraboyevaga tuman hokimligi tomonidan boʻsh turgan binoning bir xonasi ajratib berilib, farzandi MTTga bepul joylashtirildi. 2 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ayol Xiva va Urganch shaharlariga sayohatga yuborildi. Qaramogʻida nogiron farzandi boʻlgan 16 nafar ayol-qizlar holidan tez-tez xabar olinib, homiylik yordamlari koʻrsatib kelinmoqda.
Ovul hududida istiqomat qiluvchi homilador va chaqalogʻi bor ayollar va ularning farzandlari salomatligi 1-sonli oilaviy poliklinika shifokorlari tomonidan doimiy nazoratga olingani bois, onalar va bolalar oʻrtasida mavsumiy kasalliklarga chalinish holatlari keskin kamayib bormoqda.
Ehtiyojmand oilalar va ularning farzandlari holatini oʻrganish jarayonida Vazirlar Mahkamasining tegishli Qarori asosida 10 nafar ayol-qizlarga OTMlarda oʻqishi uchun tavsiyanomalar berildi. Shuningdek, 5 yillik mehnat stajiga ega lekin oʻz faoliyati sohasi boʻyicha oliy maʼlumotga ega boʻlmagan 3 nafar ayol-qizlarning davlat OTMlarida oʻqib, oliy maʼlumot olishlari uchun sharoit yaratilib, tuman Oila va xotin-qizlar boʻlimi tomonidan tavsiyanomalar olishlarida amaliy yordam koʻrsatildi.
Xotin-qizlar faolining hokim yordamchisi va yoshlar yetakchisi bilan hamkorligi tufayli ehtiyojmand oilalar farzandlaridan 8 nafarining oʻqish uchun toʻlov-shartnoma mablagʻi, safarbarlik chaqiruv rezervidagi 6 nafar yoshning toʻlov badali, 3 nafar yoshning haydovchilik guvohnomasi olish maqsadidagi oʻqishi uchun toʻlov badallari toʻlab berildi.
Saylixon Muratboyevaning har bir ish kuni xalq orasida, xalq bilan muloqotlarda oʻtadi. Hududdagi maktablarda, “Os”, “Choqcha”, “Shayx qalʼa”, “Chorvador”, “Qoraqipchoq”, “Shogʻol ovul” kabi mahallalarda tez-tez boʻlib, pir-u badavlat otaxon va onaxonlar ishtirokida “Oila - muqaddas dargoh”, “Maʼnaviyat – oiladan boshlanadi”, “Milliy qadriyatlar va urf-odatlar buvijonlar talqinida”, “Sarishtali uy – farishtali uy”, “Ayol – hamisha eʼzozda” mavzularida davra suhbatlari, uch avlod vakillarining uchrashuvlarini tashkil etadi. Bu tadbirlarning har biriga kamida 100-120 nafar ayol-qizlar qamrab olinib, ovul onaxonlari yoshlar bilan milliy-maʼnaviy qadriyatlarning yoshlar hayotidagi ahamiyati xususida dildan suhbat qilishadi.
Choykoʻl madaniyat markazi xodimlari, yoshlar yetakchisi bilan Saylixon Muratboyevaning hamkorligi esa ovul yoshlarining maʼnaviyatini yuksaltirish, ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlarida muhim omil boʻlmoqda. Xususan, hamkorlikdagi “Namunali qaynona”, “Namunali kelin” koʻrik-tanlovlari, “Ayol – hamisha eʼzozda” “Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz” mavzularidagi adabiy-musiqiy tadbirlardan ovul ahli, ayniqsa yoshlar olam-olam zavq oladilar. Keksa avlod vakillari esa oʻzlariga koʻrsatilayotgan hurmat va eʼtibordan, ehtiromdan mamnun.
Xotin-qizlar faoli Saylixon Muratboyeva esa har bir ish kunini avvaldan belgilangan rejalariga muvofiq deyarli har kunini xonadonma-xonadon kirib, ayol-qizlarning hayotiga oid muammolarini joyida oʻrganish, imkoni boʻlsa, tez va ijobiy hal etish maqsadida xalq orasida oʻtkazadi. Xalq orasida kechadigan ish kunlari Saylixon uchun haqiqiy mehnat onlarini baxsh etadi. Bu mehnat onlarida elim, yurtim, degan fidoyi ayolning ovuldoshlariga nisbatan mehri, muhabbati mujassam. Zero, xalqim, deb xalqiga intilganlarni xalqi ham eʼzozlaydi. Saylixon ana shunday fidoyi xotin-qizlar faoli.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶