4-bosqich “Ayollar daftari” ning hujjatlarini toʻgʻri shakllantirish boʻyicha yigʻilish boʻlib oʻtdi
14-fevral kuni tuman hokimligining majlislar zalida Amudaryo tumanida 4-bosqich “Ayollar daftari” hujjatlarini shakllantirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi oʻrinbosari Qobiljon Qirgʻizaliyev, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqolpogʻiston Kengashi raisi Ulugʻbek Jalmenov, sektorlar rahbarlari, tuman hokimining oʻrinbosarlari, xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari, tijorat banklari rahbarlari, tegishli tashkilot va muassasa masʼullari, fuqarolar yigʻinlari raislari, xotin-qizlar faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Yigʻilishni tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev ochdi va olib bordi.
Tuman hokimi dastlab yigʻilganlarni kun tartibidagi masala bilan tanishtirib oʻtdi hamda tumanda “Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida keng tushunchalar berdi.
Shundan soʻng, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi oʻrinbosari Qobiljon Qirgʻizaliyev “Ayollar daftari” roʻyxatini shakllantirishni belgilangan meʼzonlar asosida tashkil etish zarurligini taʼkidladi.
Amaldagi tartibga muvofiq “Ayollar daftari” ga 30 yoshdan oshgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz, tadbirkorlik qilish istagida boʻlgan va boquvchisi boʻlmagan, ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi boʻlgan ehtiyojmand xotin-qizlar, shuningdek, uy-joyga muhtoj, qaramogʻida nogironligi boʻlgan farzandi mavjud ehtiyojmand xotin-qizlar kiritilishi lozim.
Yigʻilishda Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kengashi raisi Ulugʻbek Jalmenov xotin-qizlarning muammolari, ehtiyojlari va qiziqishlari sektorlar ishchi guruhlari, fuqarolar yigʻinlari xodimlari, xotin-qizlar faollari barcha yoʻnalishdagi muammolarni uyma-uy yurish orqali oʻrganib chiqishi lozimligini taʼkidladi.
Shuningdek, Oila va xotin-qizlar boʻlimi, sektorlar rahbarlari hamda mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash boʻlimi bilan birgalikda muammolarning haqqoniyligi oʻrganilishi, oʻrganish jarayoni nihoyasida “Ayollar daftari”ga kiritilishi lozim boʻlgan xotin-qizlar roʻyxati Xalq deputatlari tuman Kengashiga taqdim etilishi zarurligi aytib oʻtildi.
Undan tashqari yigʻilishda xotin-qizlarga beriladigan turli imtiyozlar xususida ham soʻz yuritildi. Jumladan, tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun xotin-qizlarga 33 mln soʻmgacha 14 foizlik kreditlar ajratiladi. Bunda oilaviy tadbirkorlik yoʻnalishi boʻyicha 3 oydan 6 oygacha imtiyozli davr bilan 3-yil muddatga, chorvachilik, baliqchilik, parrandachilik uchun 1-yilgacha imtiyozli davr bilan 3-yil muddatga hamda bogʻdorchilik, uzumchilik va limonchilik uchun 3-yilgacha imtiyozli davr bilan 7-yil muddatga kreditlar ajratiladi.
Yigʻilishda ayollar bandligini taʼminlash asosiy vazifalardan biri ekanligi taʼkidlandi. Aytib oʻtilganidek, ayollarning hammasi ham tikuvchilik, pazandachilik kabi kasblarni egallay olmaydi. Qishloq xoʻjaligi sohasida yaratib berilayotgan imkoniyatlar asosida oʻz tomorqasida issiqxona qurib, poliz mahsulotlarini yetishtirayogan ayollar ham yuqori daromad manbaiga ega boʻlishi mumkin.
Yigʻilishda “Ayollar daftari”ni yuritishga oid boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi va muhokama qilindi.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶