NARGIZAXON - XOLIMBEGLIK AYoLLARNING YaQIN KOʻMAKChISI
Yurtimizda aholi muammolarini “xonadonbay” oʻrganish, ularni hal etishga koʻmaklashish, “Ayollar daftari” tizimi samaradorligini oshirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ish bilan taʼminlash hamda ehtiyojmand oilalarga moddiy va begʻaraz yordamlar koʻrsatilishini taʼminlash, jamiyatda ayollar oʻrni va mavqeini oshirish kabilarga ovul va mahallalardagi xotin-qizlar faollari munosib hissa qoʻshib kelishmoqda.
Amudaryo tumanida ham ushbu tizimning samarasi har bir oilada, har bir ayol taqdirida yaqqol aks etmoqda.
Ushbu lavozimda oʻtgan yilning may oyidan ishlay boshlagan Xolimbeg ovul fuqarolar yigʻinining xotin-qizlar faoli Nargiza Ahmedova ham hududdagi oilalar va ayollarning nafaqat bugungi muammolarini hal etish, balki ertangi tashvishlarini kamaytirishga harakat qilib, oʻzining fidoyiligini koʻrsatmoqda. U oʻz ish faoliyati dvamida ovuldagi har bir ayol-qizning muammosini oʻz muammosidek koʻrib, dardiga yelka tutishga harakat qilib kelmoqda.
Toshkent shahridagi Nizomiy nomli pedagogika universitetining kasbiy taʼlim yoʻnalishini tugatgan Nargizaxon dastlab 73-sonli maktab oʻqituvchisi, soʻngra “Doʻrman” qishloq hoʻjalik kasb-hunar kollejida maxsus fan oʻqituvchisi, 48-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotida psixolog, 17-sonli maktabda ijodiy-madaniy masalalalar boʻyicha targʻibotchi lavozimlarida ishlab, tajriba orttirgani sababli, xolimbeglik ayol-qizlarning dard-u tashvishlarini oʻziga xos tarzda, yaqindan oʻrganib hal etilishiga koʻmaklashmoqda va ularning koʻmakchisiga aylanmoqda.
Xolimbeg ovulida 1292 ta xonadon boʻlib, 7132 kishi istiqomat qiladi. Shundan 3500 nafarini ayol-qizlar tashkil etadi. Oʻtgan 2022-yilda “Ayollar daftariga” 123 nafar ayol-qiz 6 ta toifa boʻyicha kiritilgan. Shulardan 59 nafari ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar 1-toifaga olinib, turli yoʻnalishlar boʻyicha bandligi taʼminlandi.
Bundan tashqari, aholining bandligini taʼminlash va tadbirkorlikka yoʻnaltirish orqali fuqarolar yigʻini raisi boshchiligida, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi bilan hamkorlikda ish olib borilib, 80 nafarga yaqin ayol-qizlarning bandligini taʼminlash maqsadida har xil turdagi kreditlar ajratilishiga koʻmaklashildi.
Ovuldagi 35 nafardan ortiq ayol-qizlar 10-yil muddatga berilgan tomorqa yerlariga ega boʻlishdi. Shuningdek, 4 nafar ayol-qizga subsidiyaga tikuv mashinasi olib berildi, 1 nafar ayolga kichik issiqxona tashkil etishida koʻmaklashildi. Hududdagi “Ayollar daftari”ga kirgan kam taʼminlangan oilalarda yashovchi 3 nafar qizga oliy taʼlim muassasalarida oʻqishlari uchun kontrakt pullarining 30 foizi toʻlab berildi.
Hozirgi kunda avval ishsiz boʻlgan shu ovulda yashovchi Nasiba Sobirovaga bankdan kredit olib, tikuv mashinalari olishiga koʻmaklashilgani natijasida u tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyib, 2 nafar ishsiz ayol-qizni ish bilan taʼminlashga erishdi. U ovuldagi ayol va erkaklarga mavsumiy kiyim-kechaklar tikishni, doʻkon ochib, sotishni yoʻlga qoʻygan. Shu bilan birga yana 15 nafarga yaqin shogirdlar tayyorlamoqda.
Kelinlari ishsiz boʻlgan Feruza opa Yoʻldoshevaga ham kredit mablagʻlari olishiga, tomorqasida issiqxona tashkil etishiga yordam berildi. Ish bilan band boʻlgan xonadon egalari issiqxonada ismaloq, barra koʻk piyozlar yetishtirib, shu kunlarda bozorga olib chiqishmoqda. Koʻkatlarning oʻrniga oʻstirib qoʻyilgan bodring koʻchatlarini ekib, ulardan ham daromad olishni moʻljallashmoqda.
Xotin-qizlar faoli Nargiza Ahmedova ovulda qadimdan davom etib kelayotgan milliy udumlar, umrboqiy anʼanalarni yoshlar ongiga singdirish, ularga hurmat ruhida ulgʻaytirish kabi maqsadlardagi tadbirlar ham tashkil etilishiga bosh-qosh boʻladi. Ana shunday tadbirlardan biri boʻlgan koʻklamiy taom – sumalak qaynatish marosimi ovuldagi faol ayollardan biri Feruza opa Ollayorova xonadonida oʻtkazilganida unga ovuldagi yoshu-qari tashrif buyurdi. Ovulda yaxshi bir anʼana bor: kimning xonadoniga yangi kelin tushsa shu xonadonda sumalak qaynatiladi, uyga kelgan yoshu-qariga “kelinsalom” beriladi. Shu kuni sumalak qaynatish bilan birga ana shunday “kelinsalom” va boshqa qadimiy urf-odatlar bajarilib, barchaga xushkayfiyat ulashildi.
Nargizaxon hududdagi ayol-qizlarning asosiy muammolaridan biri boʻlgan ularning salomatligini mustahkamlash, turli kasalliklar va salbiy oqibatlarning oldini olish maqsadida ovuldagi 71-oilaviy poliklinika bilan hamkorlikdagi tibbiy koʻriklarni ham yoʻlga qoʻydi. Oʻtgan davr mobaynida 1500 ortiq 30 yoshdan oshgan ayol-qizlar tibbiy koʻriklardan oʻtkazildi va natijalarga koʻra ehiyojmand oilalarda yashovchi ayollarga bepul dori-darmonlar yetkazib berilmoqda. Xotin-qizlar faoli hududdagi 3 ta maktab bilan ham muntazam ravishda hamkorlikda ish olib boradi. Shuningdek, mahalladagi nuroniy otaxon va onaxonlar, bemorlar yotganlarning holidan xabar olishni ham kanda qilmaydi.
Ovul ayol-qizlarining hayotini yanada yaxshilash borasidagi rejalarni risoladagidek bajarishga harakat qilib kelayotgan Nargizaxon kabi faollar har birining oʻzining yolgʻiz emasligi, eldoshlar mehri va davlatimiz gʻamxoʻrligini his qilgan holda baxtli yashashiga koʻmaklashadi, har birining hayotiga nur olib kiradi. Taqdir sinovlaridan oʻtib kelayotgan, tashvishlarga koʻmilgan ayollarning ertangi kuni yaxshi boʻlishiga umid uygʻotadi.
Ozoda Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶