AHMAD NAFAS – EL SEVGAN IJODKOR
Ijodkor insonning qalbi his-tuygʻularga toʻla boʻladi. Qanday yoshda boʻlmasin, koʻnglida begʻuborlik, dilida joʻshqinlik, yuragida otashin muhabbat mavj uradi, hayotga, uning goʻzalliklariga mehri va zavqi oshadi. Gupirayotgan hayajonlari, ajib tuygʻularini nazmga yoki nasrga aylantirib, boshqalarning ham qalbiga yetib boradigan, oʻrnashadigan tarzda ifodalaydi.
Ana shunday xislatlarga ega boʻlgan sermahsul ijodkor, amudaryolik shoir Ahmad Nafasni Qoraqalpogʻistondagina emas, balki qoʻshni Xorazm viloyatida ham yaxshi tanishadi. Uning qalamiga mansub davriy matbuotda chop etilgan koʻplab sheʼrlari sheʼriyat shinavandalarining mehrini qozondi. Taniqli salomchi Tursunboy Abdullayev toʻgʻrisidagi “Salomchi – mening unvonim” nomli ilk kitobi, keyingi “Keldim dovonlar oshib” nomli sheʼr-u gʻazallar, xotiralar va hangomalardan iborat toʻplami esa kitobxonlar javonining toʻridan joy oldi. Ahmad Nafas ushbu ijod mahsullari bilan keng qamrovli ijodkor sifatida elga yanada yaqinroq tanildi, har bir ijod namunasi muxlislarining koʻngil mulkiga aylandi.
Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, xorazmlik shoir Oshiq Erkin Madrahimov eʼtirof etganidek, uning sheʼrlaridagi his-hayajonlar qalblarga koʻchadi, yurt ravnaqidan gʻurur tuygʻulari har kimni toʻlqinlantiradi, gʻazallari, muxammaslari, mustahzod va masnaviylarida qoʻllanilgan tashbehlardan esa ijodkorning bilimli va mahoratli ekanligini anglash mumkin. Oʻzi tugʻilgan qishlogʻi haqidagi, biri-biridan ajoyib “Qizilcholi hangomalari”da ham uning qalbida kechayotgan bolalikni qoʻmsash, salbiy illatlarga isyonkorlik, asl qadriyatlarga hurmat tuygʻulari, samimiylikni qadrlashi yaqqol koʻrinadi.
Ahmadjon Nafasov 1954-yilda Amudaryo tumanidagi Qizilcholi qishlogʻida tavallud topgan. Otasi Nafas Jamgʻurov oʻqituvchi boʻlgani uchun uni bolalikdan kitob oʻqishga, ilmga qiziqtirdi. Koʻproq sheʼr va hikoyalar, keyinroq katta asarlar oʻqishga qiziqib, adabiyotga mehr qoʻydi.
Maktabni tugatganidan soʻng, 1971-72-yillarda “Oʻzbekiston” xoʻjaligida ishchi boʻlib ishladi. 1973-75-yillarda esa armiya safida xizmat qildi. Nihoyat 1975-yilda eng katta orzusiga erishib, Toshkent davlat universiteti, hozirgi Milliy universtitetning filologiya fakulteti talabasi boʻldi.
U talabalik yillarida mashhur oʻzbek mumtoz va chet el adiblarining katta-katta asarlarini oʻqidi, sheʼriyatni sevdi, oʻzi ham ijodga qoʻl ura boshladi. Dunyoqarashi kengayib, tafakkuri boyigan Ahmadjon Nafasov oʻqishni tugatganidan soʻng, ovulidagi 9-sonli maktabga oʻqituvchi boʻlib ishga joylashdi va bolalarni ham adabiyot olamiga olib kira boshladi. U oʻzi bilan hammaslak adabiyot oʻqituvchisi Tursunboy Abdullayevdan koʻp tajriba oʻrgandi. U tufayli sanʼatga ham qiziqishi ortdi, katta davralarda elga taniqli sanʼatkorlar bilan uchrashib, ular bilan hamsuhbat boʻlib, maʼanaviy dunyosini yanada boyitdi.
Maktabdagi faoliyati davomida koʻplab yoshlarning adabiyotga, kitobxonlikka boʻlgan qizqishlarini oshirdi. Uning koʻplab shogirdlari ayni paytda jamiyatga nafi tegadigan insonlar boʻlib yetishib, turli sohalarda xizmat qilishmoqda. Ushbu xizmatlari uchun “Oʻzbekiston Xalq maorifi aʼlochisi” va “Oʻzbekiston mustaqilligining 25-yilligi” koʻkrak nishonlari bilan taqdirlandi.
Taʼlim sohasida samarali faoliyat koʻrsatgan Ahmadjon Nafasov 2009-yilda pensiyaga chiqdi. Ammo u bilan shu toʻxtab qolmasdan oʻzini ijodga bagʻishladi. Turli mavzularda biri-biridan maʼnoli sheʼrlar yozdi, gʻazallar yaratdi, sanʼatkorlar hayotiga oid turkum publitsistikalar ustida ishladi. Matbuotda chop etilgan sheʼrlarini sanʼatkorlar kuyga solib, qoʻshiq qilib kuyladi. Hangomalari ogʻizdan-ogʻizga, eldan-elga koʻchdi. Ayniqsa, “Ilon va egov”, “Tulki va maymun”, “Oʻtinchi va ajal”, “Uloqcha va boʻri” kabi masal tarzidagi sheʼrlaridagi nasihatomuz fikrlari elga juda manzur boʻldi. “Mustaqillik qasidasi”, “Istiqlol madhiyasi” sheʼrlari esa xonandalar ijrosida qoʻshiq boʻlib har bir xonadonga kirib bordi.
Ijodga boʻlgan qiziqish uni shu paytlarda ish boshlaganiga hali koʻp boʻlmagan, tumandagi Amudaryo telekanaliga boshlab keldi. Oʻzining muallifligida “Nazm va navo” koʻrsatuvini tashkil etib, mumtoz yoʻnalishdagi sanʼatkorlarni, ular ijrosidagi milliy mumtoz qoʻshiqlarni efirga olib chiqa boshladi. Koʻplab muxlislarga ega boʻlgan ushbu koʻrsatuv davomida kuyga solingan gʻazallarni sharhlashga, tomoshabinlarga mazmun-mohiyatini yetkazib berishga harakat qildi. U tahririyatga yosh ijodkorlarning ijod namunalarini ham olib kelar, ularni qoʻllab-quvvatlar, yana ijod qilishga undar edi.
Shunday kunlarning birida “Taraqqiyot koʻzgusi” gazetasi tahririyati qoshida yosh ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Jayhun ilhomlari” Nodavlat notijorat tashkiloti tashkil etildi va unga raislik qilish Ahmadjon akaga topshirildi. U 2015-yildan ushbu yangi tashkilot raisi boʻlib ishlay boshladi va qisqa davrdagi faoliyati davomida yangi-yangi ijodkorlarni kashf qildi. Yoshlarning ijod namunalarini toʻplam shaklida chop etilishiga, mualliflik kitoblarini nashrga tayyorlashga koʻmaklashdi. Shu yillar ichida oʻnlab yosh ijodkorlarning mualliflik kitoblari nashrga tayyorlanishiga yordam berdi. Tahririyat ijodiy xodimlari bilan hamfikr, maslakdosh boʻlgan holda kitobxonlik, sheʼriyat kechalari, taniqli shoir va yozuvchilar bilan uchrashuvlar tashkil etib, yoshlarning maʼnaviy dunyosini, tafakkurini boyitishga hissa qoʻshdi.
Ahmadjon aka umr yoʻldoshi Poshsha opa bilan 3 oʻgʻil, 2 qizni odobli, hunarli, oʻzlariga munosib farzandlar qilib voyaga yetkazishdi. Hozirgi kunda oʻgʻillari tadbirkor, fermer xoʻjalik ishchisi boʻlib, oilasiga ham, jamiyatga ham, eliga ham naf keltirishmoqda. Qizlar esa namunali oilalarning qoʻli gul bekalari, oʻz roʻzgʻorlarining kamu-koʻstini toʻldirishda yaqin yordamchi boʻlib, farzandlar tarbiya qilishmoqda.
Elda taniqli shoir, ijodkor Ahmadjon Nafasov hozirgi kunda ham 2-sonli maktabda ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi vazifasida ishlab, yoshlarning iqtidorlarini rivojlantirish, yuzaga chiqarishga koʻmaklashish borasidagi ishlarga hissa qoʻshib kelmoqda. Maktabda “Yosh ijodkorlar” toʻgaragini tashkil etib, unga maktabdagi turli yoshda boʻlgan ijodga qiziquvchi yoshlarni jamlagan. Mashgʻulotlar davomida yosh ijodkorlarga adabiyot, turli davrlardagi adiblar hayoti va ijodi, sheʼr yozishdagi oʻlchovlar haqida tushunchalar beradi. Kitobxonlikka daʼvat etib, mahoratli shoir va yozuvchilarning sara asarlari haqida soʻzlab beradi, asarlardan parchalarni birgalikda oʻqiydi. Ijodiy mashqlarini tekshirib, kamchiliklarini tuzatishga oʻrgatadi, ularni yanada koʻproq, turli mavzularda sheʼr va hikoyalar yozishga ragʻbatlantirib boradi.
Hayotining mazmunini ijod deb bilgan bu insonni haqiqiy maʼnaviyat targʻibotchisi deyish mumkin. Uning maʼnaviy dunyosidan nafaqat yoshlar, balki butun el bahra olib kelmoqda. Zero, mana shunday ziyokorlar bor ekan, maʼnan boy, teran fikrli, yetuk va komil insonlar ulgʻayib, yurtni nurafshon kelajak sari boshlaydi.
Ozoda Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶