YoShLAR BILAN IShLAShDA JORIY ETILAYoTGAN YaNGI TIZIMGA ASOSAN YIGʻILISh OʻTKAZILDI
Joriy yilning 11-aprel kuni Prezidentimiz raisligida yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish hamda ular bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtgan edi. Yigʻilishda dastlab mamlakatimizda yoshlar bilan ishlash boʻyicha mutlaqo yangi tizim joriy etilayotgani haqida maʼlumot berildi. 14 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yoshlarning ijtimoiy ahvoli, qobiliyati va qiziqishlari oʻrganilib, ular 3 toifaga ajratildi. Endilikda ular bilan manzilli, aniq mezonlar asosida ishlanishi taʼkidlandi. Yaxshi oʻqiyotgan, tadbirkorligini yoʻlga qoʻygan, rasmiy sektorda ishlaydigan, qobiliyati bor, ijtimoiy faol boʻlgan 4,4 million nafar yoshlar “yaxshi” toifaga, turmush taqozosi bilan rasmiy sektordan ish topa olmagan, lekin iqtisodiy faol 4,6 million nafar yoshlar “oʻrta” toifaga, davlatning gʻamxoʻrligi va eʼtiborini kutayotgan hamda koʻmakka muhtoj 396 ming nafar yoshlar “ahvoli ogʻir” toifaga alohida ajratib olindi.
Shuningdek, har bir vazir, vazir oʻrinbosarlari, viloyat, tuman va shahar hokimlari, oʻrinbosarlari, sektor rahbarlari, oliygoh rektorlari, Milliy gvardiya va harbiy qism komandirlariga uchinchi toifadagi 50 nafardan eʼtiborga muhtoj yoshlar nomma-nom biriktirilishi belgilangan.
Ushbu topshiriqqa asosan Amudaryo tumani hokimining 1-oʻrinbosari Rashid Salayevga mahallalardan jami 59 nafar eʼtiborga muhtoj yoshlar biriktirilgan edi. Ushbu yoshlarning 28 nafari bilan joriy yilning 26-aprel kuni Rashid Salayev Xitoy ovul fuqarolar yigʻini binosida uchrashib, ularning muammo va takliflarini oʻrgandi.
Uchrashuvda Xitoy ovul fuqarolar yigʻini masʼullari, Yoshlar ishlari agentligi tuman boʻlimi xodimlari ishtirok etdilar. Samimiy muloqot avvalida mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlari muhofazasiga yuksak eʼtibor qaratilib, yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish borasidagi huquqiy-normativ baza izchil takomillashtirilib borilayotganligi xususida atroflicha soʻz yuritildi.
Uchrashuvda hokim oʻrinbosari endilikda yoshlar bilan ishlash tizimi tubdan oʻzgarishi, “Yoshlar daftari” bilan ishlashda yoshlarni animator, dizayner, logistika operatori, gid kabi zamonaviy kasblarga oʻqitishga alohida eʼtibor qaratilishini taʼkidladi. Shuningdek, bu tizim bilan maktablarning 10-11-sinf oʻquvchilari ham qamrab olinishini aytib oʻtdi. Qolaversa, “Yoshlar daftari” jamgʻarmalari mablagʻining kamida 40 foizi aynan ishsiz yoshlarni kasb-hunarga oʻqitishga yoʻnaltirilishi, yoshlar oʻrtasida kasb-hunar olimpiadalari oʻtkazilib, iqtidorli yoshlar aniqlangan holda ularning tadbirkorlik qilishlari uchun barcha sharoitlar yaratib berilishini batafsil tushuntirdi.
Uchrashuvda yoshlar tomonidan turli mazmundagi taklif va murojaatlar kelib tushdi. Murojaatlarni Rashid Salayev shaxsan oʻzi qayd etib bordi va tez orada ijobiy hal etish choralari koʻrilishini maʼlum qildi. Uchrashuvda faol yoshlar soʻzga chiqib, mamlakatimizda, xususan, tumanimizda ham yoshlar hayotiga oid muammoli masalalar doimiy nazoratga olinib, ijobiy yechim topayotganidan mamnun ekanliklarini bildirdilar.
Yoshlar bilan ishlash boʻyicha joriy etilayotgan yangi tizim tumanimizdagi eʼtiborga muhtoj yoshlarning hayotida ijobiy oʻzgarishlar yasaydi, albatta.
Sardor Quraboyev, Yoshlar ishlari Agentligi tuman boʻlimi xodimi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶