BOʻSh ISh OʻRINLARI YaRMARKASI OʻTKAZILDI
Har bir insonning hayotda oʻziga munosib va iqtidori, qiziqishlariga mos keladigan kasbni tanlashi juda muhim. Chunki kelgusida inson egallagan kasbidagi faoliyati tufayli hayotda oʻz oʻrinni topadi, daromad topib oilasini boqadi.
Shunisi borki, koʻpchilik yoshlar umumiy oʻrta taʼlim maktablarini bitirib, mustaqil hayotga qadam qoʻygan chogʻida ham maʼlum bir sohaga mehr qoʻymaydi, kasblar xususida yetarli bilimlarga ega boʻlmaydi. Ayrim bitiruvchilar esa oliygohlarga hujjat topshirishda talabgorlar kamroq yoʻnalishlarni tanlaydi va buni talaba boʻlish uchun oʻziga imkoniyatday tushunadi. Aslida maqsad talaba boʻlishdan iborat emas, balki, har kim oʻz iqtidoriga koʻra mutaxassislikni puxta egallab va olgan bilimlari tufayli namunali faoliyat yuritishidir. Turli sohalarda fidoyi mehnat qilish tufayli hurmat va sharafga erishgan odamlar koʻp atrofimizda. Kasb nafaqat daromad topib, oila boqish, balki inson umrining asosiy qismi sarflanadigan faoliyat hamdir.
Hayotda biron mutaxassislikni, kasbni puxta egallamagan yo egallagan kasbiga doir munosib ish topolmayotgan vaqtincha ishsiz fuqarolar ham bor. Ana shunday toifaga kiruvchi hamda aliment qarzdorligi mavjud fuqarolarni ish bilan taʼminlashga va daromad topishlariga sharoit yaratishga ulkan eʼtibor qaratilmoqda.
30-may kuni Majburiy ijro byurosining Amudaryo tuman boʻlimi tomonidan boʻlim ish yurituvidagi aliment qarzlarini undirish, ishsiz aliment toʻlovchi fuqarolarning hamda aholining ishga yaroqli, ish bilan band boʻlmagan qatlamining bandligini taʼminlash maqsadida “Boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi” tashkil etildi.
Tuman hokimligi, prokuratura, Majburiy ijro byurosi tuman boʻlimi, Kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligiga koʻmaklashish boʻlimi hamkorligida oʻtkazilgan ushbu tadbirda tumanda faoliyat yuritayotgan 94 ta korxona va tashkilotlar 777 ta boʻsh ish oʻrinlari bilan qatnashdilar.
Yarmarkada ishtirok etgan fuqarolar yarmarkada mazkur ish oʻrinlari bilan yaqindan tanishdilar va korxona, tashkilotlarda ishga taklif etilayotgan vakant oʻrinlarda ishga kirganlarga qanday sharoitlar yaratilishiga ham qiziqdilar.
Yarmarka davomida 25 nafar ish bilan band boʻlmagan, faol ish qidirayotgan fuqarolar ishga joylashdilar. 10 nafar fuqaroga maslahat berildi, 6 nafar fuqaro haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi, 9 nafar fuqaro esa kasbga oʻqitishga yoʻnaltirildi.
Ishga joylashganlarning 6 nafari ishsiz aliment toʻlovchi fuqarolar, 10 nafari yoshlar, 6 nafari ayollar, 3 nafari taʼlimning turli bosqichlari bitiruvchilaridir.
Bandlik – oila iqtisodini taʼminlovchi doimiy daromad manbai ekanligi barchaga ayon. Shu maʼnoda olib qaraydigan boʻlsak, oʻtkazilgan tadbirda 25 nafar fuqaroning bandligi taʼminlangani ahamiyatini yaqqol his qilish mumkin.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶