“YoShLAR OYLIGI” DOIRASIDA OʻTKAZILAYoTGAN TADBIRLAR YoShLAR FAOLLIGINI OShIRMOQDA
Mamlakatimizda nishonlanadigan qutlugʻ kunlar, muhim sanalar koʻp. Har birining oʻz maʼno-mohiyati bor. 30-iyun – Yoshlar kuni katta tantanalar bilan nishonlanishi, iyun oyining Yoshlar oyligi, deya eʼlon qilinishi ham bejiz emas. Chunki yoshlar ota-onasininggina emas, Vatanimizning kelajagi, jamiyatning hal qiluvchi kuchidir.
Yangi Oʻzbekistonning yorugʻ va farovon istiqbolini yaratuvchi yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashi, koʻnglida el-yurt taqdiriga daxldorlik tuygʻusini shakllantirish, bugungi kunda hayotning oʻzi oldimizga qoʻyayotgan dolzarb vazifalarni ado etishga qodir qilib voyaga yetkazishda ovul, mahalla, shaharchalarda faoliyat yuritayotgan yoshlar yetakchilarning munosib hissasi bor.
Tumanimizning Bosuv mahallasi yoshlar yetakchisi Nigora Bozorboyeva oʻz faoliyatida hududdagi 14-30 yoshdagi 931 nafar yoshlarning maʼnaviyatli, maʼrifatli, faol va kelajak sari dadil, intiluvchan boʻlishi uchun sidqidildan intiladi. Yil boshida har birining oilasida yigʻin masʼullari bilan hamkorlikda boʻlib, toʻliq xatlovdan oʻtkazdi. 5 ta toifa - bandligi, maʼlumoti, oilaviy, ijtimoiy va salomatligi holatlari asosida “Yoshlar balansi” shakllantirildi. Yakunlariga koʻra ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar “Yoshlar daftari”ga qamrab olindi va koʻmak berildi. Xususan, 23 nafariga oʻz tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun kredit ajratildi, 24 nafariga ijraga yer berildi, 5 nafari kasb-hunar bilan shugʻullanishlari uchun asbob-uskuna bilan taʼminlandi, 10 nafarining oliygohlarda oʻqish kontrakt pullari toʻlab berildi, 3 nafarining haydovchilik kurslarida oʻqish badali toʻlandi.
Buningdek saʼy-harakatlar izsiz ketmayapti. Imtiyozli kredit hisobiga Rayhon Xolboyeva mahalla fuqarolar yigʻini binosida “Goʻzallik saloni” faoliyatini yoʻlga qoʻydi. Manzura Jumaboyevaga subsidiya asosida tikuv mashinasi berilgan edi. Hozirgi kunda u chevarlik bilan shugʻullanishdan tashqari, hudud qizlariga oʻz kasbi sirlarini oʻrgatmoqda.
Mahalla yoshlari iyun – Yoshlar oyligini ham koʻtarinki tusda koʻngilli nishonlamoqda.
Oylik doirasida “Yangi Oʻzbekiston – yoshlar mamlakati” shiori ostida oʻtkazilishi belgilangan tadbirlar “Salomatlik uchun 500 qadam” sport sogʻlomlashtirish aktsiyasi bilan boshlandi. Oylik doirasida yoshlarning maʼnaviyatini yuksaltirish maqsadida kitobxonlikni keng targʻib etuvchi, yuksak adob-axloqni shakllantirishga xizmat qiluvchi davra suhbatlari oʻtkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, har xil sport oʻyinlari ,musobaqalar, viktorinalar, “Zakovat” intillektual oʻyinlarini oʻktazish belgilangan.
“Yoshlarning boʻsh vaqti – yetakchiing ish vaqti” tamoyilini oʻz faoliyatiga dasturulamal qilib olgan yoshlar yetakchisi Nigora Bozorboyevani goh hududdagi 26-sonli maktabda, goh ishlab chiqarish oʻrinlarida, goh yoshlar bilan yakkama yakka suhbatlashish uchun xonadonma xonadon yurganida uchratish mumkin.
Qay manzilda uchratsangiz ham uning aniq maqsad va puxta rejasi borligiga guvoh boʻlasiz.
Mamlakatimizda yoshlar bilan ishlashishda yangicha yondashuvlar joriy etilib, yoshlar yetakchilariga bu borada oʻta masʼuliyatli vazifalar yuklangan. Bosuv mahalla yoshlar yetakchisi Nigora Bozorboyeva oʻz faoliyatini shu kunning talablari doirasida tashkil etmoqda. Yoshlar oyligi doirasida oʻtkazilayotgan tadbirlar mahalla yoshlariga koʻtarinki ruh bagʻishlab, faolligini oshirmoqda.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶