KORRUPTsIYaGA QARShI KURASh SAMARADORLIGINI OShIRIShGA BAGʻIShLANGAN YIGʻILISh BOʻLIB OʻTDI
Korruptsiya – taraqqiyot kushandasi ekanligi, barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar surʼatiga salbiy taʼsir koʻrsatishi barchaga ayon.
Tobora teran ildiz otayotgan ushbu illatga qarshi kurash samaradorligini oshirish maqsadida davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasida korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi. Mazkur hujjat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Korruptsiyaga qarshi kurashish Agentligi tashkil etildi va faoliyat olib borayapti. Qonuniylik, xolislik, ochiqlik va shaffoflik printsiplari asosida mustaqil ravishda faoliyat yurituvchi Agentlik barcha davlat organlari, tashkilotlarda korruptsiya holatini tizimli tahlil etish, korruptsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va sharoitlarini aniqlash, korruptsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini yuritadi. Shuningdek, ushbu salbiy illatga qarshi mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar korxona, tashkilotlarda ham murosasiz kurash olib borilishi kechiktirib boʻlmaydigan vazifadir.
Yaqinda Amudaryo tumani Soliq qoʻmitasida ham korruptsiyaga qarshi kurash samaradorligiga erishishga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Soliq boshqarmasi Shaxsiy xavfsizlik boʻlimi xodimi Elyor Yeshnazarov, tuman prokurorining katta yordamchisi Sharyar Joldasov, Ichki ishlar boʻlimi xodimi Ilhom Abutov, tuman bosh imomi Abdurahmon Matsafoyev, davlat soliq qoʻmitasi xodimlari ishtirok etdilar.
Korruptsiyaga qarshi kurashish borasida “Biz bir jamoa – korruptsiyaga qarshimiz!” mavzusida oʻtkazilgan yigʻilishni tuman Soliq qoʻmitasi boshligʻi Aydos Seitov ochdi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi soliq xizmati organlarida korruptsiyaga qarshi kurash borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar borasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Shaxsiy xavfsizlik boʻlimi xodimi Elyor Yeshnazarov maʼruza qildi. Taʼkidlanishicha, soliq xizmati organlarida xodimlarga munosib ish sharoiti yaratilganligiga, yaxshi maosh tayinlanganligiga qaramasdan, ayrim xodimlar oʻz shaxsiy manfaati yoʻlida korruptsiyaga yoʻl qoʻyayotgan va soliq xizmati xodimi degan sharafli nomga dogʻ tushirayotgan holatlar ham uchrayotir.
Maʼruzachi oʻz soʻzi oxirida tuman Soliq qoʻmitasi xodimlarini oʻz xizmat lavozimini sidqidildan bajarishga, xizmat vaqtida odob-axloq qoidalariga amal qilishga, rahbariyatning qonuniy topshiriqlarini vijdonan ado etishga, Davlat fuqarolik xizmatchisi ekanligini unutmaslikka va faoliyatini “Halollik vaktsinasi” tamoyili asosida olib borishga daʼvat etdi.
Yigʻilishda tuman Ichki ishlar boʻlimi xodimi Ilhom Abutov, tuman bosh imomi Abdurahmon Matsafoyev ham yigʻilish kun tartibidagi mavzu yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar va barchani korruptsiyaga qarshi hamjihatlikda kurashishga chaqirdilar. Boisi, bu illat har qanday davlat, jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazib, inson huquq va erkinliklarining poymol boʻlishiga olib keladi.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶